Kuni kecha Ulug`bek Otajonovning uyiga barcha do`stlari tashrif buyurishdi. Sabab uning tug`ilgan kuni. Bu gal xonanda qaysidir kafeda emas, balki uyida mehmonlarni kutib oldi. Yildan yilga an`anaga aylanib qolgan ushbu kun xonanda ijodini va yoki san`atini hurmat qiluvchilar uchun qiziqarli kechishi aniq. Negaki, unda barcha san`atkor jonli tarzda o`z san`atini namoyish etadi. Bu gal ham xuddi shunday bo`ldi. Ushbu davrada haqiqatdan o`zini ko`rsatib qo`ygan san`atkor kim bo`lganini bilmoqchi bo`lsangiz, unda suratlar va sharhlarimizga ko`z yugurtiring!
Birinchi bo`lib tashrif buyurganlar safida Azim Mullaxonov, Alisher Ro`zmetov, O`lmas Olloberganov (axir eng yaqin do`sti) va aktyor Muhammadjon (siz bilgan Abbos) va bir qancha sozandalarni ko`rish mumkin edi...
San`at olamida haqiqatdan o`zini ko`rsata olgan ammo hali xalq unchalik ham tanimagan sozandalar. Oq ko`ylakda kulib turgan bu yigitning ismi Dilshod ekan. U doirani shunaqa chaldiki, yig`ilganlar uning dovulchi bilan qilgan bahsiga deyarli 30 daqiqa tinmay qarsak chalib turishdi. Sport uslubidagi libosda turgan yigit esa Erkin ismli sozanda u skripka va g`ijjakni maromiga yetkazib chalishi bilan shuhrat qozongan.
Yulduz Turdiyevani ortiqcha tanishtirishning hojati bo`lmasa kerak. Negaki, u anchagina tanilib ulgurgan va hattoki jarangdor ovozi bilan san`at ahli e`tiboriga ham tushgan. Uning kelishi qizigandan qiziyotgan sozandalar bahsini xonandalar bahsiga ulab ketdi. Ayniqsa Ochil qori bilan ijro etgan ozarbayjoncha qo`shiqning duet tarzidagi ijrosiga Ulug`bekning o`zi ham qo`shilib ketdi.
Ochi qori ataylab Xorazmdan kun sovuq va yerlar muzlagan bo`lishiga qaramay tabriklash uchun yetib keldi. Uning ijrosi barchani "shok”ka soldi, desak adashmaymiz. Ayniqsa, xorazm suvoralaridan birining ijrosida u chiqmagan nota qolmadi. Mana san`at, mana ijro. Marding bo`lsa, kelib bellashaver!
Bunday holatlardan so`ng Ulug`bek Otajonovning o`z sozandalari bilan musiqa chalishda nimalarga qodirligini ko`rsatib qo`yish fursati kelgandi. U qo`llari allaqachonlar moslashib ketgan klavishlarni shunaqa o`ynatdiki, olqishlamaslikning iloji bo`lmadi.
Ali Otajonov esa mehmonlarga xizmatda. Amakisiga o`xhshab u ham kuchli san`atkorlar davrasida ulg`aygani uchunmi, kelganlarga nihoyatda e`tiborli bo`lib o`tirdi.
Davraning ikkinchi qismida ustoz san`atkor Ortiq Otajonov kirib keldi. Darhol ustozning yoniga shogirdlar to`planishdi. Endi qiziqarli suhbatning o`rni kelgandi. Shunday bo`ldi ham. Suhbat turli askiyalar va hazil-huzullar bilan avjiga chiqdi.
Bu davrada mezbonlikni Ulug`bek Otajonovdan ham qoyillatib bajargan O`lmas Olloberganov bo`ldi. U hattoki xizmatga shunchalik kirishib ketganini ko`rsatish uchun hatto qo`shiq kuylamagani ham sezilmay qoldi. Albatta, unga bo`lgan talablar shu uslubda sezdirilmasdan rad etildi. "Mensiz ham bu davrada kuy-qo`shiq yetarli bo`ldi”, degan bo`lsa kerak-da...
Nihoyat talablarni inobatga olgan holda ustoz san`atkor Ortiq Otajonov ham "mayli, sizlarga yangi ikki qo`shig`imni aytib beray, bo`lmasa, ko`ngillaring joyiga tushmaydi”, deya hazil qilganicha yangi yozilgan ikki qo`shiqni yig`ilganlarga ijro etib berdi. Ana shundan so`ng to tongga qadar davom etgan tug`ilgan kun nihoyasiga yetdi. Barcha maza qilganicha uyiga yo`l oldi. Negaki, san`atning lazzati tuyulgandi. Aslida haqiqiy san`atkorlar jam bo`lgan juda ko`plab davralar mana shunday fayz taratadi. Qolaversa, rostmona san`atkorlar bu davralarda xuddi ko`pkariga kirgandek, o`z kuchlarini sinab olishadi. Fursatdan foydalanib biz Ulug`bek Otajonovni barcha muxlislari va tug`ilgan kuniga yetib kela olmagan do`stlari nomidan yana bir bor tabriklab qolamiz. Hamisha mana shunday davralarni to`ldirib yurish unga nasib etaversin!