Xitoy mezbonligida o‘tayotgan 23 yoshgacha futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo Chempionatida yarim finalning ikkinchi ishtirokchisi nomi aniq bo‘ldi.
Bu yo‘lda Falastinga qarshi saf tortgan qatarlik futbolchilar 3:2 hisobida zafar quchib, g‘alabali seriyasini davom ettirdi. Chempionlik uchun da’vogarlardan biri sifatida e’tirof etilayotgan Qatar guruh bosqichidagi ketma-ket 3 ta turda ham raqiblaridan ustun kelgandi.
Falastin bilan o‘yinda jamoaning to‘purar hujumchisi Almuaz Ali dublga erishdi. U Xitoy darvozasiga 2 ta gol urgan, O‘zbekistonga qarshi bellashuvda esa g‘alaba to‘pini kiritishga muvaffaq bo‘lgandi. Shu tariqa Almuaz Ali 5 ta gol bilan Osiyo Chempionatida yaqqol to‘purar bo‘lib turibdi.
Bugun chorak finalning yana 2 ta o‘yini bo‘lib o‘tadi. Toshkent vaqti bilan 13:00 da Janubiy Koreya va Malayziya termalari maydonga chiqib keladi. Mazkur bellashuv g‘olibi yarim finalda O‘zbekiston termasiga raqib bo‘ladi. 16:30 da esa Iroq va Vyetnam termalari Qatarga raqib bo‘lish uchun kurash olib boradi.
Osiyo Chempionati U23
Chorak final
19-yanvar, juma
Qatar — Falastin 3:2
Gollar: Almuaz Ali, 32 (1:0). Almuaz Ali, 34 (2:0). Hoshim Ali, 53 (3:0). Oday Dabbah, 60 (3:1). Muhammad Darvish, 87 (3:2).