Andijon voqealari haqidagi g‘arbni o‘ziga qaratgan afsonalarda haqiqat bormi?
Har bahorda shu bo‘lar takror” deganlaridek may oyi kirib kelishi bilan turli ommaviy axborot vositalarida 2005 yilgi Andijon voqealari haqida turkum maqolalar urchiydi. Ushbu materiallar mualliflari yillar o‘tsa-da bir xil mazmundagi gap-so‘zlarni chaynayveradi. Ular o‘n ikki yildan beri Andijondagi fojiali kunlar haqida bir tomonlama baho berishdan nariga o‘ta olishmayapti.
Ba’zi ommaviy axborot vositalari “tinch namoyishchilar o‘qqa tutildi” deya o‘z homiylari, ya’ni xalqaro nohukumat tashkilotlar tomonidan uqtirilgan gaplarni takrorlashga majbur bo‘lmoqda. “Pulini to‘lagan qo‘shiqqa buyurtma beradi”, deb bejizga aytishmaydi. E’tiborli jihati, bunda aniq dalillar, ishonchli faktlar asosida emas, balki o‘z aqli yoki ongi doirasida, ya’ni o‘z bilganicha xulosa chiqarishga urinishadi.
2016 yilning oktyabrida J.Xopkins universiteti huzuridagi Markaziy Osiyo va Kavkaz institutida bo‘lib o‘tgan “Andijon (voqealari)ga yangicha nazar” deb nomlangan seminarda qilingan ma’ruzalar bunday mujmal gap-so‘zlarning butunlay teskarisini ko‘rsatdi. Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti direktori Frederik Starr, mazkur institutning yetakchi ilmiy xodimi J.Deyli hamda Pentagon vakili, 2005 yilda AQShning Toshkentdagi elchixonasi xodimi bo‘lib ishlagan J.Xartman mazkur seminar tashkilotchilari bo‘lishdi.
F.Starr seminarni ochar ekan, Andijonda o‘sha kunlardagi “vaziyatni baholashda to‘g‘ri yondashish zarurligi”ni ta’kidladi. Uning fikricha, o‘shanda “shahardagi vaziyat ekstremistik kuchlar mamlakatda hokimiyatni qo‘lga olish uchun uringanining barcha belgilari borligini ko‘rsatdi”.
J.Xartmanning qayd etishicha, bugun hech qanday shubha yo‘qki, o‘shanda jangarilar mahalliy davlat hokimiyati organlari va jazoni ijro etish idoralariga hujum qilish orqali davlat to‘ntarishini amalga oshirishga uringan. Ekstremistlarning oldindan o‘ylangan harakati tufayli qurbonlar soni ko‘p bo‘ldi. Hukumat kuchlari va jangarilar o‘rtasidagi to‘qnashuvda ikki tomondan 200 ga yaqin kishi halok bo‘lgan.
J.Xartman yana shuni alohida qayd etdiki, o‘sha kuni Amerikaning biror-bir yirik gazetasi yoki telekanali Toshkentda o‘z muxbiriga ega emas edi. Bu atrofda faqatgina Moskvada amerikalik muxbir bor edi. Amerika ommaviy axborot vositalarining Rossiyadagi xodimlari esa o‘zbek tilini umuman bilmas, O‘zbekiston haqida axborotga ega emas edi. Shuning uchun ular faqatgina xalqaro tashkilotlarning ma’ruzalariga asoslanib ish tutishga majbur bo‘lishgan.
Shu sababli Andijon haqida materiallarning juda kam qismi ishonchli bo‘lib, aksariyat qismi haqiqatga to‘g‘ri kelmasdi.
Amerikalik diplomatning fikricha, G‘arb ommaviy axborot vositalari o‘rtasidagi nosog‘lom raqobat bunga sabab bo‘ldi. Chunki ular “yangiliklar poygasi”da ishonchli axborotni emas, balki “qaynoq axborot”ni berishga kirishib ketgan edi.
J.Deylining ta’kidlashicha, o‘sha kundagi voqea haqida bevosita guvohlar, uni o‘z ko‘zi bilan ko‘rganlar yozishmadi. Natijada qurbonlar soni tasavvurga sig‘mas darajada o‘sdi, shunchaki bo‘rttirib ko‘rsatildi. G‘arb ommaviy axborot vositalari va nohukumat tashkilotlari tomonidan to‘qib chiqarilgan “Andijon kartinasi”ga mantiqan to‘g‘ri kelmaydigan dalillarga ko‘z yumildi. Har kuni ushbu shaharda aslida nima bo‘lganini tushunish murakkablashib bordi. Haqiqat esa siyosiy maqsad ortiga yashiringan ekan.
Shu bilan birga, J.Deyli ma’lum qilishicha, O‘zbekiston hukumati jangarilar shaharda tartibsizlik, alg‘ov-dalg‘ovni yuzaga keltirish maqsadida zo‘ravonlikka qo‘l urganini alohida ta’kidlagan. Ekstremistlar qo‘lida qurol-yarog‘, asirlar borligi, har joyda snayperlar, “Molotov kokteyli” bilan qurollangan shaxslar joylashtirilgani, terroristlarning inqirozni tinch yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha hokimiyat bilan muzokaralarga keskin qarshi bo‘lgani dalil sifatida keltirilgan.
Amerikalik ekspertning fikricha, g‘arb mamlakatlari ommaviy axborot vositalari va nohukumat tashkilotlarining Andijon voqealari bo‘yicha tusmollari, ya’ni to‘qima afsonalari O‘zbekiston tomonidan ishonchli dalillar asosida rad etilgan. 2006 yilda voqea joyidan olingan videotasvirlar G‘arb mamlakatlarigacha yetib bordi. Ularda O‘zbekiston hukumatining xulosalari amalda o‘z tasdig‘ini topdi. Ammo g‘arb jamoatchiligi ongida o‘sha voqealar bo‘yicha stereotip qarashlar allaqachon shakllanib bo‘lgan edi. G‘arb nohukumat tashkilotlari o‘z aybini tan olmasdan, xatolarini iloji boricha yashirishga harakat qilishdi. Oqibatda “videodalillar”ga yo e’tibor qaratilmadi, yo “o‘zbek hukumatining tashviqot materiali” deb bong urildi.
Andijon fojeasidagi eng muhim jihat shundaki, ushbu voqealar yosh dunyoviy mamlakatimiz uchun og‘ir sinov bo‘ldi. Dunyo jamoatchiligi esa G‘arb ommaviy axborot vositalari va xalqaro nohukumat tashkilotlari tomonidan “to‘qilgan afsonalar” ta’siriga tushib qoldi. Agar G‘arb ekstremizm va terrorizmga qarshi haqiqatan ham kurashmoqchi bo‘lsa, oxirgi paytlarda Yevropaning katta-kichik shaharlarini qamrab olayotgan terroristik hujumlarni inobatga olgan holda Andijon voqealaridan saboq chiqarishi, to‘g‘ri xulosa qilishi lozim