2018 yilning yanvar oyida O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti va O‘zbekiston futbol federatsiyasi 1-vise prezidenti Umid Ahmadjonov Ispaniyaga tashrif buyurib, "Real Madrid" klubi akademiyasi direktori Xulio Ronko bilan uchrashuv o‘tkazgan edi.
Ushbu uchrashuvda "Qirollik klubi"ning Real Madrid Foundation Clinic dasturi asosida O‘zbekistonda "Real Madrid" klubining futbol maktabini ochish, "Real Madrid"da faoliyat yuritayotgan murabbiylarni O‘zbekistonga olib kelish, ular ishtirokida futbol maktablarimizda mashg‘ulotlar o‘tkazish, futbolchilar bilan ishlash jarayonlari haqida o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashish bo‘yicha kelishuv imzolangan edi.
Shuningdek, Real Madrid Foundation va O‘FA o‘rtasida imzolangan Real Madrid akademiyasing “Clinics” dasturi doirasida O‘zbekistonda va Ispaniyada bolalar va murabbiylar kursini o‘tkazish bo‘yicha ham hamkorlik kelishuviga erishilgan.
Ushbu kelishuvga asosan joriy yilning 22 may kuni yurtimizga “Qirollik klubi” akademiyasining menejerlari Andres Antonio hamda Xuan Pablolar tashrif buyurishadi, deb xabar bermoqda "Olamsport" nashri.
Tashrif doirasida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbariyati bilan uchrashuv, matbuot anjumani hamda Real Madrid Foundation Clinic dasturi bo‘yicha tashkil etilayotgan futbol akademiyasi binolari barpo etiladigan joy bilan tanishuv tadbirlari bo‘lib o‘tadi.
“Clinics” dasturi bo‘yicha Toshkentda bolalar murabbiylari uchun o‘quv kurslari iyun oyidan boshlanishini ham ta’kidlab o‘tish kerak.