Telefonda gaplashish ham haydovchilik huquqidan mahrum qiladi
2017 yil 1 dekabrdan boshlab O‘zbekistonda yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun jarimalar miqdori oshirildi. Ma’lumki, 1 dekabrdan O‘zbekistonda byudjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar hamda nafaqalar miqdori 15% ga oshirildi. Shu munosabat bilan yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun jarima miqdorlari ham oshirilgan.
Transport vositalarini boshqarish va yo‘lovchilarni tashish chog‘ida xavfsizlik kamarlaridan foydalanmaganligi uchun jarima miqdori 34 ming 448 so‘mni tashkil qiladi.
Belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilmagan, majburiy texnik nazoratdan o‘tmagan yoki foydalanish taqiqlangan transport vositalarini boshqarish, harakat davrida shovqin darajasi belgilangan tartibdan yuqori bo‘lgan holda jarima miqdori 86 ming 120 so‘mni tashkil qiladi.
Tormoz tizimi, rul boshqaruvi nosoz bo‘lgan yoki mos keluvchi ruxsatsiz jihozlangan hollardagi jarima miqdori 172 ming 240 so‘mni tashkil qiladi.
Transport vositasini boshqarish chog‘ida telefondan foydalanganlik uchun jarima miqdori endi 344 ming 480 so‘m etib belgilandi. Bu holatning takroriy uchrashi esa eng kam oylik ish haqining 3 barobariga, ya’ni 516 ming 720 so‘mga teng. Yoki 6 oygacha haydovchilik huquqidan mahrum etilishi mumkin.
Svetaforning taqiqlangan chirog‘idan o‘tganligi yoki yo‘l harakati xavfsizligi qoidalarini buzganligi uchun nazoratchining to‘xtatish buyrug‘iga bo‘ysunmagan hollarda haydovchi eng kam oylik ish haqining 2 miqdoridagi, ya’ni 344 ming 480 so‘m miqdoridagi mablag‘ni to‘lashi kerak. 1 yil davomida bunday qoidabuzarlik takrorlansa, eng kam oylik ish haqining 5 barobarigacha jarima to‘lanadi. 2 marta jarimaga tortilgach, bir yil davomida takroriy qoidabuzarlik qayd etilsa, 1 yilgacha avtomashina boshqarish huquqidan mahrum etiladi.