Ba’zan o‘zbek filmlari haqida gap ketganda, “Maishiy mavzulardan ortmay qoldi, shuni ham eplab ishlasa-ku, mayli edi-ya”, degan fikrlarga duch kelamiz. Shubhasiz, o‘zbek kinosanoatining aksari maishiy mavzulardan iborat. Lekin hozirda ayrim kamchiliklardan xoli bo‘lmasa-da, aynan mulohazakor tomoshabinlar didiga munosib filmlar ham yaratilayotgani barchamizni quvontiradi. Xususan bu borada “O‘zbekfilm” kinostudiyasi tomonidan yaratilayotgan ko‘plab filmlarni misol keltirish mumkin. Keling, shu o‘rinda mazkur kinostudiya tomonidan 2015 yil mahsuli bo‘lgan “Tog‘a” filmi haqida so‘z yuritsak.
MA’LUMOT
Film janri: komidiya, melodrama.
Ssenariysi muallifi va postanovkachi rejissyori: Rashid Malikov.
Rollarda: Bobur Yo‘ldoshev, Boris G‘ofurov, Zarina Nizomiddinova, Ra’no Shodiyev, Nigora Karimboyeva, Feruza Sobitova, Ali Choriev va boshqalar...
Fakt: Filmda “Andijon polkasi” va polyak kompozitori Mixail Oginskiyning “Oginskiy polonezi” musiqasidan milliy cholg‘u asboblari yordamida foydalanilgan.
“Tog‘a yetti ota o‘rnida”
Xalqimizda “Tog‘a – yarim pir” degan ibratli naql bor. Mazkur naqlni o‘zgacha hayotiy qarashlar bilan isbotlashga uringan film ijodkorlari qaysidir ma’noda buni eplay olgan. Shu o‘rinda “Tog‘a” filmining qisqacha mazmunini yodingizga solsak.
Voqealar Sanjar ismli shaxmatchi yirik musobaqa oldidan uyushtirgan matbuot anjumanidan boshlanadi. Unda bir muxbir qiz shaxmatchidan Jumash ismli kishi haqida so‘raydi. Jurnalistning savoliga javoban Sanjar anjumandan so‘ng boshidan o‘tkazgan voqealarni hikoya qilib beradi. Hikoyadagi voqealar o‘tgan asrning saksoninchi yillari oxirida Buxoroda bo‘lib o‘tadi.
Sanjar o‘shanda to‘qqiz yashar bolakay edi. Ota-onasi ajrashib ketgan. U yozgi ta’til paytida Jumash tog‘asinikiga mehmonga borib, u yerda bir muddat yashaydi. Tog‘asi garchi quvnoq, hazilkash odam bo‘lsa-da, yuragining bir chekkasi kemtik, farzandi yo‘q edi. Shu bois Jumash jiyanini har doim o‘zi bilan birga yetaklab yuradi. U ba’zan nojoiz ishlarga ham qo‘l uradi. Lekin oxir-oqibat o‘z xatolarini tushunib yetadimi-yo‘qmi, filmni tomosha qilish asnosida bilib olish mumkin.
Hayot o‘yinlari shaxmatga ko‘chadi
Film voqealarini qisqacha bayon etgan bo‘lsak-da, uning mohiyat va mazmuni borasida yana anchagina fikrlarni aytish mumkin. Sanjar tog‘asi Jumash bilan yurib, hayotning turli past-balandlariga guvoh bo‘ladi. Tog‘asining ichki iztiroblarga, qimordagi g‘oliblik va mag‘lublikka bo‘lgan munosabatini kuzatadi. Bir qarashda Jumashning jiyaniga ko‘rsatayotgan yo‘lini qoralashingiz mumkin. Misol uchun, jiyani bilan cho‘milishga borgan Jumash uni chuqurroqqa suzib borshiga undaydi. Bu bilan tog‘aning jiyanini chinakam, jasur yigit bo‘lib o‘sishga, har jihatdan chiniqishga undaydi.
Epizodda Jumashning quvonchli va g‘amgin holatlari hamisha u bilan ergashib yuradigan uch sozanda tomonidan chalinadigan sho‘x yoki mahzun musiqalar orqali ifoda etiladi.
Jumash ba’zi garov o‘yinlarda g‘irromlik bilan qatnashib, hech narsaga erisholmaganini jiyani Sanjarga saboq sifatida ko‘rsatgandek bo‘ladi. Voqealar yakuniga yaqin Jumash “Endi shaxmat o‘ynayman, unda g‘irromlik qilib bo‘lmas ekan”, deb aytadi va bu bilan jiyanining hayotdagi ilk ustozi bo‘lib qoladi.
“Tog‘a”ning ham xatolari bor
Mazkur filmning yutuqlari uning ba’zi kamchiliklariga ko‘z yumush kerak degani emas. Axir bugunga qadar ishlanayotgan filmlarimizning kamchiliklardan xoli bo‘lib borishiga aynan tanqidlar sabab emasmi? Filmda Sanjar jurnalist qizning tog‘asi haqidagi savoli yuzasidan mushohada yuritib, “Bu qiz Jumash haqida qaerdan bildi ekan?” deydi. Shu o‘rinda hurmat yuzasidan “Jumash tog‘am” deb ishlatishi mumkin ediku!
“Tog‘a” filmining keyingi voqealari saksoninchi yillar manzaralarini aks ettiradi. Mehmonga kelayotgan to‘qqiz yoshli yigitcha va onasini kutib olgan tog‘asi ularni o‘z uyiga olib ketadi. Uyda esa tog‘asining shim kiygan xotini kutib oladi. Ammo 80-yillarda o‘zbek qishloqlarida shim kiyib yurgan kelin bo‘lganmikan? Nahotki, zamonlar tafovutini shu o‘rinda anglash qiyin bo‘lgan?! Hozir ham qishloqlardagi xonadonlarda ayollar kamdan-kam holatlarda shim kiyishadi.
Jumashning o‘zi bilan don olishib yurgan savdogar ayolning uyiga jiyani bilan borishi, jiyani uning nojo‘ya ishlaridan xabardor bo‘lishi ham tomoshabinga xiyla erish tuyuladi. Mana shu kabi juz’y kamchiliklar filmning tomoshabin oldidagi darajasini biroz tushirgandek chamamda.
Nima bo‘lganda ham film tomoshabinlar hukmiga havola etildi, demak, uning darajasiga hukmni ham tomoshabinlar beraveradi.