Iste’dodli aktrisa Shahzoda Matchonova, jurnalist Sadoqat Allaberganovaning noodatiy savollariga javob berdi...
— Kinoda siz uchun ideal «turmush o‘rtoq» bu – Adiz Rajabov, Farrux Soipov, Alisher Uzoqov, Abdujalil Mavlonov, Aziz Rametov…
— (Kuladi), aniq javob berishga qiynalyapman. Kinoda ideal “turmush o‘rtoq” bo‘lmaydi, nazarimda. Boisi qahramonlarimiz goh ijobiy, gohida salbiy qiyofada bo‘ladi va turli ziddiyatli vaziyatlarda to‘qnashamiz.
— Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetidan olgan diplomingiz chang bosib turibdimi yo o‘z sohangizda ham ish boshlaganmisiz?
— To‘g‘ri, diplomim tokchada turibdi, lekin faxrli burchagida. Yurtimizdagi eng nufuzli bilim yurtlaridan biri – Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida tahsil olganimdan va menga bilim bergan pedagoglar bilan faxrlanaman. O‘sha bilimlarim hayotimda katta rol o‘ynagan. Masalan, xalqaro festivallardagi suhbatlarda qaerda tahsil olganimni so‘rashganida katta mamnuniyat bilan “Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida!” deyman. Va atrofimdagilar shunday nufuzli universitetni tamomlagan talaba kino sohasiga qadam qo‘yganidan xursand bo‘lishadi. Diplomim garchi tokchada turgan bo‘lsa-da, hayot yo‘limda o‘z izini qoldirishga ulgurdi.
— Usmonovaning «Kel ikkimiz» qo‘shig‘i klipidagi qahramoningizning prototipi aynan o‘zingiz ekansiz?
— Bu haqda sira eshitmagan ekanman. Ishontirib aytolaman, taxminlar noto‘g‘ri. Boisi, klipdagi qahramonimning farzandi bor, meni turmushga chiqqanimga hali ko‘p bo‘lmadi.
— Turmush qurishingiz shunchalik gap-so‘zlarga sabab bo‘lishini hech o‘ylaganmidingiz?
— Yo‘q. Gap-so‘z qilayotganlar menga hasad qilishyapti, xolos. Hech kimga yomonlikni ravo ko‘rmagan va xafa qilmagan bo‘lsam-da, turmushga chiqqanimdan so‘ng negadir mish-mishlarga ko‘mib tashlashdi. Ularning gaplariga endi bee’tiborman. Faqat unutishmasin, bu – qaytar dunyo! Muhimi, yaqinlarim qandayligimni bilishadi. Shaxsiy hayotimdan esa ko‘nglim xotirjam!
— Butun hayotingiz tushga aylanib qolishini istarmidingiz?
— Aslo! Chunki hayotimdan to‘la mamnunman, o‘tmishimdan ham roziman! Hech qachon hech nima uchun afsuslanmaganman.