Tun yarmidan oqqanida suvsab uyg‘onib ketdim. Yelkamga ro‘molimni tashlab, hovliga chiqsam, bir sharpa borib-kelayapti. Qo‘rquv oniy lahzalarga meni zabt etdi. Sharpaning kelinim ekanligini bilgach esa xavotirim yanada kuchaydi.
— Lobar, tinchlikmi? — dedim meni ko‘rib taqqa yurishdan to‘xtagan kelinimga qarab. Kunduzlari havo iligan bo‘lsa ham, tun salqin. U qunishibgina kecha qaynotasi ochgan toklarning yonida turardi.
— Xola, Tolib akam kelmadilar, — dedi Lobar yig‘lagudek bo‘lib.
O‘g‘limning sayoq yurishlariga kelin allaqachon ko‘nikkandek edi. Hech Tolibga gap uqtira olmadim. Uylangach, ham quyilmadi.
Homilasi kattalashib qolgan kelinimni oshxonaga boshlab kirdim. Choy qo‘ydim — ichiga issiq kirsin, qo‘llari muzlab qolibdi.
U esa mung‘ayib o‘tirgancha yig‘lab yubordi.
— Bir soatlar oldin telefonlaridan qo‘ng‘iroq qilishdi. O‘rtoqlari ekan. O‘n besh daqiqalarda boramiz, darvozani ochib turing, deyishgandi. Haliyam yo‘qlar.
— Voy, bizni uyg‘otmaysanmi, bir o‘zing qo‘rqmaysanmi darvozani ochgani, — dedim garchi Lobarga hamma narsani ham qaynotasiga bildiraverish kerakmasligini o‘zim tayinlagan bo‘lsam-da.
Shu payt darvoza tomondan qadam tovushlari eshitildi. Yana hovliga chiqdik. Ikki o‘rtog‘i o‘g‘limni ikki yonidan suyab olib kelishibdi. Ichgan. Har qalay uyga kelibdi. Ichsayam mayli, deydigan bo‘ldim oxirgi paytlarda. Biror kimga ilakishib uyga kelmay qo‘ysa, Lobar ketib qoladi, deb cho‘chirdim.
Kelinga «Sen oshxonaga kirib tura qol», dedim-u yigitlarning «Endi bayram qildik-da», deyishlariga o‘zimni majburlab bosh irg‘ib, ularni mehmonxona tomonga boshladim. Dadasi uyning bu tomoniga o‘tavermaydi. O‘g‘limni divanga yotqizganimizda ham hech narsani sezmadi. Endi shu yotishi bilan ertaga tushdan keyin uyg‘onadi. Bir gap aytsam, eslolmaydi. Shuncha odamning yarim tunda uning dardida ovora bo‘lganini qaerda ham bilsin?
Eng muhimi, dadasi uyg‘onib qolmasa bo‘ldi. Yo‘qsa, yana meni urishadi. «Sen ayblarini mendan yashira-yashira shu darajagacha olib kelding», deya boshlaydi odatda urishishni. Hozir avvalgidek «Siz o‘zingiz tarbiyasi bilan shug‘ullanmadingiz», deya iddao qilmayman. Jim tilimni tishlab turaman. Kelin bor har holda. O‘zimning jiyanim bo‘lsa ham, kelin degan nomi bor. Bizningcha, qaynonalik gashtini surayotgan dugonalarim aytganicha ekan, kelin kelgach, ehtiyorkor bo‘lib qolarkansiz. «Begona ko‘z qarab tursa, begona quloq eshitib tursa, yana bir kun o‘zingga javob bo‘lib qaytishi mumkin, shu sabab o‘ylab gapirib, yetti o‘lchab, bir kesib ish qil. Dasturxoning ham to‘kisroq bo‘lishi kerak. Xullas, kelin degani tashvishlardan qutuldim deganimas», deyishardi ular o‘g‘il uylantirish tashvishiga tushganimizda.
Yo‘g‘imni yashirib, borimni oshirishim shartmas. Hamma narsa muhayyo uyda. Singlim ham shuning uchun rozi bo‘lgan. Orqavoratdan Tolibning bezoriklarini eshitishgan bo‘lishsa ham, o‘zimdek fikrladi — uylansa, bosilib qolar.
Men ham o‘zimniki chidaydi, dedim. Qaynona-kelin jiqqa musht bo‘lmaymiz, qizim, bolamlab bag‘rimga bosib o‘tirsam, o‘g‘limning xurmacha qiliqlariga chidar, o‘zi ham uyimizga mehr qo‘yib, erini yo‘lga solib olar, deya o‘yladim. Asosiysi, uydagi gap ko‘chaga chiqmaydi. Odamlar oldida sharmanda bo‘lmayman.
Bu fikr xayolimdan o‘tdi-yu seskanib ketdim. O‘tgan hafta o‘g‘lim ham shu gapni aytgandi.
— Siz faqat obro‘-e’tiborni o‘yladingiz? Sharmanda qilma, degansiz nuqul menga.
— Jim bo‘l, dadang keladigan payt bo‘ldi.
— Dadam bilmaydi deysizmi qanaqaligimni? — uning asabiylashib aytgan gapi jonimdan o‘tib ketdi.
Birzum nima deyishni bilmay toshdek qotib qoldim-u, keyin unga gapirish befoydaligini tushunib, xonasidan chiqib ketdim. Lobarga ham biror fursat erining ko‘ziga ko‘rinmay turgani durustligini aytdim.
Bu bola qachon shunchalik o‘zgarib ketdi? To‘ng‘ichim deb avvaliga erkalatgan bo‘lishimiz mumkin. Ammo keyin o‘g‘il bola deya tarbiyasida qattiq turdik. Uka-singlisi tug‘ilgach-ku ovsinim qaradi Tolibga. Ukasi hozir o‘qishda, o‘zi bilan o‘zi ovora. Singlisini uzatdik. Olti oydan beri tiq etgan ovozi chiqmadi. Akasi bilan janjallarimizdan charchab ketgandi u ham.
O‘tgan kuni televizorda boks musobaqasi bo‘layotgan ekan. Sal u yoq-bu yoqdan gaplashay deb, «Boshqa kanalga ol», dedim so‘z boshlash ilinjida.
— Bir paytlari boksga qatnashgani qo‘ymagandingiz, endi tomosha qilishga ham ruxsat yo‘qmi? — dedi Tolib pultni taq etib stolga qo‘yarkan.
Lobar uzatgan choyni qanday qo‘limga olib, dasturxon ustiga qanaqa qilib qo‘ydim — bilmadim.
Tolib ishxonasida qisqartirish bo‘lganiga ham meni zimdan ayblaydi. Endi bir paytlari bolamning yuz-ko‘zi ko‘karib yuradimi deya, boks mashg‘ulotlariga qatnashtirmay qo‘yganimni yuzimga solayapti. O‘zi tanlamagan sohasida o‘qitgan ham men ekanman. Asli, uchinchi bosqichgacha zo‘rg‘a amalladim. Oxirgi marta darslarga qatnashmagani uchun o‘qishdan chetlatish haqida uyimizga xat kelganida dadasiga oyog‘im og‘riyapti, poytaxtga borib ko‘rsatib kelmasam bo‘lmaydi, deya uchib borgandim.
— Siz bo‘lasizmi Tolibning onasi, marhamat, opa, o‘tiring, — dedi yoshi hali qirqlarga kirmagan dekan stulni ko‘rsatib.
O‘qishni tiklashdan so‘z ochgandim, bosiqlik bilan dona-dona qilib gapirdi.
— Uch yildan buyon biror marta sessiyalardan o‘tolmaganidan xabaringiz bo‘lsa kerak. Hali davomati, hali imtihon topshirmagani uchun o‘qituvchilar Tolibning bahosini qo‘yishmaydi. Ammo nuqul tepadan buyruq keladi. Majbur o‘qishini tiklaymiz. Yaqinda kattaroq yoshli o‘qituvchimiz nima dedi, bilasizmi, men mansabimni yo‘qotishdan qo‘rqib, rektoratning buyrug‘iga ko‘nib, sizning o‘g‘lingizni o‘qishda olib qolayotgan ekanman. Bu kap-katta o‘qituvchilarga nisbatan hurmatsizlik ekan. To‘g‘ri! Tan olaman. Yoshlik qildim shu kungacha. O‘g‘lingiz bizning darslarimizga kelmaydi, demak, hurmat ham qilmaydi. O‘qituvchilar uni darslarga chaqirish, ahvolini o‘rganish, qayta imtihon topshirish kabilar bilan ovora bo‘lishadi. Biroq oxir-oqibat yuqoridan kimningdir og‘zini moylaysizlar-u o‘roqda yo‘q, mashoqda yo‘q odam nimadirlik bo‘lib qoladi. Yo‘q, bizga pulingiz kerakmas! Bizga aqalli, o‘qiyotgan maskanini hurmat qiladigan talaba kerak. Bolangizni yanada mas’uliyatsiz qilayotganlarning cho‘ntagini qappaytirishda davom etish-etmaslik esa o‘zingizga havola.
— Uka, — deya endi so‘z boshlayotgandim, shartta kesdi.
— Men bu talabani fakultetda olib qololmayman. O‘sha tepadagi odamingiz juda kuchli bo‘lsa, mana, mening o‘rnimga kelib, o‘zi ishlasin, — dedi.
To‘g‘risi, bunday so‘zlarni eshitaman deb kelmagandim. Hal qilib ketishimga ishongandim. Shu kungacha o‘rtaga tushgan odam ishdan olingani uchun dekanatga uchrasha qolgandim-da.
Shu bilan o‘g‘lim o‘qishdan haydaldi. Ammo otasiga miq etmadim. Yana bir yil sandiraqlab Toshkentda yurdi. Chet elga ketib ishlab kelishini aytganida, qat’iyan man etdim. Keyingi yil ilojini qilib o‘qishini tiklatarman, dadasiga biror yolg‘on toparmiz, degan o‘yim bor edi.
Afsus, bir yildan keyin ham o‘qishi tiklanmadi. Viloyatimizga qaytarib olib kelib, erimning nomini sotib bo‘lsa ham kollej diplomi bilan ishga joyladim. O‘zi ham tuzuk-quruq ishlamadi, bir yilga qolmay qisqartirishga tushdi. Mana, kunduzlari uxlaydi, kechalari sang‘iydi. Ikki oydan keyin bolali bo‘ladigan otaning ahvoli shu.
Singlimning qiziga og‘iz solishimni onamga aytganimda, qarshi chiqqandi.
— Quda bo‘lib, opa-singil bir-biringlardan judo bo‘lmanglar, deyman-da, bolam. Shoshma, hali o‘g‘ling yosh. Lobar ham endi kollejni tugatdi. Tolib bir-ikki yil ishlasin, o‘rnini topsin, ro‘zg‘orning bir uchini ko‘taradigan bo‘lsin, keyin boshini ikki qilarsan.
Onamning bu gaplari ko‘nglimga botdi. Bolamning hulqi tufayli Lobarni unga mos sanamayapti, deya xafa bo‘ldim. Singlim esa ro‘yxushlik berdi. Ikki katta qizi o‘zlari tanlab turmushga chiqishgandi. Biri eri bilan Rossiyada, bolalari singlimda qolgan. O‘rtanchasi ikki ovsini bilan yashaydi. Lobarni men kelin qilsam, uy-joyi tayyorligi, qolaversa, o‘zim o‘qitaman, degan va’dam turmush o‘rtog‘ini ham ko‘ndirdi, adashmasam.
Va’damda turdim, bir oylik kelinchakni o‘zimizning viloyatdagi institutga o‘qishga kiritdim. Tuppa-tuzuk qatnab yurgandi, Tolib ishdan qolgach, fikri o‘zgardi. «Bormaysan», «O‘qib, nimani qoyillatarding», deya ming‘irlaydigan odat chiqardi. Erim tong sahardan ishga ketib, kun botganda kelgani uchun o‘g‘lining ishdan qolganidan bexabar. Lobarga ham hech kimga sotib qo‘ymasligini uqtirganman.
Xayolimdan ming xil o‘y o‘tib oshxonaga kirsam, kelin bir nuqtaga tikilgancha jim o‘tiribdi. Piyolaga choy ham quymagan.
— Lobar, qizim, yur, xonangga kirib yota qol. Yo qo‘rqayapsanmi? Unda mehmonxonaga joy solaylik. Men ham sen bilan uxlayman, — dedim uni yupatish istagida.
— Xola, men uyga ketsam-chi? — Lobar bu so‘zni uzoq tayyorlanib aytgani shundoq yuz-ko‘zidan bilinib turardi.
— Voy, kech bo‘lganda-ya? — o‘zimni tushunmaganga olmoqchi bo‘ldim.
— Ertalab ketsam devdim. Butunlay... — u gapini oxiriga yetkaza olmay yig‘lab yubordi.
Ko‘z yosh qilishlar homilaga zararligi haqidagi maslahatlarim, farzandli bo‘lishgach, Tolib ham yaxshi tomonga o‘zgarishi to‘g‘risidagi o‘zim ham ishonishni istaydigan gaplarim bilan Lobarni yupatayotganimda g‘ira-shira tong yorishayotgandi...
— Endi joyingga kirib uxlay qol. Yaxshilab dam ol, birinchi darsingga bormasang ham, o‘qituvchilar urishmas, — deya o‘rnimdan turdim.
«Xo‘p, xola» deganidan biroz xotirjam tortib hovliga chiqdim. Turmush o‘rtog‘im bilan bugunoq Tolib haqida gaplashib olishim lozim. Bir o‘zim uni yo‘lga sololmasligim aniq. Ota-o‘g‘il o‘rtasida devor bo‘lib, xato qildim. Endi tug‘ilajak nevaram uchun ham bu devorni bartaraf etishim kerak...
MUXLISA