Banklar tomonidan oliy taʼlim muassasalarining kunduzgi boʻlimlariga toʻlov-kontrakt asosida qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlgan talabalarning oʻqishi uchun ularning oʻzlariga, ota-onalari yoki vasiylariga taʼlim kreditlari berilishi mumkin.
Taʼlim kreditlari talabalar uchun bakalavriatga qabul qilinganda 10 yilgacha va magistraturaga qabul qilinganda 5 yilgacha boʻlgan muddatga beriladi.
Banklar tomonidan berilgan taʼlim kreditlari boʻyicha:
– chin yetimlar, “Mehribonlik uylari”da tarbiyalanganlar hamda bolalikdan I va II guruh nogironlariga – nol foiz stavkasi (foizsiz kredit);
– talabalarning qolgan toifalariga – Markaziy bankning amaldagi qayta moliyalash stavkasidan yuqori boʻlmagan foiz stavkalari belgilanadi.
Taʼlim krediti uchun bankka quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
• ariza;
• toʻlov-kontrakt shartnomasi (kontrakt);
• kreditni qaytarishning taʼminlanishi toʻgʻrisida hujjat;
• imtiyozli taʼlim kreditlari olish huquqiga ega boʻlgan chin yetimlar, “Mehribonlik uylari”da tarbiyalanganlar, bolalikdan I va II guruh nogironlari, kam taʼminlangan oilalardan chiqqanlar tegishli tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etadilar.
Qarz oluvchi yuqoridagi hujjatlarni bankka taqdim etish bilan birga pasportini shaxsan koʻrsatadi. Bank pasportdan va taqdim etilgan boshqa hujjatlardan zarur koʻchirmalar va nusxalar olishga haqlidir.