Shinamlik deganda nimani tushunamiz? Bu sezilar-sezilmas borliq, interyerdagi ma’lum bir narsalarning uyg‘unligi bo‘lib ular uyda o‘zingizni haqiqatda qulay his qilishingizga sabab bo‘ladi. Shinam uyga qayta-qayta tashrif buyurgingiz, mehmon kutish yoki ish kuni yakunida issiqqina choy ichib hordiq chiqargingiz keladi. Xonadoningizga fayz va shinamlikni qanday olib kirishingiz mumkin?
1-maslahat
Ranglar uyg‘unligiga e’tibor qarating. Ma’lumki, ranglar inson ruhiyatiga turlicha ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Qizil rang asab tizimining qo‘zg‘alishiga sabab bo‘lsa, binafsharang tushkunlikni keltirib chiqaradi. Yaxshisi sokin ranglar — och ko‘k, jigarrang yoki yashilni tanlang.
2-maslahat
Yorug‘likka e’tibor bering. U yetarli darajada bo‘lishi kerak. Xona juda ham qorong‘i yoki jarrohlik bo‘limidagi kabi juda yorug‘ bo‘lmasligi uchun bir necha xil yoritish moslamalaridan foydalanish tavsiya etiladi.
3-maslahat
Har bir xonadonning o‘ziga xos hidi borligini sezganmisiz? Uyingizdan doim toza havo tarqalishi uchun havo almashuvchi tirqishlarni muntazam tozalab turing, gilamlarni changyutkich bilan tozalang, pardalarni yuvib turing.
Yoqimli ifor qo‘shish uchun maxsus vosita xarid qilish shart emas. Buning uchun uyingizga bir nechta xushbo‘y sham yoki qahva donachalari solingan ko‘zachalarni qo‘yib chiqing.
4-maslahat
Shinamlik va tartib butunlay boshqa-boshqa tushunchalardir. Uyingizda xuddi shifoxonalardagidek ideal tozalik yaratishga urinmang, bu salbiy hissiyot uyg‘otadi. Yengil ijodiy tartibsizlik — stol ustidagi bir nechta kitob, javondagi kulolchilik haykalchalari uyingizda ko‘proq qolishga undaydi.
Uy jihozlarini joylashtirishda o‘ziga xos tajribalar o‘tkazishdan cho‘chimang. Vaqti-vaqti bilan xonadagi mebellar joyini o‘zgartirib turish kayfiyatga ijobiy ta’sir qilishi isbotlangan.