Bugun chapaqaylar va o‘naqaylarning ijodiy qobiliyati farqlanadimi-yo‘qmi, shunga aniqlik kiritamiz.
Da’vo: Chapaqaylar ijodiy topshiriqlarni bajarishni o‘naqaylarga qaraganda yaxshiroq uddalashadi.
Hayot chapaqaylarga nisbatan adolatsiz: dunyo bo‘yicha ular o‘naqaylarga nisbatan 9 marotaba kam. Shu bois chapaqaylar azaldan turtkilashlarga uchrab kelishgan: Osiyoda ham, Yevropa davlatlarida ham ularni zo‘rlov bilan qayta o‘qitishgan, chunki chap qo‘l baxtsizlik timsoli hisoblangan. Aksariyat anjomlar o‘naqaylarga mo‘ljallangan, dunyoning turli tillarida “chap” so‘zi mudom zaiflik va g‘ayrioddiylik bilan bog‘lab kelingan.
Ammo keyingi 30-40 yil mobaynida chapaqaylarga munosabat o‘zgardi: ko‘pgina rivojlangan yurtlarda ularni qayta tarbiyalamay qo‘yishdi. Chapaqaylarda ajoyib qobiliyatlarni kashf eta boshlashdi: go‘yoki ular bosh miyaning ikkala qismidan ham unumli foydalanashar emish.Chapaqaylar uchun maxsus saytlar ochilgan, hatto yilning bir kuni ham maxsus atalgan. Los-Anjelesdagi Kaliforniya universiteti professori, genetika, nevrologiya va psixiatriya bo‘yicha mutaxassis Deniel Geshvind esa ayrim kasblarda chapaqaylar ko‘proq uchrashiga e’tibor qaratdi. Alan Sirleman, ruhshunos:
“Chapaqaylarda o‘naqaylarga nisbatan fikrlash qobiliyati birmuncha rivojlangan va lug‘at boyligi ham ko‘p. Balki shuning uchun ijodiy kasb sohiblari – sozandalar, musavvirlar va shoir-yozuvchilar orasida chapaqaylar ko‘proq uchrar. Garchi ularda xotira biroz oqsa-da, ayrim vazifalarni o‘naqaylarga qaraganda ikki karra a’loroq bajarishadi”. Aslida:
Yangi taqiqotlardan ma’lum bo‘lishicha, na chapaqaylar, na o‘naqaylarda bosh miyadan foydalanishda katta ustunlik mavjud emas.
Look At Me mantiq va ijod uchun miyaning turli qismlari javob berishi haqidagi yanglish tasavvurlar haqida yozgan edi. Aynan shu adashuvdan kelib chiqib, ko‘pchilik chapaqaylarda ijodiy sohada afzallik borligi haqidagi to‘xtamga kelishadi. Undan tashqari, ba’zi eskirgan tadqiqotlarda chapaqaylikka irsiy meros emas, homiladorlikdagi og‘ir holatlar ham sabab bo‘lishi hisobga olinmaydi.
Garvard instituti iqtisodchisi Josh Gudman chapaqaylar va o‘naqaylar solishtirib ko‘rilgan eng ko‘lamli izlanishlardan birini o‘tkazdi. Gudmanning ta’kidlashicha, oldingi tadqiqotlar ishonchsiz yoki bir taraflama manbalarga tayanilgani, shuningdek, insonlar nima uchun chapaqay bo‘lib qolganligiga e’tibor berilmagani kabi qusurlardan xoli emas. Umuman olganda, chapaqaylar orasida o‘naqaylarga nisbatan oliy ma’lumotlilar 2,5 foizga oz, topayotgan daromadlari ham 6 foiz kam. Yana ular ijodiy salohiyat borasida afzalliklarga ega emas va “ijodiy” deya atash urf bo‘lgan kasblarda ham kamroq ko‘rinishadi. Agar faqat irsiyat tufayli chapaqay bo‘lganlarni hisobga olinsa, natijalar butkul tenglashadi. Boshqacha qilib aytganda, insonning salohiyati, jumladan, ijodiy imkoniyatlari ham, chapaqay yoki o‘naqayligiga aslo bog‘liq emas. Josh Gudman, iqtisodchi:
“Homiladorlikdagi muammolar oqibatida chapaqay bo‘lib qolgan kishilar bunga irsiy sabablar bois chalinganlardan ko‘ra zaifroq ijodiy qobiliyatga ega bo‘lishadi”.