Hukumat qarori bilan Toshkent kimyo-texnologiya institutining Yangiyer filiali tashkil etildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
Qarorga muvofiq, kimyoviy texnologiyalar sohasida malakali kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash, korxonalarning muammolarini hal etishga qaratilgan innovatsion tadqiqotlarni faol rivojlantirish Filialning asosiy vazifalaridan etib belgilandi.
2019/2020 o‘quv yilida Filialga davlat buyurtmasi asosida o‘qishga qabul qilish parametrlari ta'lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasining qaroriga asosan tasdiqlanadi.
2020/2021 o‘quv yilidan boshlab talabalarni qabul qilish soni belgilangan tartibda har yili tasdiqlanadigan respublika oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish parametrlaridan kelib chiqqan holda belgilanadi.
Qaror bilan Filial o‘z faoliyatini Yangiyer qurilish va kommunal xo‘jalik kasb-hunar kollejining bino va inshootlarida olib boradi.
Mazkur kasb-hunar kolleji o‘quvchilari o‘qishni bitirgunlariga qadar Filial binolarida o‘quv jarayonini davom ettiradi.
Shuningdek, Filialni yuqori malakali, ilmiy va ilmiy pedagogik kadrlar bilan ta'minlash maqsadida Filial uchun ilmiy-tadqiqot institutlari va respublikaning yetakchi oliy ta'lim muassasalarida tayanch doktoranturaga 2020 yildan maqsadli kvotalar ajratilishi ta'minlanadi.
Ma'lumot uchun, O‘zbekistonda OTM soni 110taga yetdi. Shundan:
91 ta mahalliy OTM va ularning filiallari;
19 ta xorijiy OTM va ularning filiallari.
Bugungi kunda respublikadagi 92 ta OTMda o‘quv-tarbiya jarayonlari olib borilmoqda, 18 ta OTMga talabalar 2019/2020 o‘quv yilidan qabul qilinadi.