Rossiyada REvil xakerlar jamiyati tugatildi, deb xabar bermoqda “RBK” Federal xavfsizlik xizmatiga tayanib. Ushbu xakerlar xorijiy kompaniyalarning axborot resurslariga hujum qilgan.
FXXda ta’kidlanishicha, AQSh vakolatli organlarining “jinoiy hamjamiyat rahbari haqida, uning zararli dasturlarni joriy etish, ma’lumotlarni shifrlash, so‘ng shifrni ochish uchun pul talab qilish orqali xorijiy yuqori texnologiyali kompaniyalarning axborot resurslariga qilingan tajovuzlarga aloqadorligi haqida xabar qiluvchi” murojaati ushbu guruhni qidirish uchun asos bo‘lgan.
Operatsiya Moskva shahri, Sankt-Peterburg, Moskva, Leningrad va Lipetsk viloyatlarida olib borilgan. 14 nafar xakerdan 426 million rubldan ortiq (5,5 mln dollar) pul, jumladan, kriptovalyuta, 600 ming dollar, 500 ming yevro, 20 ta premium-klass avtomobili musodara qilingan.
“FXX va Rossiya Ichki ishlar vazirligining birgalikdagi harakatlari natijasida uyushgan jinoiy hamjamiyat o‘z faoliyatini to‘xtatdi, jinoiy maqsadlarda foydalaniladigan axborot infratuzilmasi zararsizlantirildi. Operatsiya natijalari haqida AQShning vakolatli organlari vakillari xabardor qilindi”, — deyiladi FXX xabarida.
Hibsga olinganlar Jinoyat kodeksining 187-moddasi, 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni (to‘lov vositalarini noqonuniy aylantirish) sodir etganlikda ayblangan. Nafaqat xakerlar hibsga olindi, balki ular ishlatgan infratuzilma ham zararsizlantirildi, deydi FXX.
Kiberxavfsizlik Rossiya va AQSh prezidentlari Vladimir Putin va Jo Bayden o‘rtasida 2021-yil iyun oyida Jenevada bo‘lib o‘tgan sammit mavzularidan biri bo‘lgandi. Muzokaralardan so‘ng Bayden prezidentlar qaysi nishonlar kiberhujumga duchor etilmasligi masalasida kelishib olganini aytgan. Baydenning so‘zlariga ko‘ra, u Putinga xakerlik hujumi uyushtirish taqiqlanadigan 16 ta infratuzilma sektori ro‘yxatini taklif qilgan.
Sammitdan so‘ng, o‘z navbatida, Putin Amerika manbalariga asoslanib dunyodagi kiberhujumlarning aksariyati AQShdan bo‘lishini aytgan.
2021-yilning iyul oyida Bayden Putin bilan telefon suhbati chog‘ida Rossiyani o‘z hududida xakerlar faoliyatini to‘xtatish uchun chora ko‘rishga chaqirdi. AQSh prezidenti Vashington “ushbu muammoga qarshi o‘z xalqi va muhim infratuzilmasini himoya qilish uchun” zarur choralarni ko‘rishiga va’da berdi.
2021-yilning aprel oyida REvil Apple’ning asosiy yetkazib beruvchilaridan biri bo‘lgan Tayvanning Quanta Computer kompaniyasiga hujum qildi. Bloomberg xabariga ko‘ra, xakerlar to‘lov dasturini joylashtirib, unga 50 million dollar o‘tkazishni talab qilgan. REvil Quanta Computer’ni buzib kirgach, xakerlar kompaniyaning so‘nggi ishlanmalarini olish imkonini qo‘lga kiritgan va ularni tarqatib yuborish bilan tahdid qilib, Apple’dan pul undirishga uringan.