COVID-19 kasalligining eng erta paydo bo‘luvchi belgisi ma’lum qilindi
Ispan olimlari tadqiqotlariga ko‘ra, koronavirus yuqqanligining eng erta paydo bo‘luvchi belgisi bu og‘iz bo‘shlig‘i shilliq qavatida paydo bo‘luvchi toshma — enantema hisoblanadi. Olimlar bu haqda JAMA Dermatology ilmiy jurnalida e’lon qilganlar. 40 yoshdan 69 yoshgacha bo‘lgan bemorlar orasida o‘tkazilgan tadqiqotlar bemorlarning 29 foizida og‘iz bo‘shlig‘ida toshma paydo bo‘lganini ko‘rsatgan. E’tiborli jihati bu belgi qolgan simptomlar(tana harorati ko‘tarilishi, bo‘g‘ilish, ta’m, hid bilmaslik va boshqalar)dan ko‘ra o‘rtacha ikki kun oldin paydo bo‘lgan. Ayni paytda olimlar bu simptomning dunyo bo‘ylab qanchalik ko‘p kuzatilayotgani bo‘yicha aniq gap ayta olmaydilar, buning uchun yangi izlanishlar o‘tkazilishi lozimligi bildirilgan. Bundan oldinroq Rossiya sog‘liqni saqlash vazirligi ham koronavirusga chalinganlikning ilk belgisi teridagi o‘zgarishlar bo‘lishi mumkinligini bildirgandi.