1 yanvardan xususiy notariusga boradiganlar diqqatiga!
Qonun hujjatlari muhokamasi portalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentning “O‘zbekiston Respublikasida notariat institutini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonining loyihasi muhokamaga joylashtirildi.
Ushbu loyiha Adliya vazirligi tomonidan taqdim etilgan bo‘lib, muhokama 21 noyabrga qadar davom etishi ma’lum qilingan.
Ushbu loyihaning maqsadi 1 yanvardan boshlab davlat notarial idoralarini — nodavlat, ya’ni byudjetdan tashqari notarial idoralarga aylantirish.
Ma’lumot uchun, “Notariat to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq hozirgi vaqtda O‘zbekistondagi barcha notarial idoralar — davlat notarial idoralari hisoblanadi.
Qayta tashkillashtirish jarayonida quyidagilar rejalashtirilgan:
1. 1 iyuldan boshlab ko‘chmas mulk bitimlarini notarial tasdiqlashda kommunal xizmatlar uchun qarzdorlik mavjud emasligi to‘g‘risidagi qog‘oz ko‘rinishidagi ma’lumotnomalarni taqdim etmagan holda O‘zbekistonning barcha hududlari bo‘ylab idoralararo elektron hamkorlikka to‘liq o‘tish.
Notarial harakatlarni amalga oshirish bilan bog‘liq avtomatlashtirilgan jarayonlarga butun mamlakat bo‘yicha bosqichma-bosqich o‘tish 27 fevraldagi 106-sonli VM qarori bilan reglamentlangan. (Toshkent shahrida — 01.07.2017 yildan, butun O‘zbekiston bo‘yicha — 01.07.2018 yildan);
2. Mol-mulkni begonalashtirish va xatlash to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasini 1 yanvargacha IIV va Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasiga o‘tkazish;
3. Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan 2018 yil 1 yanvargacha fuqarolarning layoqatsizligi bo‘yicha elektron ma’lumotlar bazasini shakllantirish;
4. Majburiy notarial rasmiylashtirilishi kerak bo‘lgan harakatlar ro‘yxatini qisqartirish;
5. Notarial harakatlarni amalga oshirish uchun taqdim etiladigan hujjatlarni optimallashtirish;
6. Davlat boji stavkalari hisob-kitobini qayta ko‘rib chiqish, qat’iy belgilangan stavkalarni (summalarni) belgilash yoki davlat boji stavkalari hisob-kitobining qo‘shiluvchi formulasini bekor qilish;
7. Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari vakillari (yolg‘iz keksalar, nogironlar va boshqalar) uchun ular ishtirokida notarial harakatlarni amalga oshirishda qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish;
8. Notarial xizmatlar ko‘rsatishning borishi ustidan real vaqt rejimida videokuzatuv;
9. Davlat bojini to‘lashda elektron to‘lovlarni amalga oshirish (billing).
Notariuslar faoliyatini rasmiylashtirish
Amaldagi notariuslar o‘z faoliyatini davom ettirish uchun notarial faoliyat bilan shug‘ullanish huquqi uchun lisenziyani rasmiylashtirish maqsadida ariza berishlari kerak bo‘ladi.
Notarial idoralar adliya organlarida davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.
Notariuslarning lisenziyalarini to‘xtatib turish yoki tugatish masalalari bilan adliyaboshqarmalari huzuridagi malaka komissiyasi shug‘ullanadi.