“Baron” filmning “qaroqchi” nusxasini yozib berayotganlarning ro‘yxati bor
Yaqindagina katta ekranlarga chiqib, o‘zbek kinosida bir qator rekord natijalarni qayd etgan “Baron” filmi ko‘p o‘tmay “qaroqchilar” tomonidan qo‘lma-qo‘l qilib yuborildi. Kimdir filmni tanishining kompyuteridan “fleshka”siga ko‘chirib olayotgan bo‘lsa, kimdir ochiqchasiga “qaroqchi” DVD disklarini sotayotgan olg‘irlardan xarid qilib tomosha qilmoqda.
Kun.uz sayti mazkur masalaga oydinlik kiritish maqsadida kartina rejissyori Rustam Sa’diev bilan bog‘landi. Rejissyorning ma’lum qilishicha, bugun, 28 yanvar kuni tegishli mutasaddi idoralar vakillari shu masalada yig‘ilish o‘tkazib, ro‘yxat asosida barcha bozorlarda maxsus reydlarni o‘tkazish belgilab olindi.
“Hozirda “Malika”, “Abu Saxiy” bozorlarida o‘tirib, filmni yozib berayotganlarning ro‘yxati bor, - dedi R.Sa’diev. – Agarda tomoshabinlar “Baron”ning davomi suratga olinishini istashsa, kino ijodkorlariga bo‘lgan hurmatini ko‘rsatib, uni kino zallarida tomosha qilishlari kerak. Bunga muxlislarning kino ijodkorlarga bo‘lgan hurmat va minnatdorchiligi, deb qaraladi”.
Rejissyorning ta’kidlashicha, kino ham san’at, ham sanoat. Filmga sarflangan mablag‘larning qanchadir qismi qaytsa, ular kelgusida boshqa sifatli kinolarni suratga olishga sarflanadi.
Darhaqiqat, “Baron” filmi suratga olinib, yurtimiz kinoteatrlarida namoyish etila boshlaganidan so‘ng o‘zbek kinosida uzoq davom etgan turg‘unlik davri nihoyasiga yetdi, degan umid uyg‘ondi. Jahon talablariga mos kartina o‘zbek ijodkorlarining salohiyati, mahorati va tajribasiga yuksak baho berilishiga hissa qo‘shayotgan bir vaqtda filmni vijdonsizlarcha “qaroqchilar”dan olib tomosha qilayotganlarning aksariyati kinochilarimizni sifatsiz mahsulot tayyorlashda ayblaydiganlardir. O‘z qadrini bilgan, o‘zgalar mehnatini qadrlay oladiganlar esa nafaqat ushbu san’atdan bahra olish, balki mazkur sohaning rivoji uchun o‘z hissasini qo‘shish maqsadida kartinani katta ekranlarda tomosha qiladi. Bunga hozircha imkoniyati yetmayotganlar esa uni vaqti-soati kelib televidenie orqali tomosha qilishlari mumkin.
Shu o‘rinda, Kun.uz sayti mutasaddi tashkilotlarni O‘zbekistonda mualliflik huquqini himoya qilish borasida olib borilayotgan chora-tadbirlarni yanada kengaytirish, samarali nazorat usullarini joriy etishga chaqiradi. Zero ijodkorlar haq-huquqlarining qonun doirasida to‘laqonli himoya qilinishi sara, dunyo darajasidagi asarlarning yaratilishiga katta ta’sir ko‘rsatishini hech kim inkor etmasa kerak.