-Hayotda ko‘p sinovli kunlarni ko‘rdingiz. Yiqildingiz, turdingiz. Qayirmoqchi bo‘lishdi, egildingiz, biroq, sinmadingiz. Bunday paytlarda eng yaqin do‘stingiz sabr bo‘lgan bo‘lsa kerak?
-O‘ylashimcha, hozir yashayotgan onlarim hayotimdagi eng baxtli damlar! Hech nimadan o‘ksish yo nolish yo‘q. Hayotimda nima o‘tgan bo‘lsa, dars oldim. Haqiqatan, sabr qildim, sinovli damlarni bardosh bilan yengib o‘tdim. Shukur.
-San’atkor sifatida bu dunyoda topgan eng katta narsangiz nima?
-Ijod o‘z yo‘liga. Biroq, insonlar bilan muomala, munosabatni o‘rgandim. Eng katta topganim esa tomoshabinlarning katta muhabbati! Bu shunday sevgiki, u nafaqat konsertlarda menga quvvat beradi, balki hayotimni jonlantirib turadi.
-O‘g‘lingiz Solih o‘z biologik otasini qo‘msaydimi?
-Bu mavzuda hech qanday ta’qiq yo‘q. Ayrim paytlarda u nega
munosabatlarimizga darz ketgani haqida so‘ragan. Ulg‘aygan sari hozirgi
otasining mehrini tobora his qilmoqda. Ota-o‘g‘il bir birini juda yaxshi
ko‘radi. Shu boismi, o‘g‘limda sog‘inchdan ko‘ra, hozirgi hayotidan mamnunlik
bor.
-Siz ham o‘zbekcha qo‘shiq kuylab, rus tilida
so‘zlashadiganlar safiga kirasizmi? Umuman, ona tilimizni necha foiz bilasiz?
-70 foiz bilaman. O‘zbek tilida aksentim borligi sabab
kulguga qolmaslik uchun rus tilida gaplashishni afzal bilaman.
-Shahzoda va Zilola Musayeva o‘rtasidagi tavofut nimada?
-Tavofut yo‘q. Hayotda qanday hayotda bo‘lsam, sahnada ham
shundayman. Faqat ismlarimiz boshqa-boshqa!
-Maykl Jeksonning opasi bilan "Muz TV” taqdimotida
uchrashgansiz. Latoyya Jeksonga uning ukasini hurmat qilishingizni ayta
olganmisiz?
-Yo‘q. U bilan afterpartyda uchrashib qolganmiz. Suratga
tushganmiz. Bu gapni aytishga imkon bo‘lmagan. Hayotimda hech qachon kumir
bo‘lmagan. Aniq bir artistlar plakatiga mahliyo bo‘lib, ijodiga tashna
bo‘lmaganman. Fan-klubimdan qizlar "sizga o‘zshagim kelyapti” deb sms yozsa,
ular o‘z "men”i bilan yashashi qanchalar baxt ekanligini tushuntirishga harakat
qilaman. Maykl Jekson hamma qatori menga ham yoqadi. Biroq, unga muxlisa
emasman!
-Umringizda necha marotaba sevgansiz?
-Osongina "sevaman” deb aytishni tushunmayman. Haqiqiy,
yetilgan muhabbat o‘z vaqtida keladi. Tan olaman, ayol sifatida hozir
muhabbatga asira bo‘lganman. Bu osmonlarda qanot chiqarib uchish degani emas.
Mukammal sevgini chin ma’noda his qilyapman, rafiqa, ona, bir ayol sifatida...
-Sinfdoshlaringiz bilan uchrashib turasizmi?
-Oldin tez-tez uchrashib turardik. Hozir hamma har qayoqqa
ketib qolgan. Kim "okean orti”ga, kim Rossiyaga. Mana, Natellani olaylik. 15
yillik yaqin dugonam Moskvada yashayapti. Borganimda uchrashamiz. Biroq, kim
qaerda bo‘lmasin, ijtimoiy tarmoqlarda gaplashib turamiz.
-Hayotingizda sotqinlar bo‘lganmi? Ularni kechira olganmisiz?
-O‘sha paytlarda buni sotqinlik deb bilganman. Yoshim
ulg‘aygani sayin mushohada qilaman. Xafa bo‘lgan insonlarim haqida analiz
qilib, ular o‘sha damlarda yosh bo‘lgandir, vaziyat shuni taqazo qilgandir deb
o‘ylayman. Hozir bu hollarni sotqinlik emas, kichik ahmoqgarchilik deb
tushunaman. Kechirishga kelsak, allaqachon!
-Dang‘illama uy, sevimli yor, yakkaxon konsertlar...Bu
omadmi?
-Balki, shunga yarasha mehnat qilgandirman?! Mana bu yilgi
konsertimni o‘zim moliyalashtirdim. Bir yarim yil mobaynida gastrollardan
yiqqan pulimni yakkaxon konsertimga sarflashni maqsad qilgandim. O‘z kuchim
bilan uddalashni juda istadim. Ayrim paytda qulog‘imga chalinib qoladi: "
Shahzoda o‘ziga to‘q insonning rafiqasi, u uchun hamma narsani muhayyo
qiladi!” Hech qachon ishsiz o‘tirmasligimni yaqinlarim biladi. Yaxshi pul
topishga intilaman va barcha qarindoshlarimga ham yordam beraman. Men kimgadir
bog‘lanib qolishni istamayman. Besh vaqt namoz o‘qimaganim bilan Alloh
qalbimda, yuragimda!
-Turmush o‘rtog‘ingizning katta qizi Lola taniqli xonanda.
Uni hecham "qizim” deb chaqirganmisiz?
-Yo‘-o‘-o‘-q (xandon otib kuladi).
-Soxta obro‘ va mashhurlikni bozordan sotib olingan yirtiq
paypoqqa qiyoslardim. Siz-chi?
-Yoshlar ko‘p. Ular orasida o‘z kuchiga tayanib san’atga
kirganlari ham bor. Shuning uchun hammaga birdek qo‘pol ta’rif berib
bo‘lmaydi. O‘zim 13 yil oldin hech kim edim. Guruhda ijodimni
boshlaganman. Qo‘llaguvchi hech qanday prodyuser, kompaniya yo‘q edi. U paytlar
turmushga ham chiqmagandim. Klublarda 10 000 so‘m uchun qo‘shiq kuylab
yurardik. 5000 so‘mini dugonam bilan bo‘lishsak, 5000 so‘mini taksiga
ishlatardik. Endi chiqayotgan yoshlarni tushunaman va ularni muhokama
qilmayman. Biroq, 2 ta klip yaratib, boshqa xonandalarni mensimaydiganlarni
oqlamayman. Haqiqiy mehnat qilgan odamga omad kulsa kerak. Birgina "Tarona
rekords” prodyuserining rafiqasi bo‘lganim hech narsani hal qilmaydi.
Erishayotganlarim tinimsiz mehnat va yana mehnat natijalari! Gastrollar,
albomlar – tinim bilmaslikni xush ko‘rganim uchun ham shunga yarasha pul
ishlayapman. Umuman olganda moliyaviy qaram bo‘lmagan ayol bo‘lish menga juda
yoqadi!
-Farzand kutyapsiz...Yana katta shov-shuv! Buni orziqib
kutganmidingiz?
-Bolajonlarni yaxshi ko‘raman. Bobo-buvilarim mening 6-7 ta
farzandim bo‘ladi deb o‘ylashardi. Solih tug‘ilganidan so‘ng, ancha yillar
o‘rtada pauza bo‘ldi. Qarindoshlarim hayron qoldi. Turmushga chiqqach, san’at
bilan ovora bo‘ldim. Gastrollar, konsertlar, yanada o‘zimni to‘liqroq namoyon
etish, yaxshiroq ishlab topish yo‘lida halak bo‘lib, farzand ko‘rish maqsadini
orqaga suraverdim. Mana bu yil qaror qildim. Hamma yaqin dugonalarim homilador.
Turmush o‘rtog‘im ham maslahat berdi. Karera va farzand ko‘rishni birdek
uddalash mumkinligini Nilufar Usmonovadan o‘rganish kerak! (kuladi)
-Qiz kutyapsizmi yo o‘g‘il?
-Hali bilmayman. Konsertdan keyin (kuladi).
-Bir paytlar qalin dugonangiz bo‘lgan Rayhonni qanchalar
yaxshi ko‘rasiz?
-Uni judayam yaxshi ko‘raman desam, men tomondan samimiy gap
bo‘lmaydi. Biroq, oldingi qadrdon do‘stlik yo‘q. Munosabatlarimizga rahna
solgan narsa esa muxlislarimiz o‘ylaydigan raqobat emas. Asl sababini u
ham, men ham yaxshi bilamiz. Mayli, taqdir ishlari. "Yaxshi ko‘raman” ham,
"yomon ko‘raman” ham deb aytolmayman. Shunday bo‘lishi kerak ekan, bo‘ldi.
-Rossiya shou biznesini necha foizga zabt etdim deb
o‘ylaysiz? Rossiyalik yulduzlardan qay birlari bilan tez-tez aloqada bo‘lib
turasiz?
-Rossiya shou olamini egallash fikri hech qachon bo‘lmagan.
Taklif qilishsa, konsertlar berganmiz. Kavkazda "Fotima va Zuhra” filmim
juda mashhur. Shu filmim orqali ko‘p bora taklif etishgan. "Hayot ayt” qo‘shig‘imni
juda yaxshi ko‘rishadi. Qaerda bo‘lmay, Vatanim ruhini his qilaman. Qonimda
o‘zbek qoni oqyapti, axir. Rossiya, Kavkaz, Gruziyada konsertlarim
o‘tayotganidan xursandman. U yerda o‘zbek tilida kuylashyapti.
Dog‘istonda tilimizni tushunishadi. Shu bois u yerdagi xonandalar ko‘plab
qo‘shiqlarimni qayta kuylashgan. Yaqin munosabatda bo‘lmasam-da,
gastrollarda rossiyalik hamkasblarim bilan tez-tez uchrashishga to‘g‘ri keladi.
Yaqinda Kiprda Smesh, Mitya Fomin, Nikolay Baskov, Lera
kabilar bilan ancha suhbatlashib qoldik. Ular Toshkentni eslashadi. Bolaligida
eshitishgani: tuya ustida yurishlar aslida yolg‘on ekaligiga Toshkentni kelib
ko‘rishganidan keyin amin bo‘lishganini aytishadi. Hozir ularning nazdida
Toshkent - naqadar go‘zal va zamonaviy shahar!
-Qizi bilan juda apoq-chapoq bo‘lgan xonandangiz Yulduz
Usmonovadan nima o‘rgangansiz?
-O‘zbek tilini. Boshqa sirlarni ochmayman (kuladi). Menga
nisbatan qizidek munosabati bo‘lishini qadrlayman, ijodiy maslahatlarini
ayamaydi.
-Yana bir mashhur xalq artisti Ozodbek Nazarbekovdan-chi?
-Bu hamkasbim bilan yaqindan munosabat boshladik. Shu qadar
sodda ekanligini kutmagandim. Xalq bejizga sevmasligiga yana bir karra amin
bo‘ldim. Qancha ulkan yutuqlarga erishishdan qat’iy nazar Inson bo‘lib qolish
kerakligini uning timsolida ko‘rish mumkin.
-Qiziq, sizdan qanday qaynona chiqarkin?
-Qattiqqo‘l bo‘lmayman. Kelinimni o‘z qizimdagidek sevsam
kerak.
-O‘z kamchiliklaringizni qaysi paytlarda muhokama
qilasiz?
-Har doim. O‘zimni tanqid qilishni kanda qilmayman. Mening
katta "minus”im – xarakterimda o‘rta kesim yo‘q. Qarorim: yo "ha”, yo
"yo‘q”! Yo hurmat qilaman, yo munosabatga nuqta qo‘yaman!
-Sevimli adibingiz?
-Aniq yozuvchining muxlisi emasman. So‘nggi paytda bolalar
ertaklarini o‘qiyapman. Turmush o‘rtog‘im o‘zi tarixga juda qiziqkanligi bois,
menga ham tavsiya qilmoqda. Yaqinda Bobur haqidagi asarni o‘qidik. Juda
qiziqdim. Oldin psixologik asarlarni o‘qirdim.
-Qaysidir kitob hayotingizni o‘zgarishiga o‘z ta’sirini
o‘tkazganmi?
-"Chayka”. Yuz martalab o‘qiganman. Chayka o‘z intilishlari
bilan orzulariga yetadi. O‘quvchiga turtki bo‘ladi. Insonning o‘ziga nisbatan
ishonchsizligiga barham beradi.
-Qachon yakkaxon konsertlaringizni 100 foiz jonli ijroda
o‘tkazasiz. Axir, yetarli ovozingiz bor-ku?
-Katta maqsadim bor. Orkestr bilan ishlashni niyat
qilganman. Haqiqiy jonli konsertni ana o‘shanda ko‘rishadi.
-Hech kimga aytolmaydigan sirlaringiz bormi?
-Yo‘q.
-Onangiz bilan tez-tez uchrashib turasizmi?
-Uch haftadan beri ko‘rolmadim. Ishlarim ko‘payib qoldi.
Onamni o‘g‘lim tez-tez borib ko‘rib turadi.
-Utopik savol: hech kim bormas orolga o‘zingiz bilan
nimalarni olib ketgan bo‘lardingiz?
-Do‘stlarimni, turmush o‘rtog‘imni! "Ayfon”imni olib
ketardim (kuladi). Mushuk yo kuchugimni olardim.
-Nimadan qattiq qo‘rqasiz?
-Yolg‘izlikdan qo‘rqaman. Shunday ekan, ko‘p farzandlar
ko‘rishni niyat qilganman!
-Turmush o‘rtog‘ingizni qizg‘onasizmi?
-8 yildan beri birgamiz. Qizg‘onish qayoqda? Axir o‘rtamizda
ishonch bor! Bir o‘z erkinliklarimizga xalaqit bermaymiz.
-Hamkasblaringizning oshkora hasadini sezganmisiz?
-Kim hasad qilsa, uning o‘ziga nisbatan ishonmasligining
belgisi sifatida ko‘raman. Menimcha, hasad qiladigan darajada yomonlik
qilmagan!
-Gulnora Karimova bilan yuzma-yuz uchrashib, uning bugungi ishlari
haqida qanday fikrlar bildirgan bo‘lardingiz? Unga qanday savol
berishingiz mumkin?
-So‘nggi paytda Fond Forum loyihalarida faolman va kuzata
turib, amin bo‘ldimki, uning loyihalari zamirida faqat saxovat yotadi.
Ta’lim sohasida, tibbiyot, san’at va madaniyatda qilayotgan ishlari tahsinga
arzigulik. Halq uchun ezgu ishlari ko‘p. Buni odamlarning, yoshlarning
ko‘zidagi quvonchdan payqash qiyin emas. Hammani birdamlik, hamjihatlikka
chorlashi, savob ishlar qilishdan charchamasligi Gulnora Islomovnaga nisbatan
cheksiz hurmatimni mustahkamlaydi. Savolim yo‘q, bil’aks, yaxshi ishlari uchun
ta’zim qilardim.
-Uyingizda bir necha yillardan beri xotira sifatida asrab
kelayotgan biron buyum bormi?
-Buvimning surati. Bobom va buvimning uyida ko‘p bo‘lganman.
Buvim ko‘p narsa o‘rgatgan.
-Introvert yo ekstravertsiz?
-Yaratganga juda ishonaman. Hammasi Undan. Ichki analiz
qilishim yaxshi. Introvert bo‘lsam kerak. Gohida atrofda o‘zimni to‘la namoyon
etaman. Ekstravertman ham.
-Qarashlaringiz faylasufona. Qaysi donishmandning so‘zlarini
o‘zingizga shior qilib olgansiz?
-Aniq bir faylasuf hikmatlariga bog‘lanib qolmaganman.
Onamning bir gapi bor. Dunyoda erishib bo‘lmaydigan cho‘qqi yo‘q. Faqat xohish
kerak. Uyga kirib, oyoq cho‘zib hech nimaga erishib bo‘lmaydi. Harakat qilish
kerak.
-AQShda ham gastrol safarida bo‘ldingiz. "Okean orti”dan
nima olib qaytdingiz?
-Mukofot. "Markaziy Osiyoning eng yaxshi qo‘shiqchisi”
diplomi bilan taqdirlashdi. Ko‘p san’atkorlar bilan tanishdim. "Dato”, Shabnam
Surayyo, Andi...
-Erta tongni qanday qarshi olasiz. Odatda ko‘p yulduzlar
peshinda uyg‘onadi...
-Turmushga chiqishdan oldin kechki soat 10da uxlab, barvaqt
uyg‘onardim. Hozir boshqacha. Turmush o‘rtog‘im "boyo‘g‘li”! Tunlari mijja
qoqmaydi. Men ham o‘rganib qoldim. Shuning uchun, tunda uxlamay futbol
ko‘ramiz, mazza qilib suhbatlashamiz... Kech uxlaganim bilan turmush
o‘rtog‘imdan oldin uyg‘onaman. Nonushta qilaman va ishlarim bilani mashg‘ul
bo‘laman. Turmush o‘rtog‘imga esa nonushta tayyorlamayman. Sovub qolishini
istamayman. Shunday kunlar bo‘ladi, birgalikda taomlar tayyorlaymiz.
-Oilangizni qaysi taom bilan siylashni xush ko‘rasiz?
-Mening salatlarimni xush ko‘rishadi. O‘zimcha turli
salatlar o‘ylab topaman. Turmush o‘rtog‘im maxsus resept asosida tayyorlaydigan
steykka esa gap yo‘q!
-Qishlog‘ingizni sog‘inasizmi? Farg‘onaga qachon bordingiz?
-Ulg‘ayganim sayin milliy qo‘shiqlarga muhabbatim ortib
boryapti. Xorij musiqasidan uzoqlashyapman. "Tanovar”ni dunyoda tengi yo‘q raqs
deb baholayman. Farg‘onadagi buvimning uyini sog‘inaman. Bolaligim o‘tgan
hovli. Hozir u uyda tog‘am istiqomat qiladi. So‘nggi marta o‘tgan yili bordim.
Buvimning qabrini ziyorat qildik. Xudoyi berdik. Farg‘onani maqtashdan
tolmayman.
-Bolalikdagi eng unutilmas xotira?
-Bobom 16 ta nevarasini yig‘ib, bizga ishora qilib,
dunyodagi eng boy odam ekanligini aytardi! "Pobeda” mashinasiga mindirib,
parklarga olib borardi. Xo‘rozqand sotib olib berardi (kuladi).
-Ikkiyuzlamachi va "xameleon” odamlarni qanday farqlaysiz?
-Oldin farqlamas edim. Hozir ko‘zlaridan, o‘zini tutishidan
anglayman. Biroq, agressiv munosabatda bo‘lmayman.
-O‘lim haqida o‘ylaysizmi?
-Har doim. Uxlashdan oldin, uyg‘onganda. Biroq, qo‘rqmayman.
Qancha umr berishidan qat’iy nazar, munosib yashab o‘tishni istayman.
-Birovning dilini og‘ritsangiz, qanday yo‘l tutasiz?
-Hech qachon birovga og‘riqli bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaganman.
Bo‘lmaydi ham. Shoshib qolib birovga minatdorchilik bildirishni unutib qo‘ysam,
albatta topib, uzrimni so‘rayman.
-So‘nggi marta qachon yig‘ladingiz?
-Kecha. So‘ngi paytda juda ta’sirchan bo‘lib qolganman.
Shunchaki multfilmdan ham ta’sirlanaman. Kecha bolalar haqida bir hujjatli
filmni ko‘rib rosa yig‘ladim.
-Siz alamni ham, quvonchni ham kulgu bilan qarshi olasiz. Bu
xaraktermi yo vaziyat taqozosi?
-Insonlarni yaxshi ko‘raman. Kulgan odamni ko‘rib xursand
bo‘laman. O‘z dardlarimni kulgu bilan yengishga intilaman. Mening qayg‘um,
ichki og‘riqli kechinmalarim atrofdagilarga umuman qiziqmas. Shu bois ham
hasratlarimni ko‘rsatmaslikni tabassum bilan bekitishni o‘rgandim. Demak,
vaziyat taqozosi.
-Qaysi paytlarda aldab turasiz?
-Hech qachon aldamayman. O‘g‘limga ham aytaman: har qanaqa
vaziyatda ham aldama! Ko‘zingga qarab aldaydiganlarni esa yomon ko‘raman.
-Yuzingizga xatolaringizni aytib turuvchi insoningiz bormi?
-Onam. Juda katta tanqidchim! Mana so‘nggi tanqidni
onamdan "Shoshma” klipi uchun eshitdim. Bunday tanqidni umrim mobaynida hali
eshitmaganman (kuladi). Ularning fikricha, klipda ko‘p likillaganman!
Raqsga tushishimni onam u qadar xushlamaydi. Balki shu uchunmi, raqsga
tushishda o‘zimni erkin his qilmayman. Onamga ko‘ra, qo‘shiqni ko‘zlar va qalb
orqali ham tomoshabinga yetkazsa bo‘ladi. "Shoshma”ni efirdan olib tashla,
efirga to‘langan pul qancha bo‘lsa, men to‘layman deydi, onam. Turmush
o‘rtog‘im ham onamdan qolishmaydigan tanqidchi. Biroq, bu ikki tanqidchim meni
tarbiya qilishayotganidan boshim ko‘kka yetadi.
-Turmush o‘rtog‘ingiz sizga juda sadoqatli va uning
muhabbati chin ekanligini nima tasdiqlab turadi?
-Buni isbotlashi shart emas. O‘g‘limni o‘z o‘g‘lidek
ko‘radi. O‘ziga yaxshi deb bilganni menga ham ravo ko‘radi. Turmush
o‘rtog‘im juda aqllli inson. Hayotda ko‘p narsani o‘rgatdi. Uning
samimiyligini, muhabbatini hamisha his qilaman. Bunga shubham yo‘q. Kundan kun
muhabbatimiz bir-birimizga sadoqatimizni mustahkamlab boryapti.
-Kalanpog‘ va mensimaydigan bo‘lib ketmasligingiz uchun nima
sizga ko‘mak beradi?
-Tarbiyam shunday bo‘ganki, hammasiga o‘z kuchim bilan
erishishim shart! Yetarlicha hayot qiyinchilarini ko‘rganman. "Jonim” paytida
ham. Yakkaxon ijojdimni boshlagan kezlar ham. Mehnat, pul topish oson kechmasligini
yaxshi bilaman. Farzandimni o‘zim katta qilib, oyoqqa turdim. Ko‘rganlarimdan
kelib chiqib, o‘g‘limni ham shunday tarbiya qilaman. Otam falonchi, onam
mashhur xonanda deb emas, oddiy bo‘lib yashashini istayman.
-Yo‘l harakkati qoidalariga to‘la amal qilasizmi?
-Yo‘q (kuladi). Hammasiga ulurish kerak, tezlikni oshirishga
majbur bo‘laman. Shu boisdan hozir haydovchi bilan yuraman. DAN xodimlari
ushlasa, uzr so‘rayman. Jarima to‘lagan paytlarim bo‘lgan, ayrim paytda disk
berib, "qutulib” qolganman!
-Qanchalar yaxshi rafiqa, yaxshi onasiz?
-Uyda har doim shinamlik bo‘lishini istayman. Ishim juda
ko‘p bo‘lishiga qaramay, farzandim bilan suhbatlashishga albatta vaqt topaman.
-Uning orzulari bilan qiziqib ko‘rganmisiz?
-Men uning huquq sohasidagi biron kasb egasi bo‘lishini
istardim. Biroq, Solih kelajakda moliyachi bo‘lmoqchi. Interhouse
litseyida 2-kursda o‘qiydi. Undan umidlarim katta.
-Qaysi tanqidni qabul qilolmagansiz?
-Eslolmayman. Bir-bir fonogrammada kuylay olmaydi deyishadi.
Biroq, jonli ijroda kuylashimni ham yaxshi bilishadi!
-Vatan haqida qo‘shiqlaringizni kutib qolamiz...Axir obod
yurtning baxtli farzandisiz!
-Albatta. Vatan haqida kuylashdan charchamayman. Kuylash
shart deb emas, qalbimda kechgani uchun Vatanni tarannum etgim keladi!
O‘zbekistonni juda yaxshi ko‘raman. Bu balandparvozlik emas, yuragimdagi
gaplar. Bizning xalqdek yaxshisi dunyoda topilmasa kerak! Tinch yurtda
yashayotganim - eng katta baxtim. Ha, eng aziz baxtim!
Manba:shov-shuv.uz