Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » DOLZARB MAVZU

Terror dahshati yoki yara gazak olmasin

Bugungi davr nafaqat taraqqiyotning, ilm-fanning jadal rivojlanishi bilan, balki jahonni larzaga solayotgan turli xil global muammolar bilan ham kechmoqda. Ana shunday dunyoviy muammolardan biri terrorizmdir. Terrorizmning xalqaro miqyosda tobora tus olayotgani, uning tub ildizi qirqilishi o‘rniga, aksincha keng quloch yozayotgani natijasida minglab begunoh insonlarning hayotiga zomin bo‘lmoqda.
Bugungi kunda terrorizm balosidan aziyat chekmagan davlat deyarli qolmadi. Kishini tashvishga soladigani esa ko‘plab davlatlar birgalikda bir necha yillardan buyon mazkur illatga qarshi ayovsiz kurash olib borayotgan bo‘lsa-da, bu kurashning ijobiy natijasi ko‘rinmayotganidir. Buning sababi nimada? Sabablar bisyor, mening nazarimda. Terrorchilarga qarshi kurashda dunyoviy yakdillikning yo‘qligi, ikkiyoqlama nazar bilan qarash, ayrim davlatlarning o‘z siyosiy va iqtisodiy manfaatlariga erishish uchun terrorchilar qo‘lidan foydalanishlari…
Demokratiya o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan mamlakatlarga nazar solaylik. Iroq, Suriya, Liviya, Yaman… Bu davlatlarda vaziyat qanchalik chigal va murakkabligini hammamiz ko‘rib turibmiz. Afg‘onistonni-ku gapirmasa ham bo‘ladi. Deyarli qirq yildan buyon bu mintaqada turli jinoiy uyushmalar in qurib olgan va ajablanarlisi, ularga qarshi kurash hech qanday samara bermayapti. Xo‘sh, o‘nlab yillardan buyon eng rivojlangan mamlakatlardan iborat koalisiyaning terrorchilarga qarshi kurashi nega samarasiz bo‘lyapti? Nima uchun insonlarni shafqatsizlarcha qatl qilayotgan, tarixiy-madaniy obidalarni vahshiylarcha yo‘q qilayotgan jinoyatchilarni to‘xtatish hech kimning qo‘lidan kelmayapti? Balki ularning mavjudligi kimlarningdir manfaatlariga mos kelar? “Dushmanimning dushmani mening do‘stim” matali ayrim mamlakatlar uchun shiorga aylangandek go‘yo.
Shu yilning 31 oktyabrida Misr osmonida Rossiyaga qarashli A 321 yo‘lovchi samolyoti halokatga uchrashi oqibatida 224 nafar inson (ularning orasida 25 nafar bola ham bor edi) halok bo‘ldi. Samolyot halokatiga uning bortiga bomba qo‘yilganligi sabab bo‘lgan deb baholandi. Nazarimda, dunyo hamjamiyati tomonidan bu halokatga yetarli darajada e’tibor qaratilmadi, shunchaki sukut saqlab qo‘ya qolindi, xolos. Parijda nashr etiladigan “Sharli Ebdo” jurnali esa halokatga bag‘ishlab karikaturalar chop etdi. Nahotki, insonlarning halokati kimlar uchundir mazax manbai, daromad topish manbai bo‘lsa. Chuqqurroq nazar tashlasak, aynan ushbu jurnalda islom dini mazax qilingan karikaturalar chop etilgani bois shu yil boshida jurnal tahririyatiga hujum uyushtirilgan va jurnalning o‘n nafar xodimi halok bo‘lgandi. O‘shanda Parijda terrorizmni qoralab Respublika marshi o‘tkazilgan, butun dunyoda jurnalni qo‘llab-quvvatlab, ularga hamdardlik bildirib “Men Sharli Ebdoman” shiori ostida aksiyalar bo‘lib o‘tgandi. Rossiya samolyoti halokati mazax qilinganidan ko‘p vaqt o‘tmay, 13 noyabr kuni xuddi o‘sha Parijda bir guruh shaxslar terrorchilik harakatlarini amalga oshirishdi. Fojiada 130 nafar inson qurbon bo‘ldi, yuzlab kishilar jarohat oldi. Yana butun dunyo oyoqqa turib, terrorchilarni qoralashga, ularga qarshi kurashni kuchaytirish kerakligini ta’kidlashga tushdi. Bu ikki yoqlama nazar degani emasmi? Kimningdir fojiasiga befarq qaralsa, yana kimningdir boshiga xuddi o‘shanday mudhish ish tushsa, yoppasiga unga hamdardlik bildirishsa. Ular go‘yoki qo‘shnisining uyiga o‘t ketsa, bir chetda qo‘l qovushtirib tomosha qilib turadigan insonlarga o‘xshaydi. Olov o‘zining uyiga o‘tganidagina uni o‘chirishga tushib shoshib qolishadi.
…Eng ajablanarlisi, yana o‘sha “Sharli Ebdo” katta sahnaga chiqdi. Endi bu jurnal Parijdagi fojiani ham karikaturalar orqali ifoda etdi. Jurnal bu harakatini so‘z erkinligi, demokratiya bilan izohladi. Nahotki, demokratiya insoniylik tuyg‘usidan mosuvo bo‘lish degani bo‘lsa. Boshqalarning fojiasi ustidan kulish inson qadr-qimmatini tahqirlash emasmi? Agar mana shu demokratiya bo‘lsa, unday demokratiya o‘zingizga buyursin, deging keladi.
Yana bir e’tirozga sabab bo‘ladigan omil borki, bu islom terrorchilari degan atamadir. Aslida islom dinida chumoliga ham ozor berish qoralanadi. Xo‘sh, insonlarni tiriklayin yoqib yuborayotgan, qul qilib sotayotgan, giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanayotgan kimsalarni musulmon deb atash mumkinmi? Menimcha, terrorchining dini bo‘lmaydi. Taqvodor, Xudo degan odam bunday ishlarga qo‘l urmaydi. Islom dinini niqob qilib, o‘z g‘arazli niyatlarini amalga oshirayotganlarning esa dini ham, millati ham yo‘q. Ularni zimdan qo‘llab-quvvatlayotganlarni esa islom dinini boshqa dinga mansub sivilizatsiyalar nazdida yomonotliq qilish, ishlab chiqargan qurol-yarog‘larini sotib katta daromad topish, ularning yo‘rig‘iga yurmaganlarni demokratiya o‘rnatish bahonasida chetlashtirib, o‘zlari tayyorlagan “kadr”larini davlat tepasiga qo‘yish qiziqtiradi.
Terrorizmning qay darajada xavfli ekanligi haqida Prezidentimiz Islom Karimov 1993 yilda BMT Bosh Assambleyasining 48-sessiyasida butun dunyoga bong urgandi, jahon hamjamiyatini mintaqaviy mojarolar oxir-oqibat jahon bo‘ylab global muammolarga aylanib ketishidan ogoh etgandi.
1999 yilda Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining navbatdagi sammitida ishtirok etgan Yurtboshimiz YeXHTning mintaqaviy mojarolarni bartaraf etish, terrorizmga qarshi kurashdagi o‘rni va ishtirokini kuchaytirish lozimligiga e’tibor qaratish hamda terrorizmga qarshi kurash xalqaro markazini tashkil etish g‘oyasini taklif etgandi. Xalqaro terrorizmning oldini olish, unga qarshi kurashish maqsadida 2000 yildayoq mamlakatimizda “Terrorizmga qarshi kurash to‘g‘risida”gi, 2004 yilda “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilingandi. Bugungi kundagi boshqa davlatlar harakatiga nazar tashlasak, bizning yurtimizda terrorizmga qarshi tatbiq etilgan kurashish usullarini ular endigina qo‘llay boshlaganining guvohi bo‘lyapmiz. Bugungi kunda tinchlik tayanchiga aylangan bizning mamlakatimiz ham terror dahshatiga duch kelgan, davlatimiz rahbariyati uning qanchalik halokatli ekanligini ziyraklik bilan sezib unga qarshi kurashishning eng munosib rejasini tuzib chiqqandi.
Shu yilning 12 dekabr kuni Ashxobod shahrida Turkmaniston betarafligining 20 yilligiga bag‘ishlab “Betaraflik siyosati: tinchlik, xavfsizlik va taraqqiyot yo‘lida xalqaro hamkorlik” mavzuida o‘tkazilgan xalqaro konferensiyada ham mamlakatimiz rahbari bugun jahonda xalqaro terrorizm, ekstremizm va radikalizm xavfining kuchayib borayotgani jiddiy tashvish uyg‘otishini bildirib, yig‘ilganlar e’tiborini yana bir bor Afg‘onistondagi beqarorlikni bartaraf etish masalasiga qaratdi. Qo‘shni mamlakatdagi vaziyat hukumat qo‘shinlari va tolibonlar o‘rtasidagi nizo cho‘zilib ketayotgani, tashqi moliyaviy qo‘llab-quvvatlash kamaygani natijasida yanada murakkablashib borayotgani hamda Afg‘onistondan xorijiy qo‘shinlarning olib chiqilishi oqibatida yuzaga kelgan bo‘shliqni Yaqin Sharq mintaqasidan qochib chiqayotgan bosqinchi va terrorchi guruhlar egallab olayotgani dunyoviy va mintaqaviy xavfsizlikka nisbatan jiddiy tahdid ekanligini ta’kidladi. Shuningdek, Afg‘oniston muammosini faqat bir yo‘l, ya’ni o‘zaro kurashayotgan tomonlar o‘rtasida BMT shafeligida tinch siyosiy muzokaralar o‘tkazish, hukumat va “Tolibon” harakati o‘rtasida muzokaralarni qayta tiklash, buning uchun qat’iy siyosiy irodaga ega bo‘lish, hech qanday shartlarsiz o‘zaro murosa qilish, bir-biriga yon bosish orqali hal etish mumkinligi va bundan boshqa muqobil yo‘l yo‘qligiga e’tibor qaratdi.
Afsuski, dahshatli virus singari tarqalib borayotgan xalqaro terrorizmga qarshi kurashish, uni yo‘qotish birgina davlat uddalay oladigan vazifa emas, boisi dushman, butun dunyo terrorchilari birlashmoqdalar. Endilikda terrorizm ofati jahon yoshlarini ham o‘z domiga tortib bormoqda. Hatto, voyaga yetmagan o‘smir-yoshlarning terrorchilik tashkilotlari safiga qo‘shilib ketishlari, qo‘liga qurol olib janglarda ishtirok etishlari oddiy holga aylanib bormoqda. Omilik, dunyoviy va diniy savodsizlik ba’zi yosh avlod vakillarini mutaassiblarga, ularni aytilgan vazifani so‘zsiz bajaradigan manqurtlarga aylantirib qo‘ymoqda, ularning ongida faqat o‘z rahnamolarigina haq degan tushuncha paydo bo‘lishiga olib kelmoqda.
Tananing biror joyiga chiqqan kichkinagina yara vaqtida bartaraf etilmasa, u gazak olib, butun tanaga tarqalib ketishi mumkin. Xalqaro terrorizm xuddi mana shunday yaraga o‘xshaydi. Achinarlisi, u ayni kunlarda gazak olib bo‘ldi. Agar terrorizmga panja orasidan qaralsa, “menga nima” yoki “o‘zim tinch bo‘lsam bo‘ldi, boshqalar bilan ishim yo‘q” qabilida ish tutishda davom etilaversa, u butun dunyoni o‘z dahshati bilan qamrab oladi. Butun dunyo mamlakatlari O‘zbekiston Prezidenti ogohlantirgan vaqtdayoq terrorizmga qarshi hamjihat bo‘lib kurash boshlaganida, bugungi dahshatli fojialarning oldi olingan bo‘larmidi.
D.ASQAROV.


Manba:kun.uz
Категория: DOLZARB MAVZU
Просмотров: 7583 | Рейтинг: 0| Рейтинг: yara gazak olmasin, Terror dahshati
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 02:19
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное