Sa’dievlar xonadoni og‘ir judolikni boshdan kechirdi. Yodgor Sa’dievning rafiqasi san’atshunos olima Zaylixon Sa’diyev xastalik tufayli bu yorug‘ dunyoni tark etdi. O‘zbekiston xalq artisti Yodgor Sa’diev o‘z kechinmalari haqida “Bekajon” gazetasi bilan o‘rtoqlashdi.
“Otam olamdan o‘tgandan so‘ng ikki oydan keyin men tug‘ilganman. Onam akam ikkimizni oq yuvib, oq taradilar. Birovdan kam qilmay voyaga yetkazib, o‘qitdilar, uyli-joyli qildilar. Onam rahmatli otam yo‘qligini bildirmay, akam ikkimizni xalq artisti darajasiga yetkazdilar. Biz onamga suyanib qolgan edik. Onamning vafotidan keyin yetim bo‘lib qoldim. Zaylixon yetimligimni sezdirmadi. U nihoyatda dono ayol edi. Men bilan yelkama-elka turib, ijod qilishimga ko‘maklashdi. Uning oqilona maslahatlari hayotimda va ijodimda ko‘p bora foyda keltirgan. 55 yoshga to‘lganimda, yubiley kechasida “Sebzorlik yigit” degan kitobini nashr ettirib, sovg‘a qilgandi... Zaylixonda ayoliy fazilatlarning barchasi mujassam edi. Har bir narsaga to‘g‘ri nazar bilan qarardi, har bir muammoning yechimini to‘g‘ri topa olardi. Shu paytgacha menga ko‘z yoshini ko‘rsatmagan, dardga judayam chidamli, shu bilan birga kuchli va matonatli ayol edi. 1976-1980 yillarda gastrol safariga ketganimda, chiroyli satrlar bilan sog‘inch maktublarini bitardi. Har kuni erta tongda uyg‘onganimda jilmayib, qarshi olardi. U o‘qimishli va ziyoli ayol edi. Hech qachon g‘iybat qilganini, kimnidir yomonlaganini eshitmaganman. Zaylixon erta vafot etadi deb o‘ylamagandim. U meni yolg‘izlatib ketdi. Zaylixonning vafotidan keyin yana yetim bo‘lib qoldim. Ammo farzandlarim va nabiralarim yetimligimni bildirishmayapti. Men Zaylixon uchun ham yashashim kerak.
Azizlarim! Sizlarga aytar gapim, bir-biringizni asrab-avaylang. Umringizning har daqiqasi g‘animat ekanligini unutmang!