Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » Exclusive Intervyu

Zuhra Ashurova: "Jahlim chiqqanida hurmat darajasini yo‘qotib qo‘yaman"


O‘zbek milliy teatr san’ati ravnaqi yo‘lida xizmat qilayotganlardan biri O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Zuhra Ashurovadir. U yaratgan obrazlar o‘zining serjiloligi, mehribonligi, odamiyligiyu qat’iyatliligi va tomoshabinlarga yaqinligi bilan ajralib turadi. "So‘g‘diyona" gazetasida aktrisa bilan suhbat chop etildi.

— Zuhraxon, suhbatga kela yotib bir narsa haqida o‘ylab qoldim, bugun negadir? ayrim oilalarda opa-ukalar, jigarlar o‘rtasidagi mehr-oqibat yo‘qolib borayotgandek…

— Jigarlarning bir-biriga mehr-oqibatli bo‘lib voyaga yetishishida ota-onaning mehnati katta. Bilasizmi, men 31 avgust kuni erta saharda dunyoga kelganman. E’tibor opam o‘shanda 7 yosh bo‘lib, 1-sinfga chiqishlari kerak ekan. Ular onamga chaqaloqni parvarishlashda yordam beraman deb, maktabga bir yil kechikib, 8 yoshda chiqqanlar. Shu sabab ham ularni onam deb chaqiraman. To‘y-hashamda, g‘amboda kunlarimda, quvonchli damlarimda doim ular bilan maslahatlashaman. Opam esa meni hanuzgacha yosh boladek erkalatadilar. Oilada uch o‘g‘il, uch qizmiz. Katta akam olamdan o‘tgan. Jigarlarim bilan ko‘z tegmasin, juda mehr-oqibatli, ahilmiz, uylarimiz ham bir-biriga yaqin.

Yana otam maktabga chiqayotgan yilim hovlimizga ekish uchun atirgullar olib kelganini entikib xotirlayman. Men yoshligimga borib, ariq ham olmasdan atirgullarni ekibman. Ishdan qaytganlarida men ekkan gullarga kulib qaradilar-da, «Mayli, ona qizim, zarari yo‘q, keyinroq qayta ekarmiz», deganlar, shu bilan notekis bo‘lib qolib ketgan. Turmushga chiqqanimdan so‘ng akam atirgullarni bir tekis qilib qayta ekmoqchi bo‘lsalar, «Tegma, bu gullarni singling ekkan», degan ekanlar. Bu ham bizning bir-birimizga bo‘lgan mehrimizni shakllantirgan bir ibratli voqeadir.

— Gullarga mehringiz bo‘lakcha-a?

— Ha. Xudi onam rahmatlidek. Onam nastarin gulini juda yaxshi ko‘rardilar. Erta bahordan hovlimiz lolazorga aylanardi. 6 aprelda, qizimning tug‘ilgan kunida onam nastarin va lolalardan iborat guldasta bilan uyimizga kirib kelishlari hamon ko‘z o‘ngimda.

— Sizni sahnani qadrlaydigan aktrisa, deya ta’riflashadi.

— Aktrisa bo‘lish orzusiga erishishim oson kechmagan. Onam rahmatli «Artist bo‘lsang, seni kim kelin qiladi?» deya xavotir aralash qarshilik ko‘rsatganlar. Otam ko‘nglimga qaraganlar, u kishi bizga doim «siz»lab murojaat qilardilar. To‘g‘ri, padarim ko‘proq suxandon bo‘lishimni orzulaganlar. Qo‘ni-qo‘shni o‘rtasida har xil mish-mish gaplar ham tarqalgan. Sahnada kimlar bilandir er-xotin bo‘lib chiqsam, «Voy, Jo‘ra akaning qizi falonchining xotini bo‘lib chiqibdi», deyishgan. Uyga yig‘lab kelgan kezlarim ham bo‘lgan. «Hali shunday aktrisa bo‘layki, gap-so‘z qilganlar uyalib qolsin. Onam esa quvonib yursinlar», derdim. Oradan yillar o‘tgach, volidam mendan, kasbimdan rozi bo‘ldi. «Men Zuhra Ashurovaning onasiman», deya faxr bilan so‘zlaganlarida ko‘zim yoshlanardi. Qismatni qarangki, avvallari artistning qizini hamma kelinlikka olmagan bo‘lsa, bugungi kunda buning aksi bo‘lib chiqyapti. San’atkorga qiz bersam, artistdan kuyovim bo‘lsa, qaniydi, deguvchi insonlar oramizda anchagina topiladi. San’atkorga qiz bermayman, degan kishilarning nabiralari bugungi kunda san’atkor bo‘lish uchun harakat qilishayapti. San’atkorlik ancha mashaqqat talab etilishini, afsuski, hamma ham his etavermaydi. San’atni egallash uchun Zuhra Ashurova tirnoqlari bilan tirmashganini bilishmaydi. Shunga qaramasdan tirishib, orzumga, oldimga qo‘ygan maqsadimga erishganman. Mana shunaqa qiyinchiliklardan o‘tganim uchun ham sahnaning qadriga yetaman.

— Yosh ijodkor ayollar bilan suhbatlashsangiz, odatda, san’atda dugonam yo‘q, deb qolishadi.

— Bizda esa aksincha. Aksariyat hamkasblarim bilan institutda birga tahsil olganmiz. Talabalik yillarimizdan bir-birimizni taniganmiz. Milliy teatrga oldinma-keyin ishga kelgan Shohida Ismoilova, Saida Rametova, Ra’no Yarasheva, Muqaddas Xoliqova, Mahfuza Bobotillayeva, Nodira Mahmudova va meni «Sanamlar» deb atashardi. O‘sha kezlarda Yangi yil arafasida, bahor bayramlarida o‘zimiz ssenariy yozib, televidenie orqali ko‘rsatuv tayyorlardik. Teatrda «Onang o‘rgilsin, bolam» nomli spektakl qo‘yganmiz. «Antiqa qudalar» nomli spektaklimiz ancha shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Ko‘p yillar sahnadan tushmadi bu asar. Hammamizning g‘oyamiz asosida Nodira Mahmudova ssenariy yozgan edi. Hamkasb dugonalarim kabi ahil jamoa boshqa bo‘lmasa kerak. Ijodga bo‘lgan, ishga bo‘lgan mehr-muhabbatimiz beqiyos. Hozir yoshimiz ancha ulg‘ayganiga qaramay, shijoatimiz, g‘ayratimiz so‘nmagan. Bir-birimizga hamdard va dardkashmiz. Mahfuza Bobotillayeva bilan institutda 4 yil bir guruhda o‘qiganman, hanuzgacha yaqin dugonamiz. Bir-birimizning o‘rtamizda hech qanday sir yo‘q. Xonadonimizdagi, teatrdagi muammolarni o‘rtaga tashlab, birgalikda hal qilamiz. 35 yildan buyon teatrda Muqaddas Xoliqova bilan xonadoshman. Uni ko‘pchilik juda cho‘rtkesar deb o‘ylaydi. Aslida uning rollari shunaqa. Bu ayolning insoniy fazilatlariga havas qilsa arziydi. Judayam oqibatli inson. U hech birimizni bayramlarda tabriklashni unutmaydi. Hatto, nabiralarimni 1 iyun – Xalqaro bolalar kunida qutlashni ham yodidan chiqarmaydi. Ra’no Yarasheva ham atrofidagilarga e’tiborli. Bir-birimizning farzandlarimizga maslahat berishga, to‘g‘ri yo‘lga solishga, kerak paytda, hatto, urishishga ham haddimiz sig‘adi. Ra’noxon bizdan keyin ham farzandlarimiz bir-biri bilan bordi-keldi qilsin, deydi. Bolalarimiz ham bir-biri bilan ancha yaqin bo‘lib ketishgan. Ilohim, mehr-oqibatimiz yo‘qolmasin.

— Kino, seriallarda ham suratga tushasiz. San’atning bu yo‘nalishidagi ijrongizdan qoniqasizmi?

— Rosti, o‘zimni kinodan omadi kelgan aktrisa, deb sanamayman. To‘g‘ri, rollarim bor, biroq o‘zim istagan va qoniqtiradigan to‘laqonli obrazni yaratganim yo‘q. Masalan, tomoshbainlar «Kelinlar qo‘zg‘oloni» desa Dilbar Ikromovani, «O‘tkan kunlar» haqida so‘z ketsa, Gulchehra Jamilovani, «Sevginator» deganda esa Muqaddas Holiqovani ko‘z oldiga keltirishadi. Menda mana, shunday rollar yo‘q. Viloyatlarga borganimda ko‘proq telepostanovkalardagi Xonzodabegim, Layli obrazlarimni eslashadi. Yana «Otalar so‘zi — aqlning ko‘zi» ko‘rsatuvi orqali eslab qolishgan. Buning uchun Mirabbos Mirzaahmedovga rahmat aytaman.

— Ruhiyatingizga qanday rollar ta’sir etadi?

— Ayni kunda mushtipar, haqiqat izlab har bir eshikka bosh urayotgan ayol obrazi. Hozir juda ta’sirchan bo‘lib qolganman. Urdi-surdi filmlarni hech ko‘rolmayman. Hayotiy voqealar tasvirlangan mazmunli filmlarni tomosha qilgim keladi. «Osmondagi bolalar», «Novda» kartinalari ana shunday filmlar sirasiga kiradi.

— Rejissyorlarimiz qiyofangizni qanday rollarga mos deyishadi?

— Rejissyor Maqsud Yunusovdan «Nima uchun Zuhra Ashurova ijobiy, lirik rollarni gavdalantiradi? Nega Xonzodabegim, Laylilarni bergansiz?» deb so‘rashgan ekan. O‘sha kezlarda rejissyorimiz «Bibixonim» filmi ustida ishlayotgandi. Men Bibixonim roliga tayyorgarlik ko‘rayotgandim. «Zuhrada haqiqiy o‘zbekona yuz, o‘zbekona muomala bor», deya javob qaytargan. Yaqinda bir rejissyor yordamchisi bilan suhbatlashib qoldim. «Sizning ko‘zlaringiz ma’yus, ularga qahr begona bo‘lgani uchun mana bu filmga ololmadik», dedi. Buni o‘zim ham tan olaman. Serqirra aktrisa bo‘lishni orzu qilaman, lekin tashqi ko‘rinishim faqat ijobiy rollarga mos tushadi. Salbiy rollar ijro etishni istayman-u, tomoshabinni aldab bo‘lmaydi, ko‘zingiz sotib qo‘yadi.

— Yanglishmasam, qizingizni turmushga uzatgansiz. Quda-andachilikda nimalarga ko‘proq rioya etgansiz?

— Ochig‘i, avvalo qizimizning bu boradagi tanloviga qarshilik bildirgandik. Uzoq joyga uzatishni istamadik. Chunki kuyovimiz Namanganlik. Qizim bilan kuyovim Jahon tillari universitetining jurnalistika fakultetida birga o‘qib, bir-birlariga ko‘ngil qo‘yishgan. Bilasiz, ko‘ngilga buyruq berib bo‘lmaydi. Mening ota-onam ham ko‘nglimga qarab ish tutishgan. Shularni o‘ylab, qizimning ko‘ngliga qarshi bormaslikka qaror qildik. Kuyovim Bahodirjonni o‘z farzandimdek ko‘raman. Qizim ayni kunda Toshkent telekanalida «Kitobxon shou» ko‘rsatuvi boshlovchisi va muharriri. Ular ikki farzandning ota-onasi.

— Danagidan mag‘zi shirin, deyishadi. Yoningizga kelganida nabiralaringiz bilan nimalar to‘g‘risida suhbatlashasiz?

— Katta nabiram, mana, hozir ham yonimda. Nasib etsa, keyingi yili maktabga chiqadi. U xonadonimiz quvonchi. Ishdan charchab kelganimda avvallari qizlarim «Kim?» deyishsa, butun charchoqlarim chiqib ketardi. Hozir nabiram eshikni ochsa, dilim yorishib ketadi. Yosh bolalar kattalarga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Quvonib bag‘rimga bosaman. Qaynegachim «Nabiralar – validol», deydi. Men ham shu fikrga qo‘shilaman. Nevaram ota-onasining yoniga ketsa, uyimiz huvillab qoladi. Uch-to‘rt kun o‘tmasdan qaytarib olib kelamiz. Ertak kitoblar o‘qib beramiz, bilganlarimizni qayta-qayta aytaverganimizdan ular, hatto, yodlab olishgan. Albatta, odobga, ko‘cha-ko‘yda, dasturxon atrofida o‘zini qanday tutish kerakligini o‘rgatishga harakat qilayapmiz. Bola — yosh nihol, unga mehr-muhabbat bilan munosabatda bo‘lsangiz, barcha aytganlaringizni bajaradi.

— Nimalar sizni ranjitadi, nimalardan afsuslanasiz?

— G‘irromlik, yolg‘on aralashgan, samimiyatdan uzoq muomaladan, nohaqlikdan ranjiyman. Kasbimizga yengil-elpi qarayotgan yoshlarni ko‘rsam, xafa bo‘laman. Nahotki, ular kasbimizga xiyonat qilishgacha borishayapti, deb yuragim o‘rtanadi. Vaqt o‘gach, o‘zlari ham buni anglaydi. Yolg‘onning misi, baribir, chiqadi-ku. Teatrda ham, kinoda ham yangi rollar yaratolmagan kezlarim bo‘ldi. Buning o‘ziga xos sabablari bor va unga ba’zi kishilar sababchi bo‘lishgan. Kimlar uchundir boy berilgan yillarimga achinaman. O‘z vaqtida rejissyorlardan rol so‘ramaganim uchun ham afsuslanaman.

— Muxlislar...

— Shukr, muxlislarim ko‘p. Bozorlarda yurishni yaxshi ko‘raman. Doim hurmat ko‘rsatishadi. Lekin ba’zi joylarda sizni yerga uradiganlar uchrab turadi. Yaxshi gapirganimni suiiste’mol qiladiganlar ham afsuski topiladi. Muxlislar ham har xil, ammo meni e’zozlaydiganlar ular orasida ko‘pchilikni tashkil etishi meni quvontiradi.

— Chetdan qaraganda yumshoq tabiatli ayolga, suhbatlashganda esa shaddodga o‘xshaysiz. Aslida, tabiatan qandaysiz?

— Sahna boshqa, hayot boshqa. Samimiylikka intilaman. Biroq men ham ko‘plar qatori bandaman. Ko‘ngilni ranjitadigan gaplar eshitsam, farzandlarimni, o‘zimni izzat-nafsimni toptaydigan so‘zlar bo‘lsa, to‘nimni teskari kiyib olaman. Ideal inson bo‘lmaydi, o‘ta madaniyatli odamda ham, sabr-toqat chegarasi bo‘ladi.

— Qiyinchiliklarni qanday yenggansiz?

— O‘z shiorim bor. «Bundan ham yomon bo‘lishi mumkin edi-ku!» deya o‘zimni tinchlantirganman.

— Tuzatib bo‘lmas kamchiligingiz?

— «Zuhraning jahli chiqmasin. Jahli chiqsa hech kimni tanimaydi», deyishadi dugonalarim. Jahlim chiqqanda hurmat darajasini yo‘qotib qo‘yaman. Katta-kichikning farqiga bormay qolaman.

Ma’pura NABIYEV suhbatlashdi.



Категория: Exclusive Intervyu
Просмотров: 4385 | Рейтинг: 0| Рейтинг: jahil, Zuhra Ashurova
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 13:09
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное