Bangkoklik erkakka hojatxonada uch metrlik bo‘g‘ma ilon hujum qildi
Tailandlik Attaporn Bunmakchuay hojatxonadaligida kanalizatsiya orqali unitazga kirib olgan uch metrlik bo‘g‘ma ilonning hujumiga uchradi. Bu haqda, The New York Post nashriga asoslanib, TJournal xabar bermoqda.
Jabrlanuvchining hikoya qilishicha, bo‘g‘ma ilon kutilmaganda unitaz ichidan bosh chiqarib, uni tishlab oldi. 38 yoshli erkak yarim soat davomida ilonning jag‘larini ocha olmadi, yordamga kelgan rafiqasi va qo‘shnilari ilonning tanasini arqon bilan siqib, uni bo‘shashtira oldi, shundan so‘ng Attaporn hushidan ketib qoldi.
Shifoxonada yotgan erkak jurnalistlarga bo‘lgan voqeani yuzida tabassum bilan hikoya qilib berdi. Shifokorlar, o‘z navbatida, ko‘p qon yo‘qotganiga qaramay, erkak tez orada oyoqqa turishini va’da qildi.
Voqea joyiga yetib kelgan qutqaruvchilar bo‘g‘ma ilonni chiqarib olish uchun unitazni ko‘chirishga majbur bo‘ldi. Ilon sog‘-salomat bo‘lib, tabiat bag‘riga qo‘yib yuboriladi.