Yulduz Abdullayeva: Hech kimga taqlid qilmaganman!
Taniqli xonanda Yulduz Abdullayeva “Oila davrasida” nashriga bergan intervyusida o‘z ijodida hech kimga taqlid qilmaganini ta’kidlab o‘tdi.
“Professional xonandalarning ijod yo‘li bir-biriga o‘xshaydi, – dedi u muloqot chog‘ida. – Qiziqish esa bolalikdan boshlanadi... Lekin san’atning katta yo‘liga tushib olgach, undagi jarayonlar turlicha kecha boshlaydi. Kimdir san’atda nimaga qodirligini isbotlash uchun ijod qiladi, kimdir to‘siqlarni yengishga intiladi. Ammo doim ijod bilan mashg‘ul san’atkor bunga e’tibor bermaydi.
San’atga kirganimga o‘ttiz yildan oshiqroq vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, hech qachon o‘tkinchi gap-so‘zlarga e’tibor bermaganman. Zamon, qonun-qoidalar o‘zgaradi, haqiqiy ijod esa yashayveradi”.