Bu aktyorlarning qahrli qarashlari, jiddiy harakatlari ortida samimiy qalb egasi mavjud. Ular turli qahramonliklar qilishlari, mustaqil faoliyat yuritishlari, ko'p pul ishlashlari, oila qurishlari mumkin. Ammo ularning qalbi hamisha onalari tomon talpinib turadi. Bugungi maqolamizda onasidan bir soniyaga bo'lsa-da, ajralishni istamaydigan erkatoylar haqida ma'lumot beramiz.
ABXIShEK BAChChAN
Yulduzlar oilasida tug'ilgan bu aktyor o'zining nimalarga qodirligini isbotlashiga qadar otasi Amitabx Bachchanning «soyasi»da ulg'aydi. Keyin esa Bollivud olamida «Ayshvariya Rayning turmush o'rtog'i» sifatida e'tibor qozondi. Ammo, bilasizmi, Abxishek na otasiga va na rafiqasiga quloq soladi. Uning butun borlig'i va maslahatchisi onasidir. Abxishek hamisha o'ng qo'liga onasi bergan uzukni taqib yuradi. Intervyularining birida bu uzuk onasi unga baxt keltirishini aytgani va shuni xohlagani uchun taqib yurishini ta'kidlagan edi.
RANBIR KAPUR
Bu aktyor boshqa hamkasblariga qaraganda, o'zining «onasining o'g'li» ekanligini tan olishda hecham xijolat bo'lmaydi. Agar mish-mishlarga ishonadigan bo'lsak, Ranbir Dipika Padukon bilan munosabatlarini ham onasi aktrisa Nitu xohlamagani uchun uzgan. «Karan Johar bilan qahva…» ko'rsatuvida aktrisa Sonam Kapur bu haqda shunday degan edi: «Ranbir umuman ko'rkam aktyor emas. U onasining o'g'li. Onasi hali ham uning tirnoqlarini o'zi olib qo'yadi».
Ranbir esa bunday gaplarga parvo ham qilmaydi va hozirgi holatidan faxrlanadi. Onasi bilan shunchalik yaqinki, u bilan maslahatlashmaguncha biror ishga qo'l urmaydi.
SALMON XON
Ekranlarda yovuz qahramonlarga qarshi chiqa oladigan super qahramon rolini gavdalantirsa-da, 53 yoshli Salmon Xon hamon onasi bilan birga yashaydi va hamisha u tayyorlagan taomlarni yeyishga harakat qiladi. Farax Xonning tok-shousida Salmon bir safar onasi uni juda erkalatishini bu esa uni yanada injiq qilib qo'yishini aytgan edi. Bundan tashqari, rafiqasi onasi kabi unga mehribon va aynan unga o'xshagan bo'lishini xohlashini ma'lum qilgandi.
JON ABRAXAM
Yana bir onasining erkatoyi. Faqat tashqi ko'rinishidangina qahri qattiqqa o'xshaydigan erkatoy aktyor onasini juda ham yaxshi ko'radi. Ko'pchilikning ta'kidlashicha, Jon hattoki s'yomka jarayonlarida ham onasini sog'inayotgani va uyga ketishni xohlashini aytar ekan. Ba'zida onasini ham suratga olish maydonchalariga olib borarkan.
Oxunjon NORQULOV
tayyorladi.