Xorazmga “behayo kinolar” tashiyotgan yo‘lovchilar qo‘lga olindi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1997 yil 10 oktyabrdagi “Tovarlar eksportini rag‘batlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risidagi”gi Farmoniga ko‘ra, pornografik mazmundagi materiallarni Respublika hududiga olib kiritilishi taqiqlangan.
Lekin shunga qaramasdan, ba’zi fuqarolar tomonidan behayolikni targ‘ib qiluvchi pornografik mazmundagi materiallarni davlatimiz hududiga noqonuniy olib kirishga urinish holatlari uchramoqda.
Jumladan, joriy yilning 14 sentabr kuni Moskva–Urganch yo‘nalishi bo‘ylab, Moskva shahridan Urganch shahriga uchib kelgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumani Ullibog‘ ovul fuqarolar yig‘inida yashovchi Rasulbek Aytbaev o‘ziga tegishli bo‘lgan planshet va uyali telefon apparati xotiralarida pornografik mazmundagi 252 ta videolavha va 68 ta fotosuratlarni olib kirishga uringan.
Ushbu urinish “Urganch aeroporti” chegara bojxona posti xodimlari tomonidan aniqlanib, fuqaro ma’muriy javobgarlikka tortildi. Huquqbuzarga tegishli elektron qurilmalar davlat foydasiga musodara qilindi va qonunda belgilangan tartibda jazo choralari qo‘llanildi.
Bundan tashqari, 20 sentabr kuni Moskva–Urganch yo‘nalishi bo‘ylab, Urganch shahriga kelgan O‘zbekiston fuqarosi Dilshod Ollaberganovga tegishli bo‘lgan uyali telefon bojxona nazoratidan o‘tkazildi. Qurilma xotirasida 320 dona pornografik mazmundagi videolavhalar hamda 75 dona pornografik mazmundagi fotosuratlar borligi aniqlanib, behayo mazmundagi materiallarni O‘zbekistonga kirib kelishiga chek qo‘yildi.
Ushbu ma’lumotlar tahririyatga Xorazm viloyati bojxona boshqarmasining matbuot xizmati tomonidan taqdim etilgan.