Rashid Holikov (Shaxzod guruhi) bilan eksklyuziv intervyu
Ma’noli, mazmunli, barchaga birdek yoqadigan, saviyasi baland qo‘shiqlarni yaratish oson emas. Bu yo‘ldagi mashaqqatni faqat ijodkor biladi. Bugungi qahramonimiz ham ana shunday qo‘shiqlar ijrochisi, uni 7 yoshdan 70 yoshgacha tinglashadi. Bundan 25 yil oldin kuylagan taronalari ham, bugungi kunda ijro qilganlari ham muxlislar tilidan tushmaydi. Uni xalq yaxshi ko‘radi, sababi u faqat halqi uchun ijod qiladi, izlanadi...
· Avvalambor assalomu alaykum, sizni ko‘rib turganimizdan juda xursandmiz.
· Vaalaykum assalom. Men ham sizni ko‘rib turganimdan mamnunman.
· Bugungi suhbatimizni ayni damda ijodingizda ro‘y berayotgan yangiliklardan boshlasak...
· Ijodiy yangiliklar to‘g‘risida gapiradigan bo‘lsam, mana bugun yangi "tandirdan uzilgan qaynoqqina" bir taronamiz tayyor bo‘ldi. So‘zining ham, musiqasining ham muallifi o‘zimman. “Malikam” deb nomlangan bu qo‘shiq “Shahzod” ansambli ilk bor 1991-yil tuzilganda, birinchi bo‘lib yozilgan kompozisiya hisoblanadi. Bugungi kunda biz uni remiks turini yozdik. Yangicha sayqallar berib, tarona ustida ishladik. Bu ijod mahsuli “Shahzod” ansamblini tanitgan tarona bo‘lib, o‘sha paytda 18-20 yoshida bizni tinglab, qo‘llab-quvvatlagan yoshlar, bugun 40-45 yoshida ham eshitib judayam xursand bo‘lishadi, o‘zlarini yoshlikka qaytgandek his qilishadi deb o‘ylayman. Qo‘shiq tez kunda “O‘zbegim taronasi” radiosi orqali muxlislar e’tiboriga havola etiladi. Shuningdek, bu kompozisiyaga videoklip suratga olishni rejalashtirganmiz. Yaqin kunlarda tasvirga olish ishlarini ham boshlab yuboramiz. Bundan tashqari, kompozitor Shuxrat Zokirov, Saidumar Imomxo‘jaev bilan 4-5 ta yangi qo‘shiqlar ustida ishlayapmiz. Bundan buyog‘iga ketma-ket premeralarni muxlislarimizga taqdim etaveramiz. Orada 1,5 yil, hatto undan ham ko‘proq tanaffus bo‘ldi. Sog‘lig‘im bilan biroz muammolarga duch keldim. Mana hozir hammasi ortda qoldi va yangicha shijoat va yangi nafas bilan ijodimizni boshlab oldik. Yangi rasmiy saytimiz ham ishga tushdi. Bir so‘z bilan aytganda, insonni hayotiga bahor fasli kelganidek, bizning ham ijodimizga yana bahor keldi. Ijod qilish uchun xuddi yoshlar kabi qonimiz qaynamoqda. Yangicha ishtiyoq bilan, hech kimni hayoliga kelmagan qo‘shiqlarni xalqimizga taqdim qilishni istayapmiz va buni ustida katta ish olib bormoqdamiz.
Sizlarni ilk bor tanitgan qo‘shiq xalqimiz qalbidan munosib joy olib ulgurgan. Sizningcha bu taronani yangicha talqini 40-45 yoshli muxlislarga birinchisi kabi manzur kelarmikan? Yoshlarimizgachi?
“Shahzod” ansambli avvaldan 7 yoshdan 70 yoshgacha yoqadigan guruh. Bir narsani har doim aytib o‘tganman, hozir ham aytaman, bir san’atkor hammaga birdek yoqmaydi. Kaftingizdagi barmoqlar ham bir xil emas. Kimgadir yoqasiz, kimgadir yo‘q. Biroq shu bilan san’atkorning umri uzoq bo‘ladi. O‘z tajribamdan kelib chiqib gapiradigan bo‘lsam, mana 25 yildan buyon sahnadaman. Agarda albom chiqmasidan oldin hisoblasak 27 yil bo‘ldi. Bu vaqt inson hayotida kichik muddat emas. Bu davr ichida men juda ko‘p kuzatdim, o‘rgandim. Shunaqa qo‘shiqlar bo‘ladiki, lov etib yonadida, hammaga yoqadi. Lekin uning umri qisqa bo‘lib qoladi. Bir qo‘shig‘ingiz yoqmasa, balki keyingisi yoqib qolar. Biroq “Malikam” taronasiga keladigan bo‘lsak, shunday yaratilganki, bugungi yoshlarimizga ham o‘sha paytdagi yoshlarga yoqqani kabi manzur keladi. Va albatta biz bilan tengdosh bo‘lgan muxlislarmizga ham. Chunki biz har tomonlama o‘ylab, yengil musiqiy sayqal berdik. Qo‘shiqni qayta kuylaganimizda ham o‘sha davr nafasini saqlab qolgan holda, bugungi kun bilan uyg‘unlashtirdik. Tarona shaxsan o‘zimga yoqdi. O‘zimga yoqqan qo‘shiqlar har doim muxlislarimiz qalbidan munosib joy egallagan. “Shahzod” ansambli hech qachon yiliga 10-15 ta qo‘shiq yozmagan. Lekin bitta tarona yozsa ham o‘z muxlislarini topgan. Shu sabab, 25 yil davomida ijod qilib kelmoqdamiz.
25 yil davomida sahnadasiz. Aytganingizdek bu katta muddat. Ijod yo‘li 3 -4 yilga yetmaydigan xonandalarimiz ham bor. Bu bugungi kun ijodkorlari ichida juda ko‘p uchramoqda. 25 yil davomida ijodingiz yashamoqda. To‘xtab qolgani yo‘q. Xalqimiz orasida “Shahzod” ansambliga talab ham yetarlicha. Aytingchi bu muvafaqqiyatingizning siri nimada?
Avvalambor bugungi yoshlarimizga mana shu ijod yo‘lini tilayman. Agar hozir yoziladigan qo‘shiqlarimiz yana 25 yildan keyin tinglansa 2040 yil bo‘lar ekan. Men bunday insonlarni juda baxtli deb hisoblayman. Muvafaqqiyatga yerishishning siriga keladigan bo‘lsak, bu juda oddiy. O‘z sohasini sevish kerak. Son uchun emas, sifat uchun ishlash zarur. Hayotingizda bir vaqt bo‘ladiki, ko‘nglingiz yayrardi. Mana shu paytda chiroyli g‘oya tug‘iladi. Buni chin dildan yozib, ustida ishlansa barchaga manzur keladigan asar dunyoga keladi. Chin dildan mehr berib yozilgan qo‘shiqning ham, ijodkorning ham san’atdagi umri uzoq bo‘ladi.
To‘g‘risini aytsam, o‘zim ham qo‘shiqlaringizni tinglab katta bo‘lganman. Har qanday bayram-u tantanalar “Ey, aziz yurtim” qo‘shig‘ingizsiz o‘tmas edi. Ana shu taronangizni ham yangicha talqinda taqdim etish niyatingiz bormi? Bu qo‘shiqni men kabi boshqalar ham sog‘ingan bo‘lsa ajab emas.
Bilasizmi, siz hozir meni ko‘nglimdagilarni o‘qiyapsiz. Bunday deyishimga sabab, yaqindagina Yoshlar ijodiyoti markazida O‘zbekiston bo‘yicha eng yaxshi iste’dodli o‘quvchilar va talabalar ishtirokida tadbir bo‘lib o‘tdi. Shu qo‘shiqni konsert so‘ngida kuyladik. Bilasizmi, sahnani sog‘inibman. Qo‘shiq kuylaganimda hatto ko‘zimga yosh keldi. Sababi, shu yoshlar hozir 17-18 yosh bo‘lsa, guruhimiz tuzilganida hali dunyoga kelmagan edi. Shunga qaramay, sahnaga chiqqanimda hamma o‘rnidan turib, qo‘shiq tugagunga qadar birga kuylashdi. Men uchun bu kutilmagan hol edi. Shu payt hayolimdan “bu qo‘shiqning davri endi kelgandir” degan o‘y o‘tdi. To‘g‘ri, avval yaratilganidayoq xalqimizga yoqqan. Biroq, hozirgi holatda har qachongidan ham ko‘proq yaxshi ko‘rishdi. Vatanimizga bo‘lgan muhabbatini konsert davomida shu qo‘shiq orqali ifoda etishdi. Bugungi kunda shu taronamizni ham qayta kuyladik. Yaqin kunlarda tayyor bo‘ladi va yangicha talqinda muxlislarimizga havola etamiz.
Balki mustaqillik tantanalarida shu qo‘shiq bilan sizni yana sahnada ko‘rarmiz...
Bajonudil. Judayam xursand bo‘lar edim. Insonning boshida har xol savdolar bo‘lar ekan. Biroz sog‘lig‘im bilan bog‘liq muammolar atrofga tarqaldi. Hattoki, shifoxonada yotgan holimda ham muxlislarimni, xalqimizni tinchlantirish uchun suhbatlar qildik. Shundan so‘ng shov-shuvli gap-so‘zlar kamaydi. Mana ollohga shukur yana xalqimiz xizmatidaman. Ijod qilyapman.
Har bir ijod mahsulingizda o‘ziga xoslik bor. Birovi boshqasini takrorlamaydi. Hech kim kutmagan tarona yoki videokliplarni taqdim etasiz. Bu alohida yondashuvmi, uslubmi? Balki, ijodiy hamkorlaringizga bo‘lgan talabchanligingizdandir?
Kam, lekin joyida qo‘shiq yaratish uchun judayam talabchanman. 1998 yil “O‘ynaysan” deb nomlangan qo‘shig‘imizga videoklipini boshidan oxirigacha nafaqat Toshkentda, butun O‘rta Osiyoda desam adashmayman, birinchi bo‘lib kompyuter grafikasida suratga olganmiz. Bugungi kunda texnika rivojlangan. 18 yil oldin kompyuter texnikasi bugungidek emasdi. Bitta klipimiz 4-5 oyda tayyor bo‘lardi. Lekin moddiy tomoniga keladigan bo‘lsak, katta mablag‘ sarflaganmiz. Boshqalarning gap so‘ziga qaramay muxlislarim shuni ko‘rishi kerak deb kompyuter grafikasida ishlangan klipimni taqdim etganman. Yiliga konsert bermasam-da qiziqarli, saviyasi baland va noodatiy kliplar ustida ishlashni yoqtiraman. Saytimizga joylashtirilgan videokliplarni ko‘rgan har bir muxlis hayoti davomidagi xotiralarini eslaydi. Bolalikka qaytadi. Bundan juda xursandman.
O‘zining qo‘shiqlari bilan muxlislar e’tiborini torta olmayotgan yosh xonandalar ustoz san’atkorlarning ijodiga murojaat qilib, diqqatni jalb etishga urinishmoqda. Buni eshitganlar orasida “yaxshi aytibdi”, “shunday yaxshi qo‘shiqni xarob qilibdi” degan fikrlarni guvohi bo‘lamiz. Sizning bunga munosabatingiz qanaqa?
Bilasizmi chet elda xonandalar mashxur san’atkorlarning qo‘shiqlarini restoranlarda kuylab keyin o‘z qo‘shiqlarini yaratishgan. Restoran katta maktab vazifasini o‘tagan. Yoshlarimiz ustozlarimizning qo‘shiqlarini kuylashsin bu katta maktab. Bundan o‘zlari uchun kerak bo‘lgan saboqni olib, kelajakda o‘z yo‘lini topib olsa nur ustiga a’lo nur bo‘ladi. Qo‘shiq “ o‘xshamay” qolgan holatlarda shuni aytmoqchimanki, ijod bor joyda xato qilinadi. Eng keraklisi, shu xatoni tushunib, to‘g‘rilashsa bu ularni “Plyus”i, agarda “Yo‘q, men zo‘r kuyladim” degan fikrda bo‘lishsa bu ularning “Minus”i bo‘ladi. Har doim odam o‘ziga bo‘lgan tanqidni to‘g‘ri qabul qilish kerak deb o‘ylayman.
Professional sa’at to‘ybop qo‘shiqlar soyasida qolib ketgandek, ko‘pchilik to‘y uchun ijod qilib, xaqiqiy san’atni chetga surib qo‘ydi. Bu holat san’atga kirib kelgan yosh xonandalar ijodida ko‘proq kuzatilmoqda. Siz bu holatni qanday baholaysiz?
Bu gapingizda jon bor. Men har doim kompozitorlarga murojaat qilganimda qo‘shig‘imni ham to‘yda, ham ko‘cha-ko‘yda, ham uyda va konsertda eshitishsin deb aytaman. Agar original qo‘shiq yaratilsa, siz shu taronani ijro etmaganingizda ham o‘zlari kelib “Shu qo‘shig‘ingizni ijro qilib bersangiz” deb so‘rashadi. To‘g‘ri, to‘y – xashamlar o‘zbek xalqining katta bayrami. Lekin hozirgi xonandalar birinchi yaratayotgan qo‘shiqlarini to‘ybop qilib kuylashmasa yaxshi bo‘lardi. Chunki biz san’atga kirib kelganimizda, pul ishlash haqida o‘ylamaganmiz. Muxlislarimizga yoqish uchun harakat qilganmiz. Yosh xonandalarimiz shunday qo‘shiqlar yozishsinki, ham to‘yda, ham uyda eshitishsin. Yo‘nalishni faqat to‘yga qaratib qo‘yishmasin. “Bugun qo‘shiq yaratib, yertaga to‘yga chiqib ijro etib pul ishlay” degan fikr xato. Xamma ham har kuni to‘yga bormaydi. Umuman olganda xonandalarning daromadi to‘ydan. Lekin bor yo‘nalishni to‘yga qaratish noto‘g‘ri. Bilasizmi, vaqti kelib xalqni o‘zi qo‘shiqlarni tanlab oladi. Shunday ekan, har xil yo‘nalishdagi qo‘shiqlar ustida ishlashsin, izlanishsin.
Qalbingizdagi so‘zlar va kutilayotgan rejalaringiz
Aytmoqchi bo‘lganlarim shundan iboratki, mana 25 yil mobaynida xalqim bilanman. Ozmi-ko‘pmi o‘zimni muxlisim bor. Bundan judayam xursandman. Yildan yilga mana o‘ylagan niyatlarimiz sekin astalik bilan amalga oshib kelmoqda. Xudo xoxlasa 25 yillik to‘yimizni o‘tkazishni reja qilganmiz. Agar ulgursak, shu yilning oxirida, bo‘lmasa bahor oyida yakkaxon konsert dasturimizni taqdim etamiz. Avvalo yurtimiz tinch bo‘lsin. Muxlislarim sog‘ bo‘lishsin. Sizlarga ham katta rahmat aytib, ijodiy muvofaqqiyatlar tilab qolaman.
Samimiy suhbat uchun tashakkur, yaxshi tilaklaringiz o‘zingizga ham hamroh bo‘lsin!