Turmush qurishga ahdlashgan juftliklarning tibbiy ko‘rikdan o‘tishi hech kimga sir emas. Tibbiy ko‘rik davomida qizlar ginekologik tekshiruvdan ham o‘tishadi. Bu ular bilan ginekolog mutaxassisning suhbati va kichik tos a’zolarini ultratovush tekshiruvidan o‘tkazishdan iborat. Ana shu tekshiruvdan xulosa qilib, turmushga chiqayotgan qizning reproduktiv salomatligi aniqlanadi, zarur bo‘lsa, ayrim davolash choralari o‘tkaziladi. Uylanayotgan yigit ham urolog-androlog bilan maslahatlashgan holda ma’lum tekshiruvlardan o‘tishi maqsadga muvofiq. Shunda ushbu juftlikning jinsiy hayoti muammolarsiz kechishi kafolatlanadi. Biroq jinsiy hayotning boshlanishi ayol organizmida «inqilobiy» o‘zgarishlarni boshlab beradi. Aynan shu davrdan boshlab u turli infeksiya, bakteriyalar bilan to‘qnash kelishi mumkin…
Defloratsiya
Tibbiyotda qizlik pardasi butunligining buzilishi defloratsiya deb ataladi. Defloratsiya er-xotinning birinchi qovushgan vaqti yuz beradi. Biroq shuni yodda tutish kerakki, qizlik pardasi bir necha jinsiy yaqinlik (koitus)dan so‘ng ham butunligini saqlashi mumkin, bu uning tuzilishi (mustahkamligi, cho‘ziluvchanligi va h.k.) bilan bog‘liq. Shuning uchun birinchi koitus defloratsiya bilan tugamasa, vahimaga tushmang. Bu holat qizlarda ko‘p uchraydi, faqat ginekolog-shifokor uni izohlab, zarur tavsiyalarni berishi mumkin.
Mutaxassisga qachon murojaat etish kerak?
Uch kecha davomidagi urinishlar besamar bo‘lsa, ginekolog-shifokor ayolni ko‘rikdan o‘tkazib, zarur bo‘lsa qizlik pardasida kichik kesimlarni amalga oshirishi mumkin. Bu defloratsiya yuz berishini osonlashtiradi. Ba’zan bu paytda qizdagi kuchli hissiy holat ham defloratsiyaga to‘sqinlik qilishi mumkin. Shuning uchun nikoh kechasi haqidagi turli uydirmalar tufayli qattiq qo‘rquvda bo‘lgan qizlarga ba’zan psixologik yordam ham kerak bo‘ladi.
Birinchi koitusdan so‘ng 3-5 kun davomida jinsiy yaqinlikdan saqlanish lozim. Shu kunlar davomida gigiena qoidalariga to‘liq rioya etilsa, qizlik pardasining chekkalari bitib, keyingi koituslar og‘riqsiz va boshqa asoratlarsiz kechadi.
Kelin-kuyovlarga maslahatlar
Yangi boshlayotgan turmushingiz, jinsiy hayotingizda muammolar bo‘lmasligini istasangiz, bir yostiqqa bosh qo‘yishdan avval dildan suhbatlashing.
Turmush o‘rtog‘ingizga o‘z hissiyotlaringiz, tuyg‘ularingizni uyalmay ayting.
Nikohning ilk kechasi qanday o‘tsa, keyingi hayotingiz ham xuddi shu mezonlarga quriladi.
Ilk kecha qiz uchun sinov kechasiga aylanmasligi kerak, eng avvalo buni yigit yaxshi tushunishi lozim.
Munosabatlarni o‘zaro ishonch va sadoqat asoslariga quring, buni yoringizga anglating. Bu vaziyatni yumshatib, ruhiy yengillik yaratadi.
Asal oyi kasalliklari
Sistit. Jinsiy hayotni boshlagan juftliklarni ko‘p hollarda sistit kasalligi bezovta qiladi. Bu koitus paytida notanish mikrofloraning olib kirilishi, jinsiy a’zolardagi ba’zi nuqtalarga ta’sir ko‘rsatilishi natijasida kelib chiqadi. Bu holat yangi turmushga chiqqan qizlarning ko‘pchiligida yuz beradi. Bu kichik hojatga chiqqanda achishish, peshobdan bo‘shanmaganlik hissi bilan kechadi. Agar shunday holat kuzatilsa, albatta shifokorga murojaat qiling. Bir hafta davomida olib borilgan muolaja sizni bu xastalikdan osongina forig‘ qiladi.
TORCh-infeksiyalar. Bular jinsiy yo‘l bilan yuquvchi infeksiyalardir. Xlamidiy, mikoplazma, ureaplazma, gerpes infeksiyalari, papilloma viruslari turli yallig‘lanish jarayonlarini chaqirib, ayol reproduktiv tizimi, peshob chiqarish yo‘llarida asoratli holatlarni keltirib chiqaradi. Ushbu infeksiyalar tufayli ba’zan bepushtlik holatlari kelib chiqishi, homiladorlikning normal kechishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, homilaga ham yuqishi mumkin. Qindan noxush ajralmalar kela boshlasa, qorin pastida sababsiz og‘riqlar kuzatilaversa, albatta maxsus tahlillar topshirib, infeksiyalarni aniqlash lozim. Ularga mikrobiologik ekishlar, polimer zanjirli reaksiya usullari (PSR) kiradi. Buning uchun bachadon bo‘ynidan surtma hamda venadan qon topshiriladi. Mabodo biror infeksiya borligi aniqlansa, virus va bakteriyalarga qarshi dori vositalari yoki lazer muolajasi tayinlanishi mumkin. Shuning barobarida immunitetni ko‘taruvchi vositalar, vitamin va fermentlar ham foydadan holi bo‘lmaydi. Bir kurslik davo choralari o‘tkazilgandan so‘ng yana bir marta tekshirish uchun tahlil topshirilsa, xavfli kasalliklardan himoyalanganingizga amin bo‘lasiz.
Vaginizm. Juda kam bo‘lsa-da, ba’zi ayollarda vaginizm deb nomlangan nevrologik holat uchrashi mumkin. U asosan vulva, qinning yallig‘lanish asorati yoki nevrologik kasallik sifatida yuzaga keladi. Vaginizm jinsiy yaqinlik yoki ginekologik ko‘rik vaqtida qin, oraliq, tos chuqurligi va bo‘ksa mushaklarining tortishib-qisqarib og‘riq berishi bilan namoyon bo‘ladi.
Vaginizm odatda ruhiy buzilishlardan tashqari kichik tos sohasidagi ayrim kasalliklar tufayli ham paydo bo‘lishi mumkin. Agar ruhiy buzilish bo‘lsa, uni psixoterapevt mutaxassis yordamida jiddiy davolash lozim. Kichik tos sohalari kasalliklariga esa yallig‘lanishga qarshi terapiya o‘tkazishning o‘zi kifoya.
Homilador bo‘lish uchun eng ma’qul kunlarni biling
Turmushga chiqqan har qanday ayol tezroq homilador bo‘lsam deydi. Buning uchun eng oddiy chora — homilador bo‘lish uchun maqbul kunlarni bilishingiz kerak. Agar hayz sikli 28 kundan iborat bo‘lsa, hayzning 15-16 kunlarigacha ovulyatsiya sodir bo‘ladi. Ovulyatsiya bo‘lgan kunda tuxumdonda urug‘lanish uchun yetilgan 1 ta yoki undan ortiq tuxum hujayra avval qorin bo‘shlig‘iga, so‘ng bachadon nayiga chiqadi. Bu yerda spermatozoidlar (erkaklik urug‘lari) bilan uchrashsa, urug‘lanadi. Bu urug‘langan tuxum xujayra bachadonga tushib, ma’qul sharoitlar bo‘lsa, bachadon devoriga o‘rnashib, homiladorlik boshlanadi. Tuxum hujayra ayol organizmida 24-36 soat yashasa, spermatozoidlar 3 kundan to 5 kungacha yashashi mumkin. Shuning uchun ovulyatsiya bo‘lgan kunni aniqlab, shu kunlarga (ovulyatsiya bo‘lgan va undan keyingi 2 kun) homiladorlikni rejalashtirish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Shu kuni, bu kundan ikki kun oldin va keyin jinsiy yaqinlik yuz bersa, homilador bo‘lish ehtimoli ortadi. Ovulyatsiya har hayz siklida o‘zgarib turadi.
Ovulyatsiya kunini aniqlash usullari
Ovulyatsiya kunini uy sharoitida aniqlashning eng oddiy usuli hayz sikli davomida (hayz kunlari ham) to‘g‘ri ichakda haroratni o‘lchashdir. Buning uchun har kuni ertalab bir vaqtda o‘rindan turmay bitta termometrni to‘g‘ri ichakka 4-5 sm.gacha kiritib o‘lchash kerak. Harorat odatdagidan yarim gradus past bo‘lgan kuni ovulyatsiya yuz bergan bo‘ladi. Keyingi kunlar esa haroratning ko‘tarilishi kuzatiladi.
Bachadon bo‘ynidan ajralayotgan shilliqqa e’tiborli bo‘ling. Ovulyatsiya kunlari odatda shilliq ko‘proq ajraladi va suyuq hamda shaffof ko‘rinishda bo‘ladi.
Ovulyatsiya kunini aniqlovchi testlardan foydalanish ham mumkin. Uni uy sharoitida peshobga solib aniqlash mumkin. Bu testlar bir hayz siklida bir necha marotaba o‘tkazilgani uchun dorixonalardan ko‘proq sotib olish kerak.
Ovulyatsiyani ultratovush tekshiruvi yordamida ham aniqlash mumkin. Bunday tekshiruv paytida shifokor avval follikulaning pishib yetilish jarayoni, keyin ovulyatsiya belgilari — follikula o‘rnida sariq tana hosil bo‘lishi va bachadon atrofida suyuqlik to‘planishini ko‘radi. Ana shu jarayonni kuzatish uchun ultratovush tadqiqotiga hayz siklining 11-18 kunlari bir necha marta tushish talab etiladi.
Mutaxassislar tavsiyalari asosida DILAFRO‘Z
tayyorladi.