O‘zbekiston xalq artisti Lutfulla Sa’dullaev va O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Gulchehra Sa’dullayevaning qizi Muqaddas Sa’dullayeva farzand kutmoqda. Bu uning ijtimoiy tarmoqqa yaqindagina joylashtirgan suratlaridan ma’lum.
Aktrisa kecha, 27 noyabr kuni Toshkentda o‘tkazilgan kinofestivalda ishtirok etgan va suratlarga tushgan. Suratlarda uning homiladorligini ko‘rish mumkin.
Bundan bir yil avval aktrisa intervyuda va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida oilasiga darz ketgani, turmush o‘rtog‘i bilan ajrashganini ma’lum qilgan edi. Xabarlarga qaraganda Muqaddas Sa’dullayeva yana turmushga chiqqan. Uning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida yozilgan izohlarga qaraganda, Sa’dullayeva aktyor Yigitali Mamajonov bilan oila qurgan.
Muqaddas Sa’dullaev o‘tgan yilning yanvar oyida Instagram’ga qizi bilan tushgan suratini joylashtirib, ushbu surat ostiga sobiq turmush o‘rtog‘iga atalgan ochiq maktubni yozib qoldirgan edi. Unda shunday deyilgan:
“Men sen bilan bo‘lgan hayot o‘yinida g‘olib chiqdim... Chunki menda U bor! Senda esa yo‘q! U mening hayotim mazmuni, ertangi kunim quyoshi, quvonchi, yashashga umidim, umrimning mazmuni. Senda yana shunday o‘zi kichkina, aslida esa katta baxt bo‘lmish mo‘jizaviy ne’mat bo‘lishi, dargumon! Chunki xor qilganingga zor bo‘lasan, deb bejiz aytishmagan dono xalqimiz. Men birovni oilasiga, ya’ni birovning eriga, hatto, nogahon qarab qolishdan qo‘rqaman, ayolini diliga nogoh ozor berib qo‘yishdan qo‘rqaman, buni o‘zimga or deb bilaman, zinodan qo‘rqaman, farzandimni halol katta qilishga intilaman, chunki halollikda gap ko‘p, shuning uchun hamisha vijdonim oldida mag‘rur bosh ko‘taraman!
Farzandimni nahs balosidan uzoq tutaman, har dam Yaratgan meni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirmasligini so‘rayman. Jajjigina farishtacham kelajagi, taqdiri men uchun birinchi o‘rinda! Taqdiri go‘zal bitilishini Yaratgandan tinmay so‘rayman. Hayotda ko‘p qoqildim, lekin or-nomusimni sotmadim, yelkamda har dam oilam mas’uliyati og‘ir bosilib turdi, ba’zida erkak bo‘lib tug‘ilsam, oilam mustahkam bo‘lardi, deb o‘ylab qolaman. Chunki senga nisbatan mas’uliyatli ekanimni yaxshi bilaman.
Mayli, Yaratganga shukur, unga shirk keltirish katta gunoh, deb o‘zimni ovutaman. Vaqt keladi qo‘lingdagi qo‘g‘irchoqlar seni arzon sotib ketadi, afsuslanasan. Hayotdagi eng go‘zal baxting – oilangni yo‘qotganingni tushunib yetasan. Lekin unda hammasi juda kech bo‘ladi!
Ha aytgancha, menda qalb go‘zalligi birinchi o‘rinda, sen birovlarga aytganchalik, xohlaganing kabi go‘zal bo‘la olmaganim uchun kechir. Senga husni jamoli misli oy kabi go‘zal yor tilab qolaman. Faqatgina Yaratgandan so‘raymanki, qalbi mendek samimiy bo‘lmasin. Chunki senga asosiysi qalb emas, asosiysi go‘zal siymo. Qalbimni o‘zim bilan mangulikka olib ketaman...
Mayli, barchasi uchun shukur, Yaratganga hamdu sanolar aytaman, barcha bergan sinovlaridan sabr bilan o‘taman. Biz kuchlimiz, bunga ishonaman!”
Eslatib o‘tamiz, Muqaddas Sa’dullayevaning avvalgi turmushidan bir qiz farzandi bor.