Bu aktyorni nafaqat o`zimizda, balki xorijda ham «Romeo» deb chaqirishadi. Suratga tushgan filmidagi obrazi aktyorga mashhurlik bilan birga sevishganlar obrazining qoyilmaqom ijrochisi nomini ham bergan. Buni qarangki, hayotdagi «Romeo» ham ekrandagisidan hech ham qolishmaydi. Romantik, munosabatlarni qadrlaydigan va kutilmagan qahramonliklar ko`rsatishga qodir. Aynan shunday hislatlari bilan u o`z «Juletta»sini topgan.
Tanishing, loyihamizning navbatdagi mehmonlari Rustam Sagdullaev va uning rafiqasi Marina Sagdullaeva.
— «Rustam va Marina» muhabbati butun boshli asar deyishadi. Julettangizni qanday uchratgansiz, Rustam aka?
Rustam: — Rafiqam bilan O`zbekfilm kinostudiyasining tikuv sexida tanishganman. Marina o`sha vaqtlari sexda tikuvchi bo`lib ishlardi. Keyinchalik harakatchanligi bilan rahbar lavozimigacha ko`tarildi. Bir kuni kostyum-shimimni qayta tikish uchun sexga bordim. Qizlar biri olib, biri qo`yib hazil-huzil qilishar, faqat Marina menga e`tibor bermasdi. Ertasiga kelsam, buyurtmam tayyor. Marinaga «Rahmat!» deb chiqib ketayotsam, qizlar shumlik qilib, «Rahmat aytasiz, xolosmi? Boshqa sovg`angiz yo`qmi?» deyishdi. Men ham bo`sh kelishni xohlamay, to`y, oila haqidagi ilmoqli gaplar bilan javob berdim. Astoydil niyat qilgan ekanman, ko`p o`tmay, turmush qurdik. Lekin Marinamning muhabbatini qozonish oson bo`lmagan.
— Nahotki, aktyorlik mahoratingiz ham yordam bermadimi?
Rustam: — E`tiborini qozonish uchun nimalar qilmadim. Bir filmni suratga olish ishlari bo`layotgandi. Qarasam, Marina liboslar bo`yicha rassom yordamchisi ekan. Imkoniyatni qo`ldan chiqarmay, unga xat yozishga qaror qildim. Biz bilan suratga olish maydoniga do`stimizning qizchasi borgandi. Bir-ikki marta xat yozib, qizaloqdan berib yubordim. Marina bo`lsa, javob bermasa ham mayli, o`qimay yirtib tashlardi. Oxiri bo`lmadi, shartta oldiga bordim-da, «Nega maktublarimni yirtib tashlaysan. Axir seni yoqtirib qoldim, nega ishonmaysan?» dedim. U bo`lsa, «Aktyorlarga ishonmayman!» deb javob berdi, xolos.
— Marina opa, nega ishonmagansiz?
Marina: — Rustamga emas, aktyorlarga ishonmasdim. Atrofida hamisha yosh, go`zal muxlisalari, ijodiy safarlar, turli ziyofatlar bo`ladi. Muhabbat borasida beqaror bo`lishsa kerak, derdim-da. Ammo Rustam buning aksini isbotladi.
— Qaroringizni o`zgartirishingizga nima sabab bo`ldi?
Marina: — U sevgisini juda chiroyli izhor qilardi. Menga atab she`rlar yozgan. Qanday insonligini ijodiy safarlarda davomida bilganman. S`yomkadan keyin mehmonxonaga qaytsak, hamma o`z xonasiga kirib ketardi. Qizlar o`n xildan ortiq liboslarni yuqori qavatga olib chiqishga qiynalardik. Shunda Rustam yordamga kelardi. Ovqatlanishga ulgarmay, do`konga chiqib kelishga madorimiz qolmay o`tirganimizda, egulik olib kelib, «Tamaddi qilib olinglar», deya g`amxo`rlik ko`rsatardi. E`tibori, samimiyati bilan mehrimni qozongan. Bilasizmi, biz bir-birimizni chindan dildan, samimiy yaxshi ko`rganmiz. Hatto, uchrashganimizda qo`l ushlashib yurmagan ekanmiz (kuladi).
— Eshitishimcha, «ZAGS»ga borganingiz ham qiziq bo`lgan ekan.
Rustam: — Turmush qurish taklifini aytganimdan so`ng qonuniy nikohdan o`tish uchun Marinaning pasportini so`raganman. Ammo bu haqda o`ziga aytmadim. Xujjatlarni olgach, to`g`ri «ZAGS» bo`limiga bordik. «Sen mashinada o`tirib tur, men hozir» dedim-da, kirib ketdim. «Mana bu men va keliningizning pasporti, bizni nikohdan o`tkazib qo`ying. Bugun!» dedim xodimlariga. «15 kundan keyin kelasiz. Bugun nikohdan o`tish uchun ariza yozasizlar», deyishdi. Keyin aktyorligimni bilib, s`yomka bo`layapti deb o`ylashdi. «Rost, bugun uylanmoqchiman», deb arang ularni ko`ndirdim. Guvohlar ham bo`limdagi qiz bilan ko`chada ketayotgan bir yo`lovchi bo`lgan.
Marina: — Qaerga kelganimizni bilmasdim-da, ichkariga kirib borayapman, Mendelson kuyi yangrayapti. Hayronman, to`y bo`layaptimi, kelin qani, deyman. Bilsam o`zimning to`yim bo`layotgan ekan. Kelin ham o`zim! Marosim o`tkaziladigan xonada nikohimizni rasmiylashtirishgan. Rosti kutilmagan voqea bo`lgandi.
Rustam: — Keyin turmush qurayotganimizni aytish uchun qaynonamning oldiga bordik. «ZAGS»dan o`tdik, to`y qilamiz», deb pasportlarni uzatdik. Menikini ko`rib, «Bilgandim-a, shunaqaligingni. Xotining bor ekan-da», degan. Pasportni ochib qarasam, nikohdan o`tilganlik muhri o`rniga, nikoh bekor qilindi degani turibdi. «ZAGS»dagilar kutilmagan tashrifimizdan shoshib qolishgan chog`i, adashib boshqa muhrni qo`yib yuborishibdi. Keyin hujjatlarni qayta to`g`irlaganmiz. Xullas, hammasi juda qiziq bo`lgan.
— To`y kuni-chi?
Rustam: — Onam turmushga chiqayotganida taqqan oq shoyi ro`molini kelinining boshiga tashlab, oq fotiha bergan. Nikoh o`qilayotganda nimalar deyilishini Marinaga tushuntirganmiz. Ammo baribir qovun tushirgan.
Marina: — «Nikoh o`qilayotganda uch marta «rozimisan» deb so`rashadi. Uchinchisidan keyin «roziman» deysan», deb tushuntirishgan. Nikoh o`qiyotgan domla birinchisidan keyin «Roziman deng» desa, unga javoban «Uch marta so`ramadiz-ku» deganman (kuladi).
Rustam: — Keyin to`y qilib, oila qurdik. Birin-ketin farzandlarimiz tug`ilishdi.
— Taniqli aktyorning rafiqasini ko`rishga qiziqqanlar ham ko`p bo`lgandir?
Rustam: — Munosabatlarimizni hamma bilardi. Tabriklar ko`p bo`lgan. Marina atlas ko`ylaklarda ertalab ko`cha supurgani chiqardi, oyimga kelinsalomlar qilardi. Hammasi urf-odatlarimizga xos chiroyli bo`lgan.
— Kelinlik vazifalarini uddalash qiyin bo`lmaganmi, Marina opa?
Marina: — Shu yurtda tug`ilib, voyaga etdim. Kichikligimdan o`zbekona urf-odatlarini juda hurmat qilaman. Rasm-rusumlar ham tanish. Shu bois kelinligimda qiynalmadim. Qolaversa, turmush o`rtog`imning oilasidagilar samimiy, ochiqko`ngil insonlar. O`zaro hurmat bo`lgani uchun shu kungacha tinch-totuv yashab kelayapmiz.
— Bir-biringizga shu qadar mehr bilan qarayapsiz-ki, rashk haqida so`rashga ham o`ylanib turibman.
Rustam: — Hali ham rashk qilasizmi, demoqchisiz-da? Albatta! Busiz bo`larkanmi (kuladi)? Beparvo odamgina ayolini qizg`anmasligi mumkin. Er-xotin munosabatlarida rashk bo`lishi kerak. Lekin me`yorida. Ayolim kasbimni tushunadi, qolaversa, o`zi ham shu muhitda ishlagan. Noo`rin rashk bo`lmaydi. Men ham uni qizg`onaman. Axir chiroyli ayol-da.
— Ba`zi oilalarda er yoki xotinning mashhurligi qaysidir ma`noda munosabatlarga ta`sir qiladi. Sizlarda bu qanday?
Rustam: — Bu gap bizni oilaga taalluqli emas! Mening kasbim, mashhurligim hech qachon oilamizga daxl qilmagan. Noo`rin rashk bo`lmasligi uchun festivallarga Marina bilan birga boramiz.
— Rustam aka, sizni jahli tez deyisharkan. Yaxshisi, javobni rafiqangizdan eshita qolaylik.
Marina: — Jahli tezligini porox bilan to`ldirilgan qopga qiyoslash mumkin. Lekin «lov» etib yonsa ham, tez o`ziga keladi.
— Bunday vaziyatlarda siz nima qilasiz?
Marina: — Jim turaman. Eng ma`quli ham shu-da. O`ziga kelgach, keyin gaplashamiz.
— Yigirma sakkiz yildan buyon birgasizlar. Turmushda turli vaziyatlar bo`lib turadi. Sinovlardan o`ta olish ham san`at, shunday emasmi?
Rustam: — Rost aytdingiz. Bir muddat ijodimda uzilish bo`lib qoldi. Uch yilcha kinoga takliflar bo`lmadi. O`shanda rafiqam ro`zg`or og`irligini elkasiga olib, elib-yugurgandi. Qizimiz bor, o`g`limizga homilador holida ham ikkita joyda ishlab, menga dalda bo`lgan. Hech yodimdan chiqmaydi, onam «Xotining seni yuqoriga ko`taradi», degandi. Shukr, bu sinovlardan ham o`tib oldik. Keyinchalik hayotimiz izga tushib, takliflar ham ko`paydi. Shuni aytsalar kerak-da, tuyg`ular chinligi sinovlarda bilinadi, deb. O`ylaymanki, biz bu imtihonni a`loga topshirdik.
Marina: — Oilada asosiysi, sabr-qanoat. Er-xotin bir-birini tushunsa, hurmat qilsa, turmushi osoyishta bo`ladi. Muhimi, erkakning g`ururi sinmasin. Qanday vaziyat bo`lishidan qat`i nazar turmush o`rtog`ingiz oilangiz ustuni ekanligini unutmaslik kerak. Unga suyansangiz, hech qachon yutqazmaysiz.
— Ikki nafar farzandingiz bor. Ularning tarbiyasida kim qattiqqo`lroq?
Rustam: – Onasi! Men qattiqqo`llik qilolmayman. Ayniqsa, qizimga. Lekin shunday tarbiya bergani ham yaxshi ekan. Qizimizni uzatganmiz. Yaqinda «Dadajon, onamdan juda minnatdorman. Talabchan bo`lib yaxshi qilgan ekan», dedi. O`zi ham oilali bo`lib, onasini ko`proq tushunayapti. Navro`za ham bo`lajak jurnalist. Hozir shu sohada tahsil olayapti. O`g`lim Ravshan esa informatika yo`nalishi bo`yicha kollej o`quvchisi.
— Qizingizni ismi chiroyli ekan. O`zingiz qo`yganmisiz?
Marina: — Ismini qaynonam tanlagan. Eng qizig`i, Navro`za 1993 yilning 3 oyi, haftaning 3 kuni va 3 mart sanasida tug`ilgan.
Rustam: — O`g`limning ismini qaynona-kelin bir-birlaridan bexabar Ravshan deb qo`yishgan. Tasodifni qarang-ki, yaqin do`stimning ismi ham shunday.
Marina: — Bolalar tarbiyasida qaynonamlardan g`oyat minnatdorman. Er-xotin safarlarda bo`lganimizda bog`chasimi, maktabimi, o`zlari bosh-qosh bo`lgan. Hatto, eng yaxshi buvi degan faxriy yorliqlari ham bor.
— Baxtingizga havas qildim. Ko`z tegmasin!
Rustam: — Rahmat!
Blis savol-javoblar
— Marina opa, baxt formulangiz bormi?
— O`zaro hurmat. Mana shu oddiy, ammo muhim qoidani unutmaslik kerak.
— Erkaklarni nazorat qilish shartmi, sizningcha?
— Aslo. Baribir, foydasi yo`q. Yaxshisi, unga ishoning.
— Kechirish-chi?
— Vaziyatga qarab.
— Erkaklarga nimalarni aytib bo`lmaydi?
— Nimadir taqiqlash, buyruq ohangida so`zlamaslik kerak.
— Rustam aka, rafiqangizni uch so`z bilan ta`riflang:
— Oqila rafiqa, pokiza inson, yaxshi ona.
— Unga atalgan uch tilagingiz:
— O`zimga nimaki yaxshilik tilasam, rafiqamga ham shularni tilayman. Sog`-salomat, umri uzoq bo`lsin, hamisha bugungidek yosh va go`zal bo`lib yurishini xohlayman.
— Hech qachon unutilmaydigan uch sovg`asi:
— Qizim, o`g`lim va menga bo`lgan muhabbati!
Dildora YuSUFBEKOVA tayyorladi.