|
“O‘zbeknavo”ning yil hisoboti: diplomlar, rejalar, yangi g‘oyalar, ishonch va mas’uliyat!
|
2015-yil ilk oyining qoq o‘rtasi ko‘plab san’atkorlarni xursand qildi...
15-yanvar kuni "O‘zbeknavo” estrada birlashmasining yil hisobotiga bag‘ishlangan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda Madaniyat va sport ishlari vaziri v.v.b. Bahodir Ahmedov, taniqli shoir, senat a’zosi Iqbol Mirzo, birlashmaning qator mas’ullari, san’atkorlar va OAV xodimlari ishtirok etdi.
Tadbir boshida so‘z olgan Bahodir Ahmedov nutq so‘zlab, o‘tgan yil sarhisobiga to‘xtalib, sohada amalga oshirilgan ishlar, qo‘lga kiritilgan yutuqlar haqida gapirdi. Undan tashqari, 2015 yilda estrada birlashmasi oldiga qo‘yilgan muhim vazifalar sanab o‘tilib, o‘tgan yillarda yechimini topmagan masalar yuzasidan aniq to‘xtam, jo‘yali maslahat va xulosalar bildirildi. Rahbar yangi g‘oyalarni ham o‘rtaga tashladi. Unga ko‘ra, estrada yo‘nalishida ijod qilayotgan talantlar uchun festival tashkil etish borasida yangi loyiha ishlab chiqiladi. Bahodir Ahmedovning nutqidagi quyidagi fikrlar diqqatga molik bo‘ldi:
-Nazdimda, bugun hamma san’atkorlar jonli kuylashga tayyor bo‘lishi kerak. Yakkaxon konsertlarda fonogrammaga chek qo‘yilar ekan, ana shundagina asl san’at yuzaga chiqadi. Ana shunda san’atkor tomoshabinlarning "fonogrammachi” deya otadigan "tosh”idan xolos bo‘ladi! Undan tashqari, joriy yildan boshlab, konsertlar rejissurasiga ham alohida e’tibor qaratamiz. San’atkor istagan rejissyorni nomiga o‘z konserti uchun tanlamasdan, bu borada ham maslahatlashib ish tutsa, dasturning yuksak saviyada o‘tishiga erishish mumkin. Shuning uchun har bir san’atkor konsert kuniga qadar dasturning to‘liq shaklini mas’ul ijodkorlarga taqdim etishi darkor. Sifat uchun ishlash davri keldi. Musiqiy telekanallar yetarli, ovoz yozish studiyalari, radiokanallar ham. Menimcha, endi yaxshi ijod qilish uchun turli bahonalar o‘rinsiz bo‘ladi. So‘nggi yillarda xorij san’atkorlari ham yurtimizda tez-tez konsert bermoqda. Biroq, ularning maqsadi pul ishlashdan nariga o‘tmayapti. Endi bir taklif bor: xorij yulduzlari o‘zbek sahnasida o‘zimizning yulduzlar bilan ham qo‘shiq kuylasin! Axir, o‘zbek talantlarining kam joyi yo‘q! Bir paytlar "Gypsy Kings” guruhi poytaxtimizdagi konsertida Ravshan Namozovning iste’dodiga tan bergani esimizda. O‘zbek san’atkorlari ham xorijda gastrolda bo‘lar ekan, hech kimdan kam emasligini ko‘rsatishga intilishi kerak. Joriy yilning avgust oyida "Sharq taronalari” 10-marotaba o‘tkaziladi. Ayni paytda ushbu nufuzli festivalda 98 ta mamlakatdan san’atkorlar ishtirok etish istagini bildirdi. O‘tgan yillarda bu ko‘rsatkich 60dan oshgandi. Yildan-yilga turli davlatlar ishtiyoqining oshishi mamlakatimiz san’at va madaniyati bobida salmoqli o‘zgarishlar kechayotganidan bir darakdir.
Nutqdan so‘ng o‘tgan yil davomida barakali ijod qilib, vazirlik va birlashma tomonidan uyushtirilgan turli madaniy tadbirlarda faol, beminnat xizmat qilgan bir guruh san’atkorlarga maxsus diplom va esdalik sovg‘alar topshirildi. Bu gal prodyuserlar ham e’tibordan chetda qolmadi.
Shahzoda, Ulug‘bek Rahmatullaev, Lola, Shohruxxon, Manzura, Alisher Fayz, Ozodbek Nazarbekov, G‘ulomjon Yoqubov, Zulayho Boyxonova, Gulsanam Mamazoitova, Jahongir Poziljonov kabilarga turli yo‘nalishlar bo‘yicha diplomlar topshirildi. "Tarona Rekords”ning bosh prodyuseri Sarvar Rahmatullaev va Ozodbek Nazarbekovning prodyuseri Ilyos Dadaboyevlar "Eng faol prodyuser” sifatida e’tirof etildi. Azim Mullaxonov va Kozim Qayumovlarning estradagi bir necha yillik ijodi inobatga olinib, ularga ham maxsus diplomlar ulashildi. Ustoz raqqosa Gavhar Matyoqubova esa diplomni qo‘lga olib, yig‘ilganlarga qarata dil izhorlarini bildirdi: "70 yoshda ham qarilikni bir chetga surib, san’at uchun xizmat qilish hammaga nasib etsin! Axir, yurt uchun mehnat qilish - mehnatlarning eng yaxshisidir”!
Tadbir chog‘ida 30 ta diplom egalariga topshirilgan bo‘lsa, yana 34 ta talantli yoshlarimizga estrada birlashmasi ichki nizomiga muvofiq, bir yil davomida to‘lovsiz lisenziya taqdim etilishi va ularning ovoz yozish studiyasida tekin qo‘shiq yozishlari e’lon qilindi. Undan tashqari, shunday yuksak ishonch bildirib, rag‘batlantirilgan yoshlarga musiqiy telekanallarda yangi videokliplarini ham tekin namoyish etishlari imkoni yaratiladi.
Bunday rag‘batlar ijod ahliga nafaqat ko‘tarinki ruh baxsh etadi, balki, yanada ilg‘or va samarali ijod qilish mas’uliyatini ham yuklaydi. San’at va madaniyat rivoji uchun jonbozlik ko‘rsatishda shaxdam qadam tashlashdan tolmang, azizlar! Millat bayrog‘ini baland ko‘tarishdan, el dardi va orzularini kuylashdan charchamang!
Jasur HAMROYEV
P.S.: 1.Tadbirda Iqbol Mirzoning quyidagi so‘zlari katta olqishlar bilan qarshi olindi: «O‘zga yurtning spagettesidan o‘z yurtingning mastavasi yaxshi!”
2.Qator she’rlari qo‘shiqqa aylanib, o‘nlab xonandalarning elga tanilishida xizmat qilgan mashhur shoira Farida Afro‘zga ham maxsus diplom topshirildi.
3."O‘zbeknavo” lisenziya bo‘limi boshlig‘i vazifasiga Odiljon Abduqahharov, direktor o‘rinbosari Farhod Jo‘raev boshqa ishga o‘tganligi sababli u egallab turgan lavozimga Murod Majidov tayinlangani ma’lum qilindi.
|
|
Категория: SHOU-BIZNES HABARLARI |
Просмотров: 2465
| Рейтинг: 0| Рейтинг: |
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
|
|
Профил |
Время: 10:47
Добро Пожаловать, Mexmon
|
|
Самое Популярное |
Самое Популярное
|
|
|