«Yoshim yigirma uchda. Oliygohni tugatganman, ishlayman. Bundan bir yil ilgari biz yashaydigan ko‘p qavatli uyga yolg‘iz bir ayol ikki bolasi bilan ko‘chib keldi.
Qo‘ni-qo‘shnilarning aytishicha ayolning turmush o‘rtog‘i Rossiyaga ishlagani ketgan ekan. Keyinchalik ayolning eri avtohalokat sabab o‘sha yerda vafot etibdi. Marhumning aka-ukalari ayolga uy-joy qilib berishibdi. Lekin qat’iy talablar qo‘ymay: «Yoshsiz, agar ko‘nglingizga yoqadigan, jiyanlarimizning boshini silaydigan insonni uchratsangiz, biz turmushga chiqishingizga qarshi emasmiz. Akamning xotirasi bilan yashang, dunyodan yolg‘iz o‘ting, deb talab qo‘yishga haqimiz yo‘q. Lekin qarindoshchilik aloqalarimiz uzilmaydi», deyishibdi. Bu gaplarni onamdan eshitdim. Avvaliga ayolga achinib qaray boshladim. Bayramlarda, hayit kunlarida ayolni yoddan chiqarmasdik. Onam birortamizdan yeguliklar, non-ovqat berib ularnikiga chiqarib yuborardi. Ayol bilan salom-alik qiladigan, gaplashib turadigan bo‘ldik. Ba’zi vaqtlarda uning ishi chiqib qolsa, bolalarini biznikiga qoldirib ketardi. Yoshlikmi yoki havasmi, o‘sha ayolga ko‘nglim tushdi. O‘zini tutishi, bolalariga e’tibori, bizga, oilamdagilarga qilgan munosabatidan juda xursand bo‘lardim. O‘ta tarbiyali, oqila ayol. Farzandlariga ham sizlab murojaat qilardi. Vaqt o‘tgan sari men biror bahona bilan ayolni ko‘rishga intiladigan bo‘lib qoldim. Oxir-oqibat unga ko‘nglimni yordim.
– Siz men orzu qilgan ayolsiz. Sizga uylanmoqchiman. Farzandlaringizga ham mehr bera olaman. Ko‘p o‘ylab shu qarorga keldim, — dedim. Rayhon opa (uning ismi shunday) esa miyig‘ida kulib:
– Bir yomon tush ko‘rdim, deb hisoblang. Bu gaplarni unuting. Aytganlaringiz oramizda sir bo‘lib qoladi, — dedi.
Men esa qaysarlik qildim. Rayhon opa meni uyga jo‘natib yubordi. Shu voqeadan keyin uyimizdan oyog‘ini uzdi. Mening kutilmagan tashriflarimga eshigini ochmasdi. Ichkaridan turib urishib jo‘natib yuborardi. Tinmay boraverganimdan keyin uyiga kiritdi. Xonada qizi va o‘g‘li o‘ynab o‘tirishgan ekan. O‘zi yotog‘iga kirib ketdi-da, marhum erining suratini ko‘tarib chiqdi. Bolalar dadasiga ikki tomchi suvdek o‘xshardi. Hayratda qoldim.
– Men ularni ko‘rganimda erimni ko‘rgandek bo‘laman. Ulardan dalda, kuch olaman. Men turmushga chiqmoqchi emasman. Bolalarimning qalbini tirnashni istamayman. Siz esa ertasini ko‘rolmaydigan go‘daksiz. Ota-onasiz hech kimsiz. Meni boshqa bezovta qilmang. Agar sha’nimga dog‘ tushib, qarindoshlarim, farzandlarim oldida uyatga qoladigan bo‘lsam, onangizning yoniga boraman, — deb uydan chiqarib yubordi.
Lekin men uning ko‘zlarida mehrga muhtojlikni ko‘rdim. U ayol suyana olish mumkin bo‘lgan insonni kutayotganini sezdim.
Endi unga qo‘ng‘iroq qila boshladim. Ba’zida u meni tinglab, yaxshi gap bilan yo‘ldan qaytarishga urinardi. Ba’zan urishib berardi. Navbatdagi qo‘ng‘irog‘imda u go‘shakni ko‘targach, yig‘lab yubordi. Ancha gaplashdik. Uni so‘rab bir keksa erkakdan sovchi kelayotgan ekan. Ota-onasi, yaqinlari rozi emish. Sababi, ayol boshqa farzand ko‘rmaydi va erkak mana shu farzandlarga mehr beradi, deb uni turmushga chiqishga undashayotgan emish. «Agar siz hech bo‘lmasa bir marta oila qurganingizda edi, o‘ylab ko‘rgan bo‘lardim», dedi-yu, go‘shakni qo‘ydi. Ichimdagi umid olovi yanada alanga oldi. Rayhon opani ko‘ndirish mumkin. Uydagilar esa baribir, mening ko‘nglimga qarashadi, deb o‘yladim. Meni uylantirish niyatida yurgan ota-onamga kutilmagan gapni yetkazdim. Ochig‘i, shu yoshga yetib ota-onamni biror marotaba bunaqa ahvolda ko‘rmagan edim. Dadam g‘azab ustida kamarini yechib, savalashga tushdi. Onam esa izillab yig‘lagancha menga yalina boshladi. O‘zimning ham boshim gangidi. O‘sha kecha uyimizda hech kim tonggacha uxlay olmadi. Ertalab onam shosha-pisha ko‘chaga chiqib ketganini ko‘rdim. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay Rayhon opa bilan kirib keldi.
– Men o‘g‘lingizni yo‘ldan urganim yo‘q. O‘zi ko‘pdan beri uyga borib, telefon qilib yuribdi, — dedi u o‘zini oqlash niyatida.
– Nega menga bir og‘iz aytmadingiz? Sizni noto‘g‘ri tushunmasdim. Axir qizimdek ko‘rardim, -dedi onam yig‘lab. Rayhon opa jim. Men esa uydagilarni mana shu nikohga ko‘ndirishga urindim. Dadam ham, onam ham meni eshitishni istamadi. Oxiri dadam Rayhon opaga yuzlandi:
– Tegasanmi o‘g‘limga? — dedi.
– Xavotir olmang, Anvar aka. Men oilangiz tinchini buzmoqchi emasman. Bugunoq qaynilarimga aytib, ularning hovlisiga ko‘chib ketaman. Beva ayolning boshi malomatdan chiqmas ekan. O‘z baxtiqaroligimga sizlarni ham sherik qilmoqchi emasman, — dedi.
– Shu gapingda turasan-a? — dedi dadam qat’iy qilib.
– Ikkita bolam bor. Guldek o‘g‘lingizning umrini xazon qilsam, kasri bolalarimga urmaydimi? Qarg‘ishingizga qolib bir umr baxtsiz bo‘lmaymanmi?! — dedi Rayhon opa yig‘lagancha.
– Rahmat senga, qizim, — dedi dadam. Onam esa ho‘ng-ho‘ng yig‘lashdan to‘xtamasdi.
Shu bilan mening g‘o‘r muhabbatimga nuqta qo‘yildi. Rayhon opa ham ko‘chib ketdi. Lekin men hamon o‘zimga kelganim yo‘q. O‘sha ayolga uylanmoqchiman. Hatto bir marta yurak yutib Rayhon opaning qaynisi bilan ham uchrashdim. Maqsadimni aytdim.
– Ukajonim, hali yoshsan. Hayotning achchiq-chuchugini tatimagansan. Avvaliga begona bolalarga mehr berarsan, lekin bu otalarcha emas, akalarcha mehr bo‘ladi. O‘z farzandlaring tug‘ilgach, sening hozirgi tuyg‘ularingdan asar ham qolmaydi. Shunday ekan, o‘zingni qo‘lga ol, aqlingni yig‘, — dedi.
Men esa o‘zimni qo‘lga ololmayapman. Kuni kecha onamga yig‘ladim. «Rayhonsiz o‘lib qolaman», dedim. Onam esa bu ishlarim noto‘g‘ri ekanini ta’kidlashdan charchamaydi.
– Agar to‘g‘ri yo‘lni topolmayotgan bo‘lsang, nomingni sir tutib gazetaga maktub yoz. Odamlarning o‘zi hayotiy tajribalaridan kelib chiqib senga xolis maslahat berishadi, — dedi.
Shu sabab, maktub yozdim. Axir men kabi oilali ayolga uylanib, baxtli yashayotgan insonlar ham bordir? Yoki bundaylarning hammasi baxtsizmi?..»