Qorong'u kechada ko'kka ko'z tikib,
Eng yorug yulduzdan seni so'rayman.
Ul yulduz uyalib, boshini bukib,
Aytadi, men uni tushda ko'raman.
Tushimda ko'raman, shunchalar go'zal,
Oydanda go'zaldir, kundanda go'zal.
Ko'zimni olaman oy chiqqan yoqqa,
Boshlayman, undan-da seni so'rmoqqa.
Ulda aytadur bir qizil yanoqqa,
Uchradi, tushimda ko'milgan oqqa.
Oqqa ko'milganda shunchalar go'zal,
Oydanda go'zaldir, kundanda go'zal.
Erta tong shamoli sochlarin yoyib,
Yonimdan o'tganda so'rab ko'raman.
Aytadi, bir ko'rib yo'limdan ozib,
Tog'u – toshlar ichra istab yuraman.
Bir ko'rdim men uni shunchalar go'zal,
Oydanda go'zaldir, kundanda go'zal.
Men yo'qsil na bo'lib uni suyibman,
Uning uchun yonibman, yonib kuyibman.
Boshimni ne ishga berib qo'yibman,
Men suyib, men suyib, kimni suyibman.
Men suygan suyukli shunchalar go'zal,
Oydanda go'zaldir, kundanda go'zal.