O‘zbek xonandasi Shahzoda 21-mart kuni Rossiyadagi Kreml davlat saroyida BraVo xalqaro professional musiqa mukofotining taqdirlash marosimida qatnashadi. Bu haqda Sputnik xabar berdi.
Xonanda sahnada Filipp Kirkorov, Dima Bilan va Tamara Gverdsiteli bilan birga qo‘shiq aytadi.
Shuningdek, marosimda amerikalik qo‘shiqchi Maykl Bolton, britaniyalik Leona Lyuis va irlandiyalik rok musiqachi Kris de Burg ham qatnashadi.
Musiqa ekspertlari “Yil xonandasi”, “Yilning musiqiy videosi” va “Yil qo‘shig‘i” nominatsiyalarida g‘oliblarni aniqlaydi.
Shahzoda (Zilola Musayeva) Farg‘onada tug‘ilgan. U yerda musiqa maktabida tahsil olgan. Kiyevdagi xalqaro davlat universitetiga o‘qishga kirgach, musiqachi sifatida rivojlanishda davom etgan. “Jonim” duetida qatnashib, Zilola estradadagi faoliyatini boshlagan.
O‘zbekistonda va xorijda mashhur qo‘shiqchi bo‘lib tanilgach, Zilola o‘zini aktrisalikda ham sinab ko‘rgan. Hozirda uning 11 musiqiy albomi va 7 ta aktrisalik ishi bor.