Xalima Ibragimova do‘mboqlar uchun kasting o‘tkazdi
Ilk bor Mirzabek Holmedovning konsert dasturida chiqish qilgan Halima Ibragimovaning boshiga omad qushi qo‘nib, kutilmaganda mashhurlar safidan joy oldi.
Atkrisa Xalima Ibragimova instagramdagi shaxsiy sahifasi orqali do‘mboq xotin-qizlar uchun kasting e’lon qilgan edi. Ibragimovaning bergan ma’lumotlariga qaraganda kastingda ishtirok etgan 50 ga yaqin ayollar orasidan 10 tasi tanlab olingan. Kelasi haftadan boshlab ular qiziqchi Shukurillo Isroilovning 25-26 dekabr kunlari “Istiqlol” san’at saroyida bo‘lib o‘tadigan konsert dasturiga tayyorgarlikni boshlashadi. Ma’lumotlarga qaraganda, do‘mboqlarga bosh-qosh bo‘layotgan Xalima Ibragimova kastingda tanlab olingan ayollarga konsert o‘tgunga qadar hatto yaqin qarindoshlari bilan ham suratga tushishlarini taqiqlagan. “Hozircha hamma sirni ocha olmaymiz. Muxlislar va tomoshabinlar bu kasting nima maqsadda o‘tkazilgani hamda qanday tomosha qo‘ymoqchiligimizdan faqatgina konsertda boxabar bo‘lishlari mumkin”, deydi aktrisa.
Darvoqe, Xalima boshchiligidagi yangi guruh a’zolari qiziqchi Mirzabek Holmedovning kelasi yil aprel oyida bo‘lib o‘tadigan konsert dasturida ham ishtirok etishlari mumkin.
Bir vaqtlar o‘zbek shou-biznesida, xususan, qiziqchilik san’atida yirik qomatli, do‘mboq Xalima Ibragimovaning paydo bo‘lishi haqiqiy yangilik bo‘lgandi. O‘shandan buyon Xalima qanchadan-qancha film va kliplarda suratga tushmadi deysiz. Ibragimovaning “shogird”lariga ham shunday baxt nasib etarmikin?