Qozog'istondagi suv toshqini O'zbekistonga xavf solishi mumkinmi ?
O'zbekiston tomoni Qozog'iston hududidagi suv omborlarida to'plangan ortiqcha suvlarni qabul qilishga tayyor. Bu haqda Qozog'iston bosh vaziri o'rinbosari Asqar Mirzaxmetovga asoslangan holda Today.kz xabar bergan.
«Biz "Kazgidromet" ma`lumotlariga egamiz. Ikki milliard kubometrga yaqin suv to'plangan. Shardarada yana 500 million kubometr suv yig'ilishi mumkin. Hozircha jiddiy xavf yo'q, agar xavf tug'ilsa ham biz O'zbekiston tomoni bilan kelishib olganmiz, ortiqcha suvning bir qismini ularning hududiga yuborishimiz mumkin», – degan Mirzaxmetov.
16 aprel kuni Sharik daryosiga quyiladigan Jyembarak daryosida suv ko'payishi natijasida Ruzayevka qishlog'ida suv sathining favqulodda tez ko'tarilishi holati kuzatilgan. Oqibatda 185ta uyni suv bosgan. Zudlik bilan evakuatsiya ishlari amalga oshirilgan.
15 aprel kuni esa Qozog'istonning Aqmola viloyati Otbosar shahrida favqulodda holat yuzaga kelishi xavfi paydo bo'lgan — shahar oldidan oqib o'tuvchi Jabay daryosi to'g'onni yuvib keta boshlagandi. Vaziyat og'irlashgach, hududga qo'shimcha kuchlar yo'naltirilgan.
Qozog'iston Bosh vaziri Bakitjan Sagintayev favqulodda kengash davomida hukumat a`zolariga tabiiy ofatlarga oldindan tayyorgarlik ko'rish topshirig'ini bergan. Vazirlar Mahkamasi rahbari mamlakatda ro'y bergan hodisa — hukumat tomonidan yo'l qo'yilgan xato natijasi ekanini ta`kidlagan.
So'nggi xabarlarga ko'ra, suv toshqini 3 kun ichida Ostonagacha yetib kelishi mumkin.