Garchi Samsung kompaniyasi Galaxy S5 apparatining premium
turini ishlab chiqarish to‘g‘risida tarqalgan mish-mishlarni inkor etgan
bo‘lsa-da, OAVda mazkur qurilma haqidagi turli ma’lumotlarning yoritilishi
davom etmoqda. Yaqinda
Hindistonning Zauba portalida ishchi nomi Galaxy S5 Prime deb atalayotgan
smartfon to‘g‘risida xabar berilgan, deb yozadi Mobinfo.uz.
Saytning yozishicha, shartli kodi SM-G906K bo‘lgan 4
dona qurilma Hindistonga tadqiqot o‘tkazish maqsadida jo‘natilgan. "Oddiy” Galaxy S5’dan farqli
o‘laroq, Galaxy S5 Prime metall korpusga ega. Unga 5,2 dyuymli, Quad HD
— 2560×1440 pikselli displey o‘rnatilgan. Smartfon chastotasi 2,5 GGs
bo‘lgan 4 yadroli Qualcomm Snapdragon 805 protsessori va 3 GB operativ xotira
bilan ta’minlangan. Telefonga 16 megapikselli asosiy va 2 megapikselli old
kameralar o‘rnatilgan. Apparat ichiga joylashtirilgan flesh-kartaning sig‘imi
32 Gigabaytdan iborat. Qurilmada Google Android 4.4.2 KitKat mobil
platformasi qo‘llanilgan.
Tarqalgan
mish-mishlarga ko‘ra, Samsung Galaxy S5 Prime apparatlarining rasmiy
taqdimotini may oyida o‘tkazadi.