Rossiyada o‘zbekistonlik qotil-enaga sudi boshlanadi
2016 yil 29 fevralda Moskva shahrida yuz bergan mudhish voqea nafaqat Rossiya xalqini, balki O‘zbekiston xalqini ham vahimaga solib, katta shov-shuvga aylangandi.
Shu kuni Moskva shahridagi ko‘p qavatli uylarda yashovchi uy egalari to‘ng‘ich farzandlarini olib tashqariga chiqib ketishadi. Uyda esa ularning 4 yoshli qizi enaga bilan qoladi. Enaga va qizaloq yolg‘iz qolgach, ayol bolani zo‘ravonlik bilan o‘ldiradi, uyga esa o‘t qo‘yadi.
Uning keyingi harakatlari yanada dahshatli. Enaga qizaloqning boshini tanasidan judo qilib, qora kiyim kiyadi va metro tomon yo‘l oladi. “Oktabrskoye pole” metro bekatiga yaqinlashgan jinoyatchi enaga qizaloqning boshini ko‘tarib, o‘zining terrorchi ekanini aytib, baqiradi. Shundan so‘ng u qo‘lga olinadi. Surishtiruvlar natijasida enaga asli o‘zbekistonlik bo‘lib, 1977 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan Gulchehra Boboqulova ismli shaxs ekanligi aniqlandi. U qizaloqqa so‘nggi 3 yil davomida enagalik qilib kelgan.
Gulchehra Boboqulovaga Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 2-bo‘lim 105-modda, ya’ni voyaga yetmagan bolani o‘ldirish aybi qo‘yildi. Tergov vaqtida Boboqulova qilgan jinoyatini Rossiyaning Suriyadagi IShID terrorchilar guruhiga qarshi qilgan hujumiga javob sifatida qilganini ma’lum qilgan. O‘zi ham Suriyaga ketish istagida ekanligini bildirgan.
Aniqlanishicha, Gulchehra Boboqulovaning o‘zbekistonlik tanishlaridan biri yuqoridagi terrorchi guruh a’zosi bo‘lgan va uni ham Suriyada kelishga da’vat qilgan. Xabarda ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Boboqulovani ruhiy xastaligini isbotlovchi hujjatni taqdim etgan.
Gulchehra Boboqulovaning yarim yil avval sud xay’atiga ma’lum qilishicha, u 12 yil davomida Samarqanddagi psixonevrologik dispanserda hisobda turgan. So‘nggi 4 oy davomida esa uyqusizlik sabab umuman uxlamaganligini ma’lum qilgan. Boboqulovaning o‘zi ham kasallik tashhisini aniq bilmasligini aytib o‘tgan.
Aprel oyida o‘tgan sud eshituvi chog‘ida ayblanuvchi atiga 8 sinfni tamomlagach, maktabda o‘qimaganini ma’lum qilgan. Uning 3 nafar farzandi bo‘lib, eng kenjasi 16 yoshda. O‘shanda sud xay’ati Gulchehra Boboqulova ishini yana 1 oyga cho‘zishini xabar qilgandi. Bu vaqt ichida uning ijtimoiy tarmoqlardagi yozishmalari tekshiruvdan o‘tkazilishi belgilandi.
24 oktabr kuni Moskva sudi Gulchehra Boboqulovaga nisbatan ochilgan jinoyat ishini yana ko‘rib chiqishni boshladi. Bugun marhum 4 yoshli qizaloqning ota-onasi so‘roq qilinishi kutilmoqda. Barcha sud ishi yopiq rejimda o‘tkazilishi ma’lum qilindi.