Toshkent do‘konlaridagi qaymoqlardan ichak tayoqchalari topildi
Toshkent shahrida, mahalliy ishlab chiqaruvchiga tegishli qaymoq tarkibidan yuqumli kasallik keltirib chiqaruvchi ichak tayoqchalari aniqlangan. Bu haqda Davlat raqobat qo‘mitasi matbuot xizmati ma’lum qilmoqda.
Qo‘mitaga ko‘ra, Toshkent fuqarosi Sebzor ko‘chasidagi SUNDAY supermarketidan qaymoq xarid qilib, uni bakteriologik tahlil uchun Olmazor tumani sanitar-epidemiologiya nazorati markaziga taqdim qilgan.
O‘tkazilgan tahlil natijasida esa, topshirilgan namunada ichak tayoqchasi borligi aniqlangan. Bu masala zudlik bilan Davlat raqobat qo‘mitasi tomonidan «Darvoza savdo» MChJ va mahsulotni ishlab chiqargan «Xosiyatli qut-baraka» MChJ hamkorligida ijobiy hal etilgan.
Amalga oshirilgan choralar natijasida, supermarketlar va savdo majmualari peshtaxtalaridagi xavfli mahsulotlar savdodan olib tashlangan.
Sanepidnazorati markazi, o‘z navbatida, «Xosiyatli qut-baraka» MChJda operativ tekshiruvlarni o‘tkazib, uning faoliyatini to‘xtatgan. Bundan tashqari, jamiyat rahbariyatiga nisbatan ma’muriy jarima solingan.