Britaniyadagi boylarning Harrods do‘konida £16 million ($20.7 mln) dollarga bozorlik qilgan Zamira Hojiyev Londondagi qimmatbaho uyidan ajralishi mumkin. Bu haqda BBC yozmoqda.
Britaniya tarixida birinchi marta boylikning kelib chiqishi shubhali bo‘lgani uchun o‘z egasidan tortib olinmoqda. Zamira Hojiyev o‘z uyini tortib olish haqidagi mahkama qaroriga qarshi shikoyat qilgandi. Biroq, u apellyatsion sudida yutqazgan.
Zamira Hojiyev endi Britaniyadagi ko‘p millionli uyini va qariyb 20 million dollarlik golf maydonchasini sotib olgan pullarini qonuniy yo‘lda topganini isbotlab berishi kerak. Agar u daromadini isbotlay olmasa, molk-mulki tortib olinadi.
Hojiyev kim?
Zamira Hojiyevning eri Ozarbayjon davlat bankida ishlagan va hozir qalloblik uchun qamalgan. Zamira Hojiyev hali Britaniyada biron jinoyatda ayblanmagan. Er-xotin boyliklarini noqonuniy yo‘lda topishganini rad etishmoqda.
Zamira Hojiyev o‘z eri Ozarbayjondagi nohaqlik qurboni bo‘lganini aytadi. Biroq so‘nggi mahkama qaroriga ko‘ra, u Britaniya Oliy Sudiga murojaat eta olmaydi.
Britaniyadagi mahkama uning davlat bankida ishlagan eri qonuniy yo‘lda bunchalik katta miqdorda boylik to‘plashiga ishonmagan. Mamlakat iqtisodiy jinoiyatlar markazi vakili Sara Pritchard ozarbayjonlik oila mulkiga oid so‘nggi qarorni "muhim natija" deb atagan.
"Mahkama qarori kelajakdagi shu kabi shubhali yo‘lda to‘plangan boyliklarni taftish qilishimizda qo‘l keladi", degan u.
Bu degani – korrupsiyaga botgan davlatlar boshqaruviga aloqador yoki boyligini qanday topgani shubhali bo‘lgan chet elliklarning mulklarini olib qo‘yish osonlashadi.
Gulnora Karimovaning uylari
Buyuk Britaniya matbuotiga ko‘ra, mamlakatda O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga tegishli Surreydagi uy va Londonning nufuzli maydonlarida umumiy qiymati 40 million funt (52 million dollar) bo‘lgan ikkita kvartira bor.
Qayd etilishicha, Surreyda Karimova 2010 yilda 18 million funtga (23,5 million dollar) Gorse Hill Manor mulkini sotib olgan. Bugungi kunda ushbu inshoot 30 million funt sterling (39 million dollar) turadi.
Qasr 1912 yilda qurilgan, uning hududida qayiqda sayr qilish uchun ko‘l va 70 ming kvadrat metr maydonga ega bog‘lar joylashgan. “O‘zbek malika” saroyi yonida nufuzli boylarning koshonalari, xususan Bruney sultonining mulki joylashgan.
Buyuk Britaniya poytaxtida Karimovaning ikkita uyi bor. Ularning biri Mayfair tumanida 8 million (10,4 million dollar) va Belgraviya viloyatida 2 million funt (2,6 million dollar)ga sotib olingan.
2018 yilning oktyabrida Britaniyaning katta miqdordagi firibgarlikka qarshi kurashish byurosi Gulnora Karimovaning korrupsion faoliyatidan topilgan pullar evaziga xarid qilingan uchta ob’ektni xatlash yuzasidan da’voni ilgari surgan edi. Biroq o‘shanda aynan qaysi ob’ektlar nazarda tutilganiga oydinlik kiritilmagan.
O‘tgan yili Fransiya rasmiylari Karimovaning Parijdagi kvartirasi, Sent-Trope hududidagi villa va Parij chetidagi qasrni otib pulini O‘zbekistonga qaytarishini ma’lum qilgandi.
Parijdagi kvartira allaqachon 14 million yevroga “kim oshdi” savdosiga qo‘yilgani ma’lum, bu xarid narxidan ikki baravar past.
2017 yil iyul oyida O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Karimovga qarshi ikkinchi jinoiy ishni qo‘zg‘atgan. Buyuk Britaniyada Karimovaning 4,2 million funt (5,5 million dollar) miqdoridagi naqd puli, shuningdek, umumiy qiymati 22,9 million funt (30 million dollar) bo‘lgan uylar, kvartiralari va villalari borligi aniqlangan. OAVdagi Britaniya aktivlari orasida faqat “Londonning Chesham ko‘chasidagi to‘rt qavatli binoning” nomi tilga olingan.
Ikki yil oldin, O‘zbekistonda Gulnora Karimovaga qarshi soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash va o‘g‘rilik bo‘yicha ikkita jinoiy ish ochilgan edi. Ushbu ikki holatda davlat va fuqarolarning manfaatlariga yetkazilgan zararning umumiy hajmi 1 trillion 270 milliard 200 million so‘m, 1 milliard 651,8 million AQSh dollari, 26,1 million yevro ekani aytilgan.
2015 yilda Karimova besh yilga, 2017 yilda 10 yilga qamalgan. 2018 yilda ikkinchi holatda qamoq muddati besh yil ozodlikni cheklash bilan almashtirildi.
2019 yil boshida Karimova Zangiota ayollar koloniyasiga “jazoni o‘tash tartibi va shartlarini qo‘pol ravishda buzganligi” uchun ko‘chirildi.
O‘tgan yilning dekabr oyida Karimova reydlar bilan shug‘ullangan uyushgan jinoiy guruh tuzishda ayblanib, yangi jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Bosh prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu ish doirasida yetkazilgan zarar 165 million dollar va 85 milliard so‘mdan (qariyb 9 million dollar) tashkil etdi.