AQSh aholisi biror-bir dinga kamroq e’tiqod qila boshladi, deya xabar tarqatdi Reuters agentligi Pew Research Center izlanishlari natijalariga asoslanib. Mutaxassislarning aniqlashicha, xudoga ishonishi haqida ma’lum qilgan katta yoshli amerikaliklar soni 2014 yilda 89 foizni tashkil qilgan (2007 yilda 92 foiz).
Xudoning borligiga mutlaq ishonuvchi respondentlar soni esa 2007 yildagi 71 foizdan 2014 yilda 63 foizgacha pasaygan.
Bunday holat amerikalik yoshlar o‘rtasida yanada kuchliroq kuzatilmoqda: so‘rovnomada qatnashgan 1990-1996 yillarda tug‘ilgan bolalarning yarmigina xudoga mutlaqo ishonishini bildirgan, ushbu savolga 1928-1945 yillarda tug‘ilganlarning 71 foizi ijobiy javobni bergan.
Yangi avlod vakillari orasida har kuni ibodat qilishga kamroq moyil ekanini qayd etishgan (har kuni 39 foizi ibodat qiladi), bu paytda katta yoshlilarning 67 foizi har kunlik toat amallarini bajarishini ma’lum qilgan. Shuningdek, tadqiqot mualliflari yosh avlod diniy xizmatlarga kamroq murojaat etayotganini aniqlashdi.
Shu o‘rinda, 77 foiz amerikaliklar o‘zlarini biror-bir dinga mansub ekanini ma’lum qilishgan. Ularning uchdan ikki qismi har kuni ibodat qilib, din ular hayotida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlashgan.
2007 va 2014 yillardagi har ikki so‘rovnomada ham 35 ming amerikalik ishtirok etgan.