Toshkentda qurollangan bosqinchilar to‘dasi avtomobilga hujum qildi
13 yanvar kuni 3 nafar noma’lum shaxs Muqimiy ko‘chasida to‘xtab turgan “Premium Communications” MChJga tegishli “Lasetti” rusumli avtomashinaga hujum qilgan.
Bosqinchilar avtomashinada bo‘lgan S.Shoyunusov va Ya.Yahyoevlarning turli joylariga urib-tepib tan jarohati yetkazgan. Ularni pichoq va pnevmatik pistolet bilan qo‘rqitishgan hamda S.Shoyunusovni elektroshoker bilan urib, falajlagan.
Zo‘ravonlar S.Shoyunusovning 15 million so‘m, Ya.Yahyoevning 8 million so‘m pullarini olib, voqea joyidan yashiringan.
O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi xabariga ko‘ra, ushbu jinoyatni Olmazor tumani R.Ashurov ko‘chasi 19-uyda yashovchi, muqaddam sudlangan, 1984 yilda tug‘ilgan U.Samadov sodir etganligi aniqlanib qo‘lga olingan.
Uning sheriklarini aniqlash va ushlash choralari ko‘rilgan.