Toshkent shahrining Chilonzor tumani 15-dahasida yashovchi Abbos G‘ulomov bedarak yo‘qolgani haqida uning qarindoshlari “Daryo”ga murojaat qildi.
Abbos G‘ulomov.
Foto: Telegram
Yaqinlarining ma’lum qilishicha, 25 yoshli Abbos G‘ulomovning 12-fevral kuni to‘y marosimi bo‘lishi rejalashtirilgan. Kuyov to‘yi o‘tadigan kuni ertalab uyidan chiqib ketib, qaytib kelmagan.
“Qo‘lidagi mobil telefonlari o‘chiq. To‘yga barcha tayyorgarlik ko‘rib qo‘yilgandi. Hammamiz shokdamiz”, — dedi yigitning qarindoshlaridan biri.
Kuyovni qidirish uchun ichki ishlar bo‘limiga xabar berilgan. Shuningdek, bojxona organlariga uni chet elga chiqib ketgani bo‘yicha ham murojaat yuborilgan. Aytilishicha, u chet mamlakatga chiqib ketmagan.
Toshkent shahar IIBB axborot xizmatining ma’lum qilishicha, Abbos G‘ulomov bedarak yo‘qolgan fuqaro sifatida ro‘yxatga olingan va ayni vaqtda qidirilmoqda.