Woy-Wo‘ internet to‘lovlari portali ishga tushirildi
Yagona umumrespublika protsessing markazi Woy-Wo‘ yagona internet to‘lovlari portalini ishga tushirdi. Bu haqda, markaz matbuot xizmatiga asoslanib, “Gazeta.uz”xabar bermoqda.
Portal orqali ayrim internet do‘konlaridan xarid qilingan mahsulotlar uchun, shuningdek, mobil aloqa, internet-provayderlar, sug‘urta kompaniyalari, kommunal xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirish mumkin. Xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar soni hali kam, negaki ro‘yxat endi shakllantirilmoqda.
Ishlanma mualliflarining ta’kidlashicha, portal elektron tijorat ishtirokchilari — sotuvchi va xaridorlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lab, bu bilan ularning vaqtini va pulini tejaydi.
Portalda yoki UzCard dasturida ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchilar Woy-Wo‘ uchun o‘sha login va parolni qo‘llashi mumkin.
Portalning mobil versiyasi va mobil dasturlari yaqin orada ishga tushiriladi.