Toshkentdagi yo‘llardan nega “to‘xtash taqiqlangan” belgilari olib tashlanmoqda?
Ayni kunlarda Toshkent shahar IIB YHXB tomonidan shaharning ko‘cha va yo‘llaridagi 3.27 “To‘xtash taqiqlangan” va 3.28 “To‘xtab turish taqiqlangan” yo‘l belgilarini xatlovdan o‘tkazish ishlari olib borilmoqda. Bu haqda Toshkent shahar IIB rasmiy sayti xabar berdi.
IIBning ma’lum qilishicha, xatlov jarayonida yuqorida qayd etilgan yo‘l belgilarining harakat ishtirokchilariga ko‘rinish darajasiga, shuningdek ularning ko‘cha va yo‘llar belgilangan qismlaridagi mavjud holatga mosligiga e’tibor qaratilmoqda.
Xatlov natijalariga ko‘ra o‘z ahamiyatini yo‘qotgan 3.27 “To‘xtash taqiqlangan” yo‘l belgilari olib tashlanib, 3.28 “To‘xtab turish taqiqlangan” yo‘l belgilariga almashtirilyapti.
IIB ushbu yo‘nalishda ko‘rilayotgan choralar yo‘l harakati ishtirokchilariga qo‘shimcha qulayliklar yaratishi va yo‘lovchilarni muammosiz tushirib chiqarish imkoniyatini berishini ta’kidladi.