“Yaqinda eshitdim: aytishlaricha, davlat byudjetida tahsil olayotgan talaba agar uch baho olsa, shartnoma asosida o‘qishga o‘tkazilarkan. Shu to‘g‘rimi?”
Ayni shu mazmundagi savol aynan talabalar va ularning ota-onalari orasida eng ko‘p muhokamadagi mavzu bo‘ldi, desak mubolag‘a emas. Xo‘sh, bu ma’lumot qanchalik haqiqat? Bu borada qonunchilik talablariga haqiqatan ham biror o‘zgartirish kiritildimi?
Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida O‘zbekistonRespublikasining 2016 yilgi davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarini, shuningdek, soliq va byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlarini qabul qilgan deputatlar yuqoridagi kabi savollarga ham javob bo‘la oladigan ma’lumotlarni qayd etdilar.
“...Ta’limdan davlat ta’lim grantlari doirasida umumiy foydalanishni kafolatlovchi oliy ta’lim sohasidagi davlat siyosati prinsiplaridan kelib chiqqan holda oliy o‘quv yurtlari talabalariga stipendiya tayinlash va to‘lash tartibi o‘zgarishsiz qolmoqda. Byudjet siyosati asosiy yo‘nalishlarida ham davlat grantlari asosida qabul qilingan, ham shartnoma-to‘lov asosida o‘qitilayotgan talabalar uchun oliy o‘quv muassasalarida amaldagi o‘qish va o‘tkazish qoidalariga biron bir o‘zgartishlar kiritishni nazarda tutmaydi...” kabi ma’lumotlar aholi orasidagi yuqoridagi kabi savollarga yetarlicha javob bera oladi.