Qiziqchilarning sahna chiqishlarini tomosha qilib, ularning xarakteri va hayotiy qarashlarini to‘g‘ri baholash biroz mushkul. Asosan xalqni qiynayotgan biror bir muammoni nishonga olib, kulguga yo‘yishadi. Bugungi qahramonimiz ham shunday, gap kelsa, ayab o‘tirmaydi. “Sug‘diyona” gazetasining ijodkorlari tomonidan «Handalak» guruhi a’zosi Zokir Ochildiev bilan uyushtirgan suhbatini e’tiboringizga havola etamiz.
— Hamkasblaringiz ijodini kuzatganda «Nega ular aytgan hazillar menining xayolimga kelmadi» degan o‘y bo‘lganmi hech? Ya’niki ijodkor sifatida rashkchimisiz?
— Odatda mening ijodimda rashk emas «g‘ash»lik ko‘proq kuzatiladi. Savolning birinchi qismiga kelsak, menda ko‘proq bu holatning teskarisi bo‘ladi. «Nega men aytgan gaplarni salgina o‘zgartirib, muallifdek gapirisharkan» deya o‘ylab qolaman.
— So‘nggi o‘qigan kitobingizdagi qaysi misralar yodingizda qoldi?
— Mutolaa qilayotgan kitobim hozir qo‘limda turibdi. Mashhur sport sharhlovchisi Hayrulla Hamidovning «Izsiz yo‘llar» kitobini maroq bilan o‘qiyapman. Bu yerda keltirilgan quyidagi to‘rtlik e’tiborimni tortdi.
Yaxshi odamlarni izlang dunyoda.
Shu maqsad yo‘lida, dunyo kezingiz.
Topa olmasangiz uni moboda,
O‘sha yaxshi odam bo‘ling o‘zingiz...
— Oxirgi marotaba nimalar haqida orzu qildingiz?
— So‘nggi paytlarda ko‘proq sog‘lig‘im haqida qayg‘uryapman.
— Yetti yashar Zokir Ochildievga xat yozganingizda, unga nimalarni bayon etgan bo‘lardingiz?
— «Zokir, hayotingning har bir kunida sen bilan sodir bo‘layotgan voqea hodisalarni yozib bor. Kelajakda kitob qilasan» deya aytardim. Inson yoshi ulg‘aygandan keyin ana shunday, bir qarashda oddiy, ammo juda muhim narsalar borligini sezar ekan...
— Mashhur bo‘lishning eng qulay tomonlari nimada?
— Taniqililikning qulay tomonlaridan ko‘ra, biroz noqulay jihatlari ko‘proq. Qaerga bormaylik bizni tanib qolishganidan, erkinroq bo‘lolmaymiz. To‘g‘ri bu kunlarni o‘zimiz tilab olganmiz, shukur. Ammo ba’zan avvalgidek, ko‘cha-kuyda bemalol yurgan paytlarimni qumsayman. Istagan bozorga borib, bemalol aylanib yurardim. Bugun esa istaymanmi yo‘qmi, san’atkor ekanligimni bilganlar men bilan boshqacha gaplasha boshlaydi. Bu meni biroz hijolatga qo‘yadi...
— Bugungi taniqli xonandalarning kuchli uchtaligini ayta olasizmi?
— Bugun faol xonandalarimiz juda ko‘p. 1. O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov. 2. Farhod Saidov. 3. O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova. Bu san’atkorlar barcha yoshlarga o‘rnak bo‘la olishadi, nazarimda.
— Ko‘rinmas odamga aylanib qolganingizda...
— Birinchidan, tabiat qonuniga qarshi chiqqim yo‘q. Shuning uchun doim ko‘rinib yurishni istayman. Lekin agar shunday bo‘lib qolsa, o‘zimga o‘xshagan «ko‘rinmaslarni» bir yerga to‘plab, o‘g‘rilik, mutahamlik va atrofga ziyon keltirayotganlarni jazolash bilan shug‘ulanardim.
— Qaynotangizga qanday kuyov bo‘ldim deb o‘ylaysiz?
— Qaynota va qaynonam baxtimizga bugun sog‘ salomat bizning rohatimizda umr kechirib kelishyapti. Yoshlari saksondan o‘tib boryapti. Qaynotam o‘zimga o‘xshagan juda hazilkash, hali haligacha allambalo gaplar bilan kuldira oladigan inson. Ularga juda havas qilaman. Kelajakda ular singari boriga shukr qilib, kuyovning ishiga aralashmaydigan uni o‘z farzandidek ko‘radigan, ta’ma qilmaydigan qaynota bo‘lishga harakat qilaman.
Aliya SULAYMANOVA suhbatlashdi.