Adel nima sababdan 45 kg vazn tashlagani ma’lum bo‘ldi
Adelning shaxsiy treneri, xonanda 45 kg vazn tashlashi sababini ma’lum qildi. Bu haqida Starhit nashri xabar berdi. Iste’dodli va o‘ziga xos uslubi bilan muxlislar qalbidan joy olgan qo‘shiqchi, tashqi ko‘rinishidagi ijobiy o‘zgarish bilan millionlab ayollar uchun namuna bo‘ldi. U avvallari ham sport bilan shug‘ullangan, lekin turmush o‘rtog‘i Saymon Konekki bilan ajrashganidan keyin, asosiy vaqtini sport zalda o‘tkaza boshlagan. Sport bilan shug‘ullanish, Adelning tashqi ko‘rinishida o‘z aksini ko‘rsatmay qolmadi: xonanda 45 kilogramm ozib yanada jozibaliroq ko‘rinishga ega bo‘ldi. Adelning shaxsiy treneri Pit Jerasimoning aytishicha, Adel hech ham tashqi ko‘rinishidan uyalmagan. “U hech qachon tashqi ko‘rinishiga e’tibor qaratib, albomlar sotuvini ortirishga va boshqalardek bo‘lishga urinmagan. Biz Adel bilan boshlagan mashg‘ulotlar tug‘ruqdan keyingi salomatlikni yaxshilashga qaratilgandi, konsert safarlari va og‘ir jadvalga tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak edi. Asta-sekin u mashg‘ulotlarga ko‘nikdi va ovqatlanishiga e’tiborli bo‘la boshladi”, — deydi Pit. Saymon bilan hammasi tugaganidan keyin avvaliga depressiyaga tushgan Adel, tez orada o‘zini qo‘lga oldi va mukammal qomat uchun harakat qila boshladi. Natijada bir necha oy o‘tar o‘tmas, sezilarli darajada vazn tashladi. “Shaxsiy hayotdagi o‘zgarishlar yangi qarashlar paydo bo‘lishiga sababchi bo‘lishi tabiiy. Adel to‘g‘ri ovqatlanishga rioya qilib, tashqi ko‘rinishi ustida ishlay boshladi. Men u uchun xursandman va u bilan faxrlanaman”, — deydi trener. Trenerning qo‘shimcha qilishicha, ushbu o‘zgarish o‘z-o‘zini reklama qilish yoki kimgadir taqlid emas, Adel hammasini o‘zi va o‘g‘li Anjelo uchun amalga oshiryapti.