To‘ti Yusupova 80 yoshni qarshilagani munosabati bilan ziyofat berdi
Joriy yilning mart oyida O‘zbek milliy akademik drama teatrining taniqli aktrisasi, teatr va kino san’atining o‘xshashi topilmas ijodkori, minglab rollari bilan tomoshabinlar qalbidan joy olgan san’atkor, O‘zbekiston xalq artisti To‘ti Yusupova qutlug‘ 80 yoshni qarshilagan edi.
Shu munosabat bilan To‘ti Yusupova tug‘ilib o‘sgan Samarqand shahrida katta tadbirlar bo‘lib o‘tdi. Samarqand davlat drama va musiqa teatrida To‘ti Yusupova tavalludiga bag‘ishlangan ijodiy kecha tashkil etilgan edi.
Kecha, 15 dekabr kuni Toshkentdagi “Ummon” restoranida To‘ti Yusupovaning yubileyi nishonlandi. Bu haqda O‘zbek milliy akademik drama teatri aktyorlari xabar bermoqda.
O‘zbekiston xalq artisti To‘ti Yusupovaning tavallud kuni munosabati bilan o‘tkazilgan ziyofatga O‘zbek milliy akademik drama teatrining aktyorlari, yosh ijodkorlar, rejissyorlar, kino va teatr san’atining ko‘zga ko‘ringan vakillari tashrif buyurishgan.
Bugun, 16 dekabr kuni O‘zbek milliy akademik drama teatrida O‘zbekiston xalq artisti To‘ti Yusupovaning 80 yoshli yubileyi katta bayram sifatida nishonlanadi. Tadbirda teatr va kino san’atining ko‘plab taniqli ijodkorlari ishtirok etadilar.
Ma’lumot uchun, 1936 yilda Samarqand shahrida tavallud topgan To‘ti Yusupovaning umr yo‘li 1957 yildan boshlab san’at bilan bog‘landi. Shu bugunga qadar 200ga yaqin spektakllar, 100dan ortiq filmlar, 500ga yaqin videofilmlarda suratga tushgan To‘ti Yusupova teatr va kinodagi esdaqolarli rollari bilan tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘ldi. Aktrisa “Kelinlar qo‘zg‘aloni” spektakldagi “Sotti” bo‘ladimi yoki “Abdullajon”dagi Xolidami, har bir rolini chin dildan, iste’dod bilan ijro etgan.
To‘ti Yusupovaning mehnatlari hukumatimiz tomonidan e’tiborga olinib, 1970 yilda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, 1993 yilda O‘zbekiston xalq artisti unvonlari, 2000 yilda “El-yurt hurmati”, 2014 yilda “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlandi.