Toshkent shahar IIBB tomonidan xabar berilishicha, 12-aprel tungi soat 02:00 da noma’lum shaxslar Olmazor tumanida yashovchi ayolning xonadoniga yuzlariga niqob taqib, bostirib kirgan.
Jinoyatchilar ayolning oyoqlarini plastik tasma bilan bog‘lab, 22 million so‘m va 600 AQSh dollari, shu bilan birga, umumiy vazni 85 gramm bo‘lgan olti turdagi tilla taqinchoq va bir dona iPhone 5S telefonini qo‘lga kiritib, hodisa joyidan yashiringan.
Holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining 164-moddasi uchinchi qismi “v” bandi (bosqinchilik jinoyati alomatlari) bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.
Olib borilgan tezkor tadbirlar natjasida jinoyatni muqaddam sudlangan Dilshod Nuriddinov, Muhammad Abduhamidov, Ma’murjon Irismetov, Sardor To‘ychiboyev sodir etgani aniqlangan.
Jinoyatchilar qo‘lga olingan va ularga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Bundan tashqari mazkur jinoiy guruh a’zolari 8-aprelda Shayxontohur tumani hududidagi xonadonlardan biriga bostirib kirib, bosqinchilik sodir etgani aniqlangan va bu holat bo‘yicha ham tergov harakatlari olib borilmoqda.
Toshkent shahar IIBB fuqarolardan, agar kimdir mazkur shaxslardan jabr ko‘rgan bo‘lsa, ichki ishlar idoralariga xabar berishni so‘raydi.