Toshkentdagi eng ifloslangan kanallar nomi ma’lum bo‘ldi
Toshkent shahridagi kanallar va suv omborlaridagi suvlardan namunalar olib, ularning sifat darajasi tekshirildi. Bu haqda Respublika Gidrometeorologiya xizmati markazi xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 2 avgust kuni suv ifloslanishi indeksi bo‘yicha (SII) kimyoviy ifloslantiruvchilar miqdorini aniqlash uchun yer usti suvlaridan namunalar olingan va tahlil qilingan. Tahlil natijalariga ko‘ra, Toshkentdagi quyidagi kanallarning suvlari ifloslangani aniqlangan:
Bo‘zsuv kanali – Teleminora hududi. Mis bo‘yicha konsentratsiyalar ortishi qayd etilgan – 1,6 REM. Kislorod tartibi qoniqarli, eritilgan kislorodning konsentratsiyasi – 11,34 mgO/2l . Suv sifati II sinf toza suvlar, SII – 0,73.
Qorasuv kanali – Furqat bog‘i hududida. Nitritli azot bo‘yicha – 1,05 REM, fenol bo‘yicha – 6,0 REM, mis bo‘yicha 2,2 REM konsentratsiyalar ortishi qayd etildi. Kislorod tartibi qoniqarli, eritilgan kislorodning konsentratsiyasi –11,33 mgO/2l . Suv sifati III sinf o‘rtacha ifloslangan suvlar, SII – 1,87.
Salar kanali – Ekoparkdan quyida. Mis bo‘yicha konsentratsiyalar ortishi qayd etilgan – 4,6 REM. Kislorod tartibi qoniqarli, eritilgan kislorodning konsentratsiyasi – 8,36 mgO/2l. Suv sifati III sinf o‘rtacha ifloslangan suvlar, SII – 1,28.
Anhor kanali — Kichik xalqa yo‘lidan quyida. Neft mahsulotlari bo‘yicha – 7,4 REM, mis bo‘yicha – 1,2 REM konsentratsiyalar ortishi qayd etilgan. Kislorod tartibi qoniqarli, eritilgan kislorodning konsentratsiyasi – 11,32 mgO/2l. Suv sifati III sinf o‘rtacha ifloslangan suvlar, SII – 1,68.
Bo‘rijar kanali – "Magic City" bog‘i hududi. Mis bo‘yicha konsentratsiyalar ortishi qayd etilgan – 1,4 REM. Kislorod tartibi qoniqarli, eritilgan kislorodning konsentratsiyasi – 10,76 mgO/2l. Suv sifati II sinf toza suvlar, SII – 0,54.
Aniqlanishicha, oldingi hafta bilan solishtirilganda Toshkent shahridagi kanallar va Toshkent viloyati suv omborlaridagi suv sifati muhim o‘zgarishlarga duch kelmagan. Suv ifloslanishi indeksi bo‘yicha qabul qilingan tasnifga muvofiq, Toshkent shahar kanallari II va III sinflarga tegishli bo‘lib, toza va o‘rtacha ifloslangan suvlarga to‘g‘ri kelgan.
Ma’lumot uchun, suv ifloslanishi indeksidan yer usti suvlari sifatini kompleks baholash uchun foydalaniladi. U nafaqat suv sifatini turli suv ob’ektlarida solishtirishga, balki vaqtinchalik va fazoviy dinamikasini baholash imkonini beradi.