TAVSIF
Karina Kapur
1980 yil 21 sentyabrda tug‘ilgan.
2000 yilda ilk bor filmda suratga tushgan.
Aktrisa to‘rt yil mobaynida Bollivud aktyori Shahid Kapur bilan uchrashgan. Ammo keyinchalik ular do‘st bo‘lib qolishga ahd qilishdi.
Saif Ali Xon
1970 yil 16 avgustda tug‘ilgan.
1992 yilda ilk bor filmda suratga tushgan.
1991 yilda taniqli aktrisa Amrita Singxga uylandi. Bu hamma uchun kutilmagan yangilik edi. Chunki Amrita Saif Ali Xondan 12 yosh katta. Ammo 13 yildan o‘tib, aktyor Amrita bilan ajrashdi. Bu oiladan Saifning bir qiz, bir o‘g‘li bor. Saif Bhopal va Pataudi qirollik uylarining merosxo‘ri.
Ilk uchrashuv
Karina: — O‘shanda Shahid Kapur bilan aloqalarimiz endigina uzilgan paytlar edi. Saif bilan esa shunchalik tanish edik. Suratga olish jarayoni boshlanganining ilk kunlaridanoq Saif bilan ko‘p vaqtimizni birga o‘tkazardik. U hamisha ko‘nglimni ko‘tarar, doim nimalarnidir gapirib berib kuldirardi. Avvaliga juda yaxshi do‘st bo‘ldik, keyin esa… Oila qurishimiz munosabatlarimizni yanada mustahkamlaydi, deb umid qilaman.
Saif Ali Xon: — Karina uni ilk bor qaerda ko‘rganimni bilmaydi. O‘shanda u 14 yoshda edi, grimmxona yonida katta-katta, yashil ko‘zlari bilan uzoqlarga qarab o‘tirgandi. Shunda kimdir, «Bu Karizma Kapurning eng kichik singlisi», deganida, uning jozibadorligiga maftun bo‘lib qolgandim.
Sevgi izhori
Karina: — Saif romantik emas, «Men seni sevaman!» demagan».
Saif Ali Xon: — Karina aytganidek, romantik bo‘lmasam-da, chap qo‘limning kaftiga uning ismini tatuirovka qilib yozdirganman.
Ilk taklif
Saif Ali Xon 2009 yilda Karinaga turmush qurishni taklif qiladi. «Iloji bo‘lganida unga ertagayoq uylanardim», deganda u.
Karina esa karerasi haqida qayg‘urishi lozimligini aytib, bu taklifga rozi bo‘lmaydi.
Va nihoyat…
Karina 2012 yilning 16 martida Saifning turmush qurish taklifini qabul qiladi. O‘shanda u «2012 yilning so‘ngiga qadar Saifga turmushga chiqishni istayman», degandi.
To‘y haqida
Bu ikki yulduzning nikoh to‘yi 16 oktabr kuni Pataudi (Hindistonning shimoliy shaharchasi)da bo‘ldi. 17 oktabr kuni esa nikoh o‘qildi.
18 oktabr kuni juftlikning Mumbaydagi do‘stlari uchun to‘y marosimi ham o‘tkazildi.
Karina qaynonasi Sharmila Tagor kiygan kelinlik libosi — sharara (quyosh shaklidagi, uzunligi tizzagacha keladigan koketkali yubka) kiydi. Buni Karinaning Saif Ali Xon xonadoniga ko‘rsatgan hurmati deyish mumkin. Karinaning sarposidagi boshqa kelinlik liboslarini esa taniqli dizayner Manish Malxotra yaratgan.
Saifina kim?
Bu juftlikni ko‘pincha Saifina, Saif-Karina deb atashadi. Saif Ali Xonga esa Saifina deyishlari yoqmaydi. «Axir men erkak kishiman, yoqmasligi tabiiy», deydi u.
Eng yodda qolarli voqea
Saif Ali Xon: — O‘tgan yili Karina tug‘ilgan kunida boshqa shaharda, men esa uning yoniga uchib borishim kerak edi. Ammo reysimizni bekor qilishdi. Shunda Karina qo‘ng‘iroq qilib, «Sen bilan birga bo‘lish uchun hamma narsaga tayyorman», dedi. Shunday qilib, har ikkimiz ham mashinada 10 soat yo‘l bosib, bizni ajratib turgan masofaning qoq o‘rtasida uchrashdik.
Karina: — Bir mehmonxona tomiga chiqdik-da, olov yoqib, osmonni tomosha qildik». Saif yulduzlik kasalligiga chalinmagan super yulduz! Boshqa yulduzlar kabi injiqlik qilishni bilmaydi. U hayotimda sodir bo‘lgan eng katta yaxshilik.
Saif Ali Xon: — Karina bir vaqtning o‘zida ham bola, ham ayol bo‘la oladi. Oilasi uni qo‘llab-quvvatlashiga qaramasdan, o‘z ustida ishlashni kanda qilmaydi. U «o‘zini o‘zi barpo qilgan» desam, xato bo‘lmaydi.
«Oilalarimiz haqida…»
Saif Ali Xon: — Bolaligimda Shashi Kapur (Karina Kapurning amakisi)ni amaki deb katta bo‘lganman. Chunki u kishi onam bilan birga filmlarda suratga tushgan.
Karina: — Saifning onasi suratga tushgan filmlarni sevib tomosha qilardim. Uning onasi orzumdagi ayol — go‘zallik qirolichasi!
Saif Ali Xon: — Karinaning onasi bilan uchrashib, «Karina — men orzu qilgan ayol, hayotimni u bilan birga davom ettirishni istayman», deganman.
Karina: — Oyim Saifni juda yaxshi ko‘radi. Karizma esa unga kun davomida bir necha martalab qo‘ng‘iroq qilib, maslahat so‘ragani-so‘ragan.
Urishib qolishsa…
Saif Ali Xon: — Kim aybdor bo‘lsa, o‘sha kechirim so‘raydi. Ammo biz ko‘pincha havo harorati haqida tortishib qolishimiz mumkin. Karina issiqni yaxshi ko‘radi: +24 darajani, men esa +18 darajani.
Karina: — Aksariyat hollarda men aybdor bo‘lmayman! Havo harorati borasida esa +22 darajani tanlaganmiz.
Saif Ali Xon: — Birgalikda yashash uchun har ikkimiz ham moslashuvchanroq bo‘lishimiz kerakligini tushundik.
Shuningdek…
Saif va Karina tongda birgalikda yoga bilan shug‘ullanishadi.
Saif Karinani Bebo deb, Karina Saifni Sayfu deb chaqiradi.
Manba: «SUG‘DIYONA» gazetasi.